Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:38

Eron teledasturi afg‘onlar g‘azabini keltirdi


Eron telekanali namoyish etgan "Yoyilish" dasturidan olingan skrinshot.
Eron telekanali namoyish etgan "Yoyilish" dasturidan olingan skrinshot.

Eron hukumat telekanalining “Yoyilish” deb ataluvchi yangi teledasturi mamlakatga kelgan afg‘onistonlik qochqinlarga qarshi nafrat uyg‘otuvchi ko‘rsatuv sifatida tanqid qilinmoqda. Dasturda AQSh biologik o‘zgartirilgan virusni tashuvchi odamni Afg‘onistondan Eronga yuborgani haqida hikoya qilinadi.

Eron fuqaroviy himoya tashkiloti avval ham biologik hamda kiber xavflar haqida ogohlantirgan. Xabarlarga ko‘ra, tashkilot 20 fevraldan efirga uzatila boshlangan dasturni tayyorlashda bevosita qatnashgan.

Ayrim afg‘onlar “Yoyilish” Eronda istiqomat qiluvchi afg‘onlarning yanada ko‘prok diskriminatsiya qilinishi va tahqirlanishiga olib kelishini aytmoqda. Faollarga ko‘ra, Eronda afg‘onistonlik muhojirlarning huquqlari shundoq ham poymol qilinib kelinadi.

Xabarlarga ko‘ra, qonuniy va noqonuniy asnoda Eronga borgan afg‘onistonlik muhojirlarning umumiy soni 3 millionga yaqindir.

Facebook foydalanuvchilaridan biri “Bu dastur jamoatchilik fikriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Odamlar muhojirlarni josus, deb o‘ylay boshlaydi”, deb yozdi.

“Men afg‘onman. Dastur direktori ayblashga boshqa odam topa olmadimikin? Sharmandalik”, deb yozdi boshqa bir foydalanuvchi.

Boshqalar esa teledastur Tehron bilan Qobul o‘rtasidagi aloqalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytishmoqda.

“Har ikki mamlakatning rasmiylari bu kabi adovatli ishlarning oldini olish uchun o‘zaro do‘stlik rishtalarini mustahkamlashlari zarur”, deb yozdi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

Xabarlarga ko‘ra, bir guruh afg‘on dasturni qoralab, Eronning qobuldagi elchixonasiga maktub yozgan.

Bi-Bi-Si ma’lumotiga ko‘ra, xatda “Eron matbuoti musulmonlar o‘rtasida adovatni kuchaytirish o‘rniga birdamlikka ko‘proq e’tibor bersa yaxshi bo‘lardi”, deb yozilgan.

Erondagi mahalliy matbuot ham dasturni tanqid qildi. Tasnim yangiliklar agentligi teledastur jamiyatda “katta tashvish” uyg‘otgani haqida yozdi. Agentlik xabarida dastur “didsizlik” bilan tayyorlangan, deyiladi.

“Xorijiy matbuot uzoq yillardan beri ikki mamlakat xalqini bir-biridan uzoqlashtirish uchun kurashib keladi. Afg‘onistondagi istilochi mamlakatlarning fitnalarini teledastur fosh qilar ekan, e’tiborsizlik va beparvolik bu hodisani yanada yoqimsiz qilib ko‘rsatmoqda”, deyiladi xabarda.

Dastur prodyuseri Fars radikal xabar agentligiga bergan qisqa intervьyusida unga yog‘dirilgan tanqidlarga e’tiroz bildirdi.

Bijan Shirmarz 23 fevral kuni bo‘lib o‘tgan suhbatda: “Tomoshabinlar shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmasligi kerak”, dedi.

Shirmarz tanqidchilar dasturning 12 epizodini ko‘rib bo‘lishgach, afg‘onlar haqorat qilinmaganini anglashlarini aytdi.

“Birodarlarimizni nega haqorat qilaylik? Ularga adovatimiz yo‘q”, dedi u.

2015 yil Eron dalat televediniesi efirga uzatgan bolalar dasturi ortidan mamlakatdagi ozarbayjonlar shou ularni haqorat qilganini aytib, namoyishga chiqqan edi. Buning ortidan telekanal uzr so‘ragan edi.

XS
SM
MD
LG