Линклар

Amnesty International xalqaro tashkiloti O‘zbekistonda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat so‘nggi bir yil davomida yomonlashganini xulosa qildi. Tashkilot e’lon qilgan navbatdagi hisobotda O‘zbekistonda qiynoq qo‘llash va noinsoniy munosabatda bo‘lish holatlari hamon keng tarqalgani aytiladi.

Hisobotning O‘zbekistonga doir qismi: “hokimiyat vakillari o‘zgacha fikrlovchilar va xavfsizlik sohasidagi real va ehtimoliy tahdidlarga qarshi kurashish uchun qiynoq qo‘llashdi va noinsoniy munosabatda bo‘lishdi”, degan xulosadan boshlanadi.

Hisobotda yana aytilishicha, “sudlar qaror chiqarishda ko‘pincha qiynoq, bosim va yolg‘on vositasida olingan ko‘rsatmalardan foydalanadi. Davlatga qarshi va terrorchilikda ayblanib, sudlanganlarning qamoq jazosi istagancha uzaytiradi”.

Amnesty International o‘z xulosalarini ko‘plab guvohlar bilan o‘tkazilgan suhbatlarga asoslagan.

“Hibsda o‘tirib chiqqanlardan biri MXX tergov izolyatorida, hamda hojatxona, dushxona, karser va qiynoqlar uchun devorlariga maxsus yelim qoplangan xonalarda erkak va ayollarning xodimlar va mahbuslar tarafidan qiynoqqa solinayotgani haqida gapirib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, MXX xodimlari hibsga olinganlarni batareyalarga kishanlab qo‘yib, suyaklarini beysbol to‘qmoqlari bilan urib sindirishgan”, deyiladi hisobotda.

Hujjatda shuningdek, 2015 yil martida prezident saylovi o‘tkazilgani va unda Islom Karimov “hech qanday siyosiy raqobatsiz” ketma-ketiga to‘rtinchi muddatga saylangani qayd etiladi.

Amnesty International mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat og‘irlashayotgani masalasiga ham to‘xtalib, jahon bozorida xom ashyo narxining tushishi ortidan O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishi ham sustlashganini yozadi. “O‘zbekistonlik mehnat muhojirlaridan kelayotgan pul jo‘natmalari 45 foizdan ortiqroqqa kamayib ketgani” iqtisodiy vaziyatning yanada og‘irlashishiga hissa qo‘shayotgani qayd etiladi hisobotda.

Tashkilot tadqiqotchilari kuzatuvlariga ko‘ra, “Islomiy davlat” ekstremist guruhidan kelayotgan tahdid bois ehtimoliy ekstremistlar, ayniqsa vataniga qaytayotgan mehnat muhojirlariga nisbatan davlat repressiyalari kuchaygan. Rossiya va boshqa mamlakatlardan qaytayotgan muhojirlar O‘zbekiston hokimiyati tomonidan Suriyada “Islomiy davlat” safida jang qilganlikda gumonlanadi, deya yoziladi hisobotda.

XS
SM
MD
LG