Линклар

logo-print

Dushanbelik 34 yashar Zarina Sardorova Suriyadagi urushda qatnashish va yoshlarni jihodga targ‘ib qilganlikda ayblandi va tojik mahkamasi tomonidan 13 yillik qamoqqa hukm etildi.

24 fevral kuni Dushanbe shahar Ismoil Somoniy rayon sudining 34 yashar Zarina Sardorova ustidan chiqargan hukmida mahkumaning jazoni umumiy rejimdagi turmada o‘tashi aytildi.

Mahkama xulosasida aytilishicha¸ ikki bolaning onasi bo‘lgan Zarina 2015 yil boshida Turkiyaning G‘oziantep shaharchasidan Suriya hududiga o‘tgan. Suriyadagi jihodchilar istehkomlari keng ko‘lamli hujumlarga nishon bo‘lganidan so‘ng Zarina yonida 600 dollar pul bilan yana Turkiyaga o‘tgan va tanishlari yordamida Dushanbega qaytgan.

Hakamga ko‘ra¸ Zarina Sardorova 2015 yil oktyabrida Dushanbe xalqaro aeroportida qo‘lga olingan va unga nisbatan darhol Jinoyat Kodeksining ikki moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashishdan bosh tortayotgan Zarinaning yaqinlari¸ 24 fevral kuni chiqarilgan hukm ustidan yuqori instansiya sudiga shikoyat qilish istagini bildirmagan. Ayni paytda¸ hakam¸ ularda shunday huquqlari borligini eslatib o‘tgan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi mahkamadan avval Zarinaning eri Rustam Rahmonov xotinimni Turkiyada davolataman¸ degan iddao bilan bankdan 3000 dollar qarz olgani¸ qarz olingan paytda Zarinaning Turkiya emas¸ allaqachon Suriyada bo‘lganini iddao qilgan edi.

Vazirlik tarqatgan bayonotda Zarina Sardorova shuningdek ko‘p erlilikda ham ayblangan. Aytilishicha¸ ayol Dushanbeda bir paytning o‘zida ikkita erkak bilan yashagan¸ Suriyaga borgach esa¸ uchinchi erkakka erga tekkan.

Tojik telekanallarida o‘qib eshittirilgan Ichki ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha¸ Zarinaning ikkinchi eri faoliyati taqiqlangan Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining Ismoil Somoniy rayoni bo‘yicha rahbari bo‘lgan.

Tojik rasmiylariga ko‘ra¸ hozirda 1000 dan oshiq tojikistonlik Suriya va Iroqdagi jihodda jang qilmoqda.

O‘tgan oy hukumat majlisida shu mavzuda gapirgan prezident Imomali Rahmon Suriya va Iroqda Tojikistondan ketgan 146 oila yashayotgani¸ mamlakat oliy o‘quv yurtlari talabalaridan 21 nafari ham “Islomiy davlat” terror guruhi safiga qo‘shilganini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG