Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:50

O‘zbekiston Tojikiston temir yo‘llariga qaramlikdan qutuldi


“O‘zbekiston temir yo‘llari” Angren-Pop elektrlashgan temir yo‘li qurilishini yakunlagani haqida xabar berdi. Ikki yil davomida qurilgan 123 kilometrli mazkur yo‘l O‘zbekistonichkarisidagi temir yo‘l tashuvlarini qo‘shnilarga qaram bo‘lmagan holda amalga oshirish imkonini beradi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” tomonidan barpo etilgan Angren-Pop elektrlashgan temir yo‘lining uzunligi 123 kilometrdan ko‘proq bo‘lib, uning 19 kilometrini tog‘ orasida qurilgan tunnel tashkil etadi. Mazkur yo‘l qurilishi ortidan O‘zbekiston Farg‘ona vodiysidan mamlakatning boshqa viloyatlariga yuk tashishda Tojikistondan bo‘lgan qaramlikdan to‘la qutildi.

Avvallari o‘zbek temir yo‘lchilari sharqiy viloyatlarga o‘tish uchun Tojikistonning So‘g‘d viloyatidagi temir yo‘llardan tranzit sifatida foydalanishga majbur edi. Ayrim siyosatshunoslar Tojikiston bundan o‘z siyosiy maqsadlariga erishish uchun O‘zbekistonga bosim ko‘rsatish vositasi sifatida foydalanib kelgan, deb hisoblar edi.

Tojikiston rasmiylarining bildirishicha, O‘zbekiston yiliga Farg‘onadan 4 million tonna yukni tojik temir yo‘li orqali tranzit qilar edi. Buning uchun O‘zbekiston Tojikiston byudjetiga yiliga 28 million dollar to‘lab kelgan. O‘zbekiston Angren - Pop yo‘lini qurish jarayonida Tojikiston orqali yuk tashish hajmini ham kamaytirib borgan.

Tojik rasmiylarining bildirishicha, O‘zbekiston tranzit haqidan tashqari Dushanbega olib o‘tilayotgan yuklar uchun yana yiliga 30 million dollar miqdorida to‘lov to‘lar edi. O‘zbekiston bu to‘lovni naqd pul bilan emas, gaz, sement va yonilg‘i-moylash mahsulotlari bilan berardi.

O‘zbekiston bir necha yil avval Qamchiq dovoni orqali Farg‘ona vodiysiga eltuvchi yangi yo‘lni qurib bitkazdi. Mazkur yo‘l barpo etilganidan so‘ng O‘zbekistonning Tojikiston yo‘llariga bo‘lgan qaramligi uch barobarga kamaygan.

Ekspertlarning aytishlaricha, Angren - Pop elektrlashgan temir yo‘lining ishga tushirilishi ortidan Tojikiston byudjeti katta miqdordagi to‘lovlardan mahrum bo‘libgina qolmay, balki Xitoy -Markaziy Osiyo - Yevropa temir yo‘lini barpo etish kabi muhim mintaqaviy loyihalardan ham chetlashtirildi.

Toshkent 2013 yildayoq Tojikistonni Xitoy - Markaziy Osiyo –Eron temir yo‘li loyihadan chetlashtirilishini talab qilgan va bu talab inobatga olingan edi. Xitoy - Markaziy Osiyo –Eron temir yo‘li loyihasining umumiy qiymati 1 milliard 633 ming dollarni tashkil etadi. Bu mablag‘ning 1 milliard 100 million dollarini O‘zbekiston, qolgan qismini esa Yevrosiyo taraqqiyot jamg‘armasi beradi.

Xabarlarda aytilishicha, Angren - Pop temir yo‘li qurilishiga Xitoyning “Eniksimbank”i 350 million dollar moliyaviy yordam bergan. Angren-Pop yo‘nalishidagi qatnov 2016 yil iyun oyidan yo‘lga qo‘yilishi aytilmoqda. “O‘zbekiston temir yo‘llari” shirkatining ma’lum qilishicha, mazkur yo‘ldan yiliga 600 ming yo‘lovchi va 4 million 600 ming tonna yuk tashiladi.

XS
SM
MD
LG