Линклар

logo-print

"O‘zbektelekom" davlat shirkati provayderlar uchun xizmat narxini yana pasaytirdi. Yil boshiga nisbatan 1 Mbit/s Internet narxi 21,20 dollarga arzonladi. Bu keyingi bir yil mobaynida provayderlar uchun narxning yigirmanchi marta arzonlashidir. Lekin oddiy foydalanuvchilar uchun narxlar qimmatligicha qolmoqda, Internet sifatida ham yaxshilanish kuzatilgani yo‘q.

Bir yilda 20 marta arzonlagan tarif

“O‘zbektelekom” shirkati 17 fevraldan boshlab O‘zbekistondagi provayderlar uchun tashqi kanal Internet-xizmatlari tariflarini 1 Mbit/s uchun 136,34 dollargacha pasaytirdi. Bu haqda shirkat o‘z rasmiy sayti orqali ma’lum qildi.

Shu bilan “O‘zbektelekom” provayderlar uchun narxlarni yil boshidan beri uchinchi marta kamaytirdi.

Yil boshida internet-xizmatlari tariflari 1 Mbit/s uchun 157,60 dollar bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib, 21,20 dollarga arzonladi.

So‘nggi bir yil mobaynida esa shirkat mamlakatdagi davlatga qarashli va xususiy provayderlar uchun tariflarni jami yigirma marta arzonlatdi.

O‘tgan yilning boshiga nisbatan provayderlar uchun tariflar 115 dollarga pasaytirildi.

“O‘zbektelekom” saytidagi raqamlarni hisob-kitobini qilsak, so‘nggi besh yil davomida Internet xizmatlar tariflari jami 668 dollarga arzonlagan. 2011 yilning boshida 1 Mbit/s uchun Internet tarifi 804 dollarga teng bo‘lgan.

Tarif oddiy foydlanuvchi uchun arzonlamaydi

Lekin har yili muntazam tarzda provayderlar uchun narxlar arzonlayotganiga qaramasdan, Internet foydalanuvchilari uchun narxlarda pasayish mutlaqo kuzatilmayapti.

O‘zbekistonda Internet narxi qo‘shni davlatlarga nisbatan ancha yuqori darajada qolmoqda. Masalan, O‘zbekistonda oddiy foydalanuvchi 3 Mbit/s Internetni 30 dollarga xarid qilsa, qo‘shni Qirg‘izistonda shuncha tezlikdagi Internet-paketni 15 dollarga sotib olish mumkin.

“O‘zbektelekom”ning o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, shirkat faqat provayderlar uchun tariflarni tushirgan, lekin oddiy foydalanuvchilar uchun narxni tushirishni provayderlar hal qilishi lozim:

- "O‘zbektelekom" har bir Internet xizmatini beruvchi provayderlar uchun Internet xizmatini arzonlashtirdi. Bu ular uchun.

Ozodlik: Oddiy foydlanuvchi uchun nima foyda bundan?

- Bu faqat provayderlar uchun bo‘lgan narsa.

Ozodlik: Demak, oddiy foydlanuvchiga bundan hech qanday foyda yo‘q?

- Endi provayderlar o‘zi xohlasa, balki bo‘lishi mumkin. Agar provayderning rasxodi kamroq bo‘lsa, ular foydlanuvchilar uchun ham narxni arzonlashtirishi mumkin. Lekin bunisi biz anig‘ini ayta olmaymiz,- dedi "O‘zbektelekom" shirkati xodimi.

Mamlakatdagi eng yetakchi provayderlardan biri hisoblanadigan “Sarkor telekom” kompaniyasiga qo‘ng‘iroq qilib, foydalanuvchilar uchun tariflar borasida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinmi, deya so‘radik.

Kompaniya mas’ullari yaqin orada narxlarning tushirilish rejasi yo‘qligini ta’kidlashdi.

O‘zbekiston - "Internet dushmani"

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda internet foydalanuvchilar soni ayni damda 10 milliondan oshgan, 20 million kishi mobil aloqaga ega.

UZINFOCOM markazining bildirishicha, O‘zbekistonning UZ milliy zonasida ro‘yxatdan o‘tgan domenlar soni bugungi kunda 25 mingdan oshgan.

Lekin O‘zbekistonda Internet, ayniqsa UZ milliy domenida ro‘yxatdan o‘tgan resurslar qattiq nazorat ostiga olingani aytiladi.

Ko‘plab veb-saytlar, jumladan, Ozodlik saytiga mamlakat ichkarisida to‘siq qo‘yilgan. Internetdagi Skype va shu kabi so‘zlashuv saytlari bir necha oydan beri ishlamayapti.

O‘zbekiston har yili "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining "Internet dushmanlari" bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatida tilga olinadi.

Karimov: Internetni to‘xtatishga kim urinsa¸ bu axmoqona ish

Lekin to‘siqlar va Internet tezligining pastligiga qaramay o‘zbekistonliklarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi oshib borayapti.

Bu esa mamlakat prezidentini tashvishga solgan ko‘rinadi.

Prezident Islom Karimov yaqinda o‘tgan yig‘ilishlardan birida Internetni cheklab bo‘lmasligini ta’kidlab, ijtimoiy tarmoqlar yoshlar uchun “balo” ekanligini gapirdi:

“Mana Internet deganni¸ albatta¸ foyda tomoni juda ko‘p. Internetni to‘xtatishga kim urinsa bu axmoqona. Unga chegara qo‘yish mumkin emas. Lekin ba’zi tomonlari shunda ichadiki, anavu ijtimoiy tarmoqda tarqaladigan tvitter bo‘ladimi, boshqasi bo‘ladimi, hammasini inobatga oladigan bo‘lsak agar, bu shunday balo bo‘layaptiki, buni to‘xtatib bo‘lmas ekan. Faqat bolaning o‘zi qorani oqdan ajratishga qurbi etishi kerak. Boshqa yo‘li yo‘q, hech qanday Internetni to‘xtatib bo‘lmaydi”, deydi Islom Karimov.

XS
SM
MD
LG