Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:51

O‘zbekiston - o‘zbekistonliklar uchun yashash qimmat davlat


GOBankingRates xalqaro agentligi talqiniga ko‘ra, O‘zbekiston yashash uchun eng arzon bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatida 69-o‘ringa qo‘yildi. Mutaxassislar 112 ta mamlakatdagi ijara haqi, oziq-ovqat va xizmatlar uchun ketadigan xarajatlar bo‘yicha aholi xarid qurbini baholashgan.

Agentlik mutaxassislari yashash sharoitini baholash uchun Nyu-Yorkdagi hayot darajasiga mezon qilib olishdi.

Arzon davlatlar reytingda Janubiy Afrika respublikasi birinchi o‘rinni egalladi. Ro‘yxatni Hindiston, Kosovo va Saudiya Arabistoni davom ettiradi. Qozog‘iston 5-o‘rinni, Rossiya 39-o‘rinni, Ukraina 24, Belarus esa 50- o‘rinni egalladi.

Yashash uchun eng qimmat mamlakatlar sifatida Bermud orollari, Bagam orollari, Hongkong, Shveysariya va Gana nomlari keltirilgan.

Tadqiqot Nyu-Yorkdagi hayot darajasiga taqqoslangani bois Toshkentda tug‘ilib ulg‘aygan va hozir Nyu-Yorkda yashab reklama agentligida ishlayotgan 41 yashar rassom Ikrombek Abdullaevdan bu shahardagi narx-navoni aytib berishni so‘radik:

- Darrov aytaman¸ men uchun arzon Toshkentdan ko‘ra¸ qimmat Nyu-Yorkda yashash afzal. Bu yer qimmat¸ metrosi ham Toshkentniki bilan solishtirganda dabdala. Lekin baribir men Nyu-Yorkni yashash uchun tanlayman. AQShda yashayotgan o‘zbeklarning aksariyati Nyu-Yorkning Bruklin va Kvins shaharchalarida yashaydi. Nyu-Yorkda ishlab¸ Nyu-Jersida yashaydigan o‘zbeklar ham bor.

Toshkentning Qashqar mahallasida ulg‘aygan Ikrombek ikki yilda bir marta O‘zbekistonga borib kelib turgani bois¸ ikki shahardagi narx-navoni solishtirish imkoniga ega:

- Albatta¸ solishtiraman Amerikada yashaydiganlar boyvachcha¸ bitib ketgan¸ pulini sanog‘ini bilmaydi¸ degan stereotipdan doimo jahlim chiqadi. Xo‘p¸ hozirgina men mol (savdo markazi)dan xaftalik xarajat qilib chiquvdim. Chekimga qarab narx aytaman. O‘zingiz solishtirib olarsiz. Zaytun yog‘i– $3.29¸ ketchup — $1.39¸ mayonez — $3.99¸ 10 dona tuxum – $1.69¸ asal 500 gr – $3.59¸ sut 2 litr $1.99¸ tvorog 425 gr — $3.29 ¸ smetana 454 gr – $2.49¸ meva suvi 2 litr - $1.99¸ bir kilo banan– $0.49¸ bir yarim kilo kartoshka — $1.00¸ bir kilo pomidor — $0.75¸ bir kilo sabzi – $0.49¸ Maxwell House kahvasi— $3.99¸ bir kilo shakar — $2.69¸ bir kilo un— $2.39¸ bir kilo guruch — $1.99¸ deydi o‘z hisob qog‘ozidan o‘qib bergan Ikrombek.

Suhbatdoshning aytishicha¸ Nyu-York savdo markazida 680 gramm tosh bosadigan qora nonning narxi ikki dollardan baland:

- Bu Bruklindagi narxlar¸ balki Nyu-Jersida sal arzonroq yoki Manhettenda qimmatroq bo‘lishi mumkin. Lekin bu juda katta farq qilmaydi. Farqi bir-ikki sent. Endi O‘zbekiston bilan solishtirsak. Masalan¸ sabzi AQShda o‘zbek so‘mida uch yarim ming turadi. O‘tgan yil yozda Toshkentga borganimda sabzi besh yuz so‘mning nari-berisi edi. Kartoshka¸ piyoz ham O‘zbekistonda arzon. Lekin o‘rislar aytgandek “ne xlebom edinim budet jit chelovek”. Buni qanday tarjima qilishni ham bilmayman. Odam faqat qorin bilan yashamaydi¸ desak mazmuni chiqsa kerak. Gapning qisqasi¸ qimmat bo‘lsa ham Nyu-Yorkning ritmi menga ma’qul. Issiq suv¸ sovuq suv doimo bor¸ chiroq o‘chmaydi. Ko‘chalar doimo tozalanadi. Eng muhimi¸ ish topa olasiz. Ishning pulini esa soatiga qarab olasiz. Pulni esa sarflaysiz. O‘zbek vatanparvari bo‘lsam ham Nyu-Yorkda yashash men uchun qulay¸ deydi Ikrombek.

Yashash uchun dunyodagi eng arzon mamlakatlar reytingida 69-o‘rinni egallagan Toshkentda istiqomat qilayotgan 21 yashar talaba yigit Otabek ham ayni kunda Farhod bozoriga tushib narxlarni o‘rgandi.

Otabekning aytishicha¸ chorshanba kuni Farhod bozorida bir kilo qo‘y go‘shti 23 mingdan sotilgan:

- Bodring va piyoz - 800¸ karam va sabzi - 600¸ uch bog‘ ko‘kat ming¸ bir dona tuxumning yirigi - 400¸ maydasi - 350. Oliy nav qozoq unining bir kilosi 3000¸ paxta yog‘ining litri 9000¸ shakar esa 3200 so‘m¸ deydi suhbatdosh.

Otabekning aytishicha¸ Farhod bozorida “Alanga” markali Xorazm guruchining bir kilosi 4000 dan so‘mdan sotilmoqda.

Xivalik Maqsudbekning aytishicha¸ shu kunlarda guruch Xorzamda ancha arzon:

- Alanga guruch 2000 so‘m¸ Xorazmcha suzma palov qilinadigan lazer guruchi 5000-6000 so‘m. Go‘sht - 18000 molniki. 20000 qo‘yniki. Unning 50 kilolik qopi - 54 000 so‘m aholiga¸ bozorda esa 65 000 atrofida. Xivada bozor hozir ancha arzon. Kartoshka - 800 so‘m¸ sabzi - 350 so‘m¸ karam - 500 so‘m¸ qizil lavlagi - 500 so‘m¸ mosh - 3000 so‘m¸ loviya - 3000 so‘m.

Xivalik Maqsudbek turistlarga xizmat ko‘rsatish sohasida ishlaydi:

-Turistlar - "Uzbekistan ray dlya gurmanov". deyishadi. Moskva va Piterdan kelgan ruslar ovqatlanib bulganidan keyin baholarni ko‘rib hayron qolishadi. Bizlar ikki kishi bo‘lib Rossiyada shunday ovqatlansak - kamida 60 dollar to‘laymiz¸ deyishadi. Ularga bir kishiga mazza qilib ovqatlanish uchun Xivada 5 dollar kifoya. Kamiga bir stakan qizil vino ham berishadi¸ degan suhbatdosh oddiy xivaliklarning xarajati qimmat emasligini ta’kidladi:

-Optovoy bozorlarida 5% dan ko‘p farq qilmaydi. Roznichniylarida fark - 15%gacha. Ayrim mahsulotlar Toshkentda arzon, ayrimlari Xorazmda. Go‘sht va guruch Toshkentda qimmatroq bo‘lsa¸ ertapishar mevalar Xorazmda qimmatroq. Kartoshka pochti bir xil¸ deydi xivalik suhbatdosh.

Toshkent viloyatida yashaydigan Dilobar opa nazarida bozor narxlari o‘zbekistonliklar cho‘ntagi uchun qimmat:

- Qimmat¸ albatta. Bir sumka pulga yarim sumka narsa olasiz. Mehmon kelganida ertapishar mevalar va chaq-chuqlarni olsangiz bir pasda kafangado bo‘lasiz. Oladigan oyligimizga taqqoslasak¸ juda qimmat. Men Oqqo‘rg‘onda yashayman. Toshkentdan sal arzon¸ ammo o‘sha arzonga ham pul yo‘q. Bolalar yeyman¸ ichaman deb turibdi. Men bir oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘la turib¸ olgan oyligimga bemalol xarajat qila olmayman¸ deydi suhbatdosh.

Savatsiz iste’mol

2015 yil O‘zbekiston respublikasi prezidenti Farmoniga muvofiq, respublikasi hududida eng kam ish haqi oyiga 130 240 so‘m¸ eng kam pensiyalar esa 254 730 so‘m qilib belgilandi.

Iste’mol savati degan tushuncha bo‘lmagan O‘zbekistonda eng kam ish haqiga kun kechirish imkonsiz ekani aytiladi.

To‘ylarni videotasvirga olish bilan shug‘ullanadigan urganchlik yigit to‘rt jondan iborat oilasini boqish uchun oyiga kamida olti yarim million so‘m zarurligini aytadi.

XS
SM
MD
LG