Линклар

logo-print

27 fevral kuni AQShdagi Johnson Museum va Stratford Hall hamkorligida 1931 yilda Stalin taklifi bilan paxtachilikni rivojlantirish uchun O‘zbekistonga kelgan 16 amerikalik agronomdan biri taqdiriga bag‘ishlangan hujjatli filьm taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan Ozodlik suhbatlashgan mutaxassislar¸ o‘zbek paxtachiligiga yangi nav va yangi texnologiyalarni o‘z davrida aynan shu amerikaliklar olib kelganini aytishdi.

Virjiniyadagi muzeyda taqdim etiladigan hujjatli film 1931 yili 16 nafar amerikalik paxtachi agronom safida SSSR¸ uning 15 respublikasidan biri bo‘lgan O‘zbekistonga kelgan Jozef Roan (Joseph Roane) hayotiga bag‘ishlanadi.

Amerikadagi Kreml deb atalgan kichik shahardan Kreml taklifi bilan O‘zbekistonga kelganini hikoya qiluvchi filьm “Kremldan Kremlga” deb ataladi.

Qullikdan qutulgach¸ badavlat paxtakor fermerga aylangan qora tanli oilaning AQShdagi nufuzli universitetlarni agronomlik bo‘yicha tugatgan o‘g‘li Jozef Roan 1931 yilda amerikalik paxtachi-selektsioner Oliver Golden rahbarligida O‘zbekistonga kelgan 16 nafar qora tanli amerikalik agronomlardan biri.

Bu guruhni SSSRga taklif qilgan Stalin amerikalik mutaxassislar oldiga O‘zbekistonda kech kuzga qolmay hosil berib bo‘ladigan navlar yaratish va hosildorlikni bir necha baravarga ko‘tarish vazifasini qo‘ygan.

“Yaqindagina uylangan Jozef Amerikada buyuk depressiya hukm surayotgan bir paytda Stalinning rasizmdan xoli bir muhitda oyiga 600 dollarlik maosh olib¸ o‘zi sevgan ish bilan shug‘ullanish taklifini jon deb qabul qiladi. 1931 yil oktyabrida xotini Sadi bilan Yangiyo‘ldagi kichik qishloqning tomsuvoq uyiga ko‘chib borib yashay boshlaydi. Uch yil ichida o‘zbek va amerika paxta navlarini chatishtirib¸ hosil berish vaqti 25 foizga qisqargan yangi tezpishar navni yaaratadi”¸ deydi hujjatli film mualliflaridan biri AQSh matbuotiga.

O‘zbekistonlik biolog olim¸ akademik Bekjon Toshmuhammedov mamlakatga 30-yillarda 16 nafar qora tanli agronom kelganini yaxshi bilishi¸ o‘zi ana shu guruh rahbari Oliver Goldenning qizi Lili Golden bilan birga katta bo‘lganini aytadi:

- O‘zbekistonga kelganlar orasida Golden degan qora tanli agronom ham bor edi. Golden o‘zbeklarni zamonaviy paxtachilikka o‘rgatgan agronom edi. U odam shu yerda yashab¸ Toshkentda vafot etgan¸ Botkin kommunistlar qabristoniga davn etilgan. Qizi Leyani yaxshi bilaman. Toshkentda katta bo‘ldi¸ keyin MGUning tarix fakultetiga o‘qishga kirib¸ Moskvada qolib ketdi. Otasining qabrini qidirib uch-to‘rt marta Toshkentga kelib yurdi. Lekin bizda rus qabristonlarida har xil bemaza ishlar bo‘lgan va Goldenning qabri buzilib¸ joyi sotib yuborilgan. Lea na qabrni¸ na qabr toshini topolmadi. Goldenning nevarasi Rossiyada mashhur jurnalist (Elena Xanga)¸ deydi biolog akademik.

Oliver Golden Stalin qatag‘onlari kul’minatsiyaga etgan 1937 yilda tasodif bilan NKVD qamog‘idan qutulib qoladi¸ ammo ko‘p o‘tmay 1940 yilda yurak xurujidan o‘ladi.

Joriy hafta ko‘rsatiladigan film qahramoni Jozef Roan esa¸ Stalin qatag‘onlari chet elliklarni ham chetlab o‘tmasligi aniq bo‘lgach¸ Amerikaga qaytadi va hayotining so‘nggiga qadar paxtachilik¸ xususan¸ seleksionerlik bilan shug‘ullanadi.

Akademik Bekjon Toshmuhammedovga ko‘ra¸ garchi o‘zbeklar ruslar bosqiniga qadar ham paxta ekish bilan shug‘ullangan bo‘lsa-da¸ aynan afro-amerikalik agronomlar O‘zbekistonga zamonaviy paxtachilikni olib kirgan:

- Bu agronomlar Amerikadan chiqqan yangi paxta sortlarini olib kelishgan va shu sortlarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirishgan. O‘zbeklar ulargacha ham paxtachilikni yaxshi bilishardi¸ lekin bu yangi navlar paxtachilikda katta o‘zgarish qilgan. Bilishimcha¸ hozirgacha ham amerikaliklar yaratgan sortlar ishlatiladi. Ular yangi navlar bilan birgan paxtachilikka Amerikaning yangi texnologiyalarini ham olib kirishgan¸ deydi akademik Ozodlik bilan suhbatda.

XS
SM
MD
LG