Линклар

logo-print

O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tuzilmasi o‘zgartirilib, endilikda bu idora Mehnat vazirligi deb atalib, faqat aholini ish bilan ta’minlash, bandlik, mehnat muhofazasi bilan shug‘ullanadigan bo‘ldi. O‘zbekiston prezidentining 22 fevral kungi qarori bilan ijtimoiy muhofaza masalalari Mehnat vazirligi zimmasidan olinib, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga, ijtimoiy nafaqalar berish vazifasi esa O‘zbekiston Moliya vazirligiga yuklandi.

Nafaqaxo‘rlarga nafaqa miqdorini belgilash va ularni to‘lash vazifasi O‘zbekiston Moliya vazirligi qoshidagi Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazildi.

Endilikda O‘zbekiston Mehnat vazirligi deb ataluvchi idora matbuot hizmati boshlig‘i Sardor Abdiqunduzov Ozodlik bilan suhbatda bunday strukturaviy o‘zgarishlar vazirlikka ishsizlik va bandlik muammolari bilan ko‘proq shug‘ullanish imkonini berishini aytdi.

- Shu paytgacha vazirligimiz ijtimoiy muhofaza bilan ham shug‘ullangan. Ijtimoiy nafaqalar ham bizning vazirlik zimmasida edi. Endi ijtimoiy sohaga oid hamma masalalar Sog‘liqni saqlash vazirligiga o‘tadi, mehnat qonunchiligiga oid masalalar mehnat vazirligida qoladi. Nafaqa masalalari bilan Moliya vazirligi shug‘ullanadi. Bir hafta ichida bu bilan bog‘liq chora-tabirlar ishlab chiqiladi,- dedi Abdiqunduzov.

Endilikda pensiya, ijtimoiy nafaqalar va boshqa to‘lovlarni belgilash vazifalarini O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi qoshidagi Pensiya jamg‘armasining tegishli hududiy bo‘linmalari amalga oshiradigan bo‘ldi.

O‘zbekiston Moliya vazirligi matbuot xizmati mulozimi mazkur o‘zgarishlarning nafaqa berish tizimiga qanday ta’siri haqida hozircha izoh berolmasligini bildirdi.

- Hozircha bu haqda hech narsa aytolmaymiz. Hali endi chiqdida bu farmon. Hozir aniq qanday o‘zgarishlar bo‘lishini bilmaymiz,- dedi Moliya vazirligi matbuot xizmati mulozimi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatidagilar esa O‘zbekiston prezidenti qaroridan mutlaqo xabarsiz ekanliklarini aytishdi.

O‘zbekistonda pensiyalarning kechikishi, ishsizlik, mehnat qonunchiligining buzilishi bilan bog‘liq muammolar yillardan beri davom etib keladi.

Hukumat ana shu muammolarni yechish, nafaqaxo‘rlarga pensiyalarining vaqtida berilishini ta’minlash, ijtimoiy muxofazani takomillashtirish, bandlik muammolarini hal etish maqsadida bu o‘zgarishlarga qo‘l urganini aytmoqda.

Lekin, tahlilchilar vazirliklardagi strukturaviy o‘zgarishlar yo‘li bilan bu muammoni hal etib bo‘lmasligini aytishadi.

O‘zbekistonlik taniqli jurnalist Sharof Ubaydullaev vazifalarning vazirliklar o‘rtasida qayta-qayta taqsimlanishi aslida tashvishlanarli xol ekanini ta’kidlaydi.

- Oq vazirlik shug‘ullanadimi, qora vazirlik shug‘ullanadimi pensiya vaqtida berilishi kerak. Qaysi tashkilot bu masala bilan shug‘ullanishi, qaysi vazirlikka birkitib qo‘yishi bosh masala emas. Endi poytaxtda pensiya ta’minoti abgor ahvolda ekan uni u yoki bu vazirliklarga futbol qilib, hal etib bo‘lmaydi. Buni muhokama qilish kerak. Xalq nazoratini ro‘yobga chiqarish kerak. Toki hukumat xalq tomonidan nazorat qilinmas ekan bunday hukumat birinchi navbatda g‘irromlar, o‘g‘rilar va oligarxlar tarafida bo‘ladi. Afsuski, biz bugun buni to‘la guvohi bo‘lib turibmiz,- deydi Sharof Ubaydullaev.

O‘zbekiston Mehnat vazirligi rasmiylari o‘tgan haftada mamlakatda ishchilarga oyliklarning kechiktirilishi mehnat qonunchiligining eng keng tarqalgan buzilishi bo‘lib qolayotgani, shuningdek ish beruvchining mehnat shartnomasini noqonuniy ravishda to‘xtatishi va e’lon qilingan bo‘sh o‘rinlarga ishga qabul qilmaslik hollari ko‘p uchraydigan muammo ekanini tan olib chiqqandi.

Vazirlik o‘tgan yili mehnat qonunlari buzilishi bilan bog‘liq to‘rt mingta shikoyat tushgani va qonun buzilishlari bo‘yicha ish beruvchilarga 1,5 milliard so‘m miqdorida jarima solinganini bildirgandi.

O‘zbekiston hukumati har yili 1 milliondan ortiq ish o‘rini yaratilishi va oylik maosh va nafaqalarning muntazam oshirib borilishini ta’kidlab keladi.

Kuzatuvchilar bu raqam reallikdan ancha yiroq ekani, millionlab o‘zbekistonlik mehnat muhojiralari Rossiya va Qozog‘istonda mehnat qilishini aytishadi.

XS
SM
MD
LG