Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:58

Moskva viloyatida o‘zbek ishchilari pudratchilar orasida sarsonlikda qoldi


Moskva viloyatining Klimovsk shahrida 4 oydan buyon maosh ololmayotgan bir guruh o‘zbekistonlik quruvchi ayanchli ahvolda qoldi. Sanoqsiz o‘rtakash pudratchilar orasida sarson bo‘layotganini Ozodlikka gapirib bergan muhojirlar pulsiz nolegal holatga tushgani, hatto yeyish-ichishga puli yo‘qligidan shikoyat qildi.

Rossiyaning Moskva viloyati Klimovsk shahrida qurilishda 4 oy mehnat qilgan o‘zbek muhojirlari o‘z haqlarini ololmayotganidan arz qildi.

O‘zbek ishchilari brigadasining Nuriddin ismli rahbari 28 nafar o‘zbekistonlik quruvchi “Akkord-Post” shirkatiga yangi ofis qurish ishlarida qatnashganini aytadi:

- Bu pochta firmasiga tegishli binoning ichki qismini remont qildik. Faqat o‘zbek bollar ishladi – shpatlyovka, shtukaturka, plitka qo‘ydik. Hozir 11 kishi pul kutib yotibmiz, jami 28 kishiga pul berishi kerak. Boshida 15 kunda pul beramiz, oy oxirida hisob-kitob qilamiz deyishgan edi. Noyabr oyidan buyon 4 oy ishladik. Hozir ham shu boshliqlardan biriga tegishli kvartirada turibmiz. Bizlarni ishga Xasan degan turk inson yollagan, uni asli toshkentlik Akram degan yigit yollagan, ularni Sergey Yevgenyevich degan rus odam yollagan, ular orasida Maksim degani ham bor. Xullas, unisi bunisiga, bunisi unisiga tashlab turibdi. Ular orasida bitta Eduard degan osetiyalik yigit bor – yeyishga pulimiz yo‘q edi o‘rtog‘idan 3 ming rubl yetkazib berdi, och qolmasin deb. Hozir magazindan keldim,- deydi asli buxorolik Nuriddin.

Asosan buxorolik va qoraqalpog‘istonlik ekani aytilgan muhojirlar maoshini vaqtida ololmagani uchun oylik patent to‘lovini to‘lay olmagani va allaqachon nolegal holatga tushgani aniqlandi.

Nuriddin ish beruvchi vaqtincha yashab turgan yotoqdan ularni bir tiyinsiz ko‘chaga haydab chiqarayotganini ham aytadi.

- Hozir bitta yigitimizni qarzga chegaraga yubordik, ishonasizmi? Biz nelegal holatdamiz. Bu yerdagilar hammasi pulni olib qaytib ketish niyatida. Jonga tegib bo‘ldi! Ishlab yurib, pul kutamiz. Menga 40 ming, boshqalarga 100 mingdan berishi kerak. Bizni hech kim quloq solmayapti bu yerda: chechen bollarni olib kelib ham ko‘rdik. Politsiyaga borsak, o‘zimizdan hujjat so‘raydi, FMSga borsak “Hujjat qani?”, deydi. Boshqa joyga borsak “Dogovor qog‘oz qani?” deydi. Ikkita bola qaysidir metro yonidagi sudga ham ariza tashlab kelibdi, hatto o‘sha ham yordam bermadi,- deydi Nuriddin.

Suhbatdosh Hasan ismli pudratchiga bajarilgan ishning haqini “AlyansEnergoStroy” kompaniyasi berishi kerakligini ma’lum qildi.

Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek yigitlarini ishga yollagan Hasan muammoning hammasi bosh pudratchi va buyurtmachi o‘rtasida kelib chiqqan tushunmovchilikda, deya vaziyatni izohlagan bo‘ldi:

- Ular bizga taxminan 2- 2,5 million rubl shartnoma asosida berishlari kerak. Bizni ishga yollagan firma buyurtmachi tashkilot bilan kelisha olmadi. Endi shu pullarni undirishda qoldi masala, vaholanki biz ofisni to‘liq ta’mirdan chiqardik. Ular masalani sud orqali emas, allaqanday tanish-bilish orqali undirib olmoqchi ekan. Shu orada qurilishda ishlagan yigitlarimiz juda og‘ir ahvolda qoldi. Avvaliga ishimizni juda maqtashdi, keyin esa pulni mart oyida beramizga o‘tishdi,- deydi brigadir Hasan.

Hasanning so‘zlariga ko‘ra, bosh pudratchi bo‘lgan “AlyansEnergoStroy” bajarilgan ish uchun hozircha pul ololmayapti. U o‘zbekistonlik ishchilarga yana bir oz vaqt kutib turish kerak, deb aytganini bildirdi.

Ozodlik “Akkord-Post” kompaniyasi rahbariyati nomiga vaziyat yuzasidan yuborgan so‘rovnomaga javob oldi. Shirkatning o‘zini Aleksandr Valeryevich deb vakili yangi ofisni ta’mirlash ishlari bo‘yicha buyurtmasi “AlyansEnergoStroy” tomonidan qoniqarli bajarilmaganini ma’lum qildi. Xodim, shunga qaramasdan, o‘tgan bir necha oylik mehnat haqi shirkat hisobiga o‘tkazilganini qo‘shimcha qildi.

U o‘zbek ishchilarining barcha e’tirozlar bilan “AlyansEnergoStroy” rahbariyatiga “qonunda belgilangan tartibda” murojaat qilishi zarurligini ta’kidladi.

“AlyansEnergoStroy” shirkati rahbariyati hozircha bu masala yuzasidan biror izoh berilmasligini ma’lum qildi.

Ozodlik ish haqini ololmayotgan o‘zbek quruvchilari bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib boradi.

XS
SM
MD
LG