Линклар

O‘zbekiston bozorlarida tahorat qilinmasin deb obdastalar musodara qilinmoqda


"Tahorat kontrol" operatsiyasi Marg‘ilonning "Baraka Savdo" buyum bozorida uyushtirildi

"Tahorat kontrol" operatsiyasi Marg‘ilonning "Baraka Savdo" buyum bozorida uyushtirildi

Farg‘onaning Marg‘ilon shahridagi bozorda “tahorat” operatsiyasi o‘tkazildi. Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkorlik masalalari bilan bog‘liq vaziyatni tekshirgani Toshkentdan kelgan komissiya Marg‘ilonning "Baraka Savdo" buyum bozorida savdogar va xaridorlar tahorat qila olmasligi uchun bozor hududidagi hojatxonalardan obdasta va boshqa idishlar, hamda hojatxona tashqarisidagi kursilarni musodara qilgan. Ozodlik manbalariga ko‘ra, Toshkentlik komissiya shu kunlarda Farg‘onada o‘tkazilayotgan biznes forum ishtirokchilaridan iborat bo‘lgan. Konservativ hisoblangan Marg‘ilon shahrida dindorlarga nisbatan tazyiqlar tez-iez uchraydi.

"Davlat ketimizga burnini suqishi uyat emasmi?!"

Marg‘ilon shahrining sobiq ipak kombinati hududida joylashgan “Baraka Savdo” buyum bozori hududiga o‘tgan hafta kutilmaganda komissiya bostirib kelgani haqida bu bozorda savdo qiladigan tadbirkorlardan biri Ozodlikka xabar qildi. Shaxsi sir qolishini istagan savdogarning aytishicha, komissiya vakillari avval tadbirkorlarning hujjatlarini tekshirgan, ularning sharoiti bilan qiziqqan. Keyin esa, bozor hududidagi hojatxonalarni tekshirib, u yerda tahorat uchun sharoit yaratib berilganiga e’tiroz bildira boshlagan.

“Komissiya hojatxonalarni ham bosdi. Tahorat qilish uchun mo‘ljallangan kursichalar, obdasta va choynaklarni musodara qilishdi. Tahorat olish taqiqlab qo‘yildi. Bozor ma’muriyati hozir juda qattiq olyapti, yashirin tahorat qilgani ham ruxsat yo‘q. Bir haftadan beri hojatdan keyin ketimizni yuvolmaymiz. Davlat endi ketimizni yuvishimizga ham burnini suqsa, uyat emasmi”, deydi marg‘ilonlik savdogar.

Ozodlikka gapirgan savdogarning aytishicha, bu yerdan tahorat qilish uchun o‘rnatilgan kursilar olib ketilgan

Ozodlikka gapirgan savdogarning aytishicha, bu yerdan tahorat qilish uchun o‘rnatilgan kursilar olib ketilgan

Uning yana aytishicha, “tahorat kontrol” operatsiyasi mahalliy militsiya xodimlari yordamida amlga oshirilgan. Hojatxona ichkarisidagi obdasta va tashqarisidagi kursichalarni militsiya xodimlari ko‘tarib olib chiqib ketdi, deydi u.

Shuningdek, tekshiruv guruhi bozor hududida kelgusida tahorat qilinishi ehtimolini yanada kamaytirish uchun bozor ma’muriyati tarafidan hojatxonaga o‘rnatilgan suv istish uskunalarini olib tashlashni buyurgan.

“Tahoratxonaga issiq suv uchun qo‘yilgan aristonlarni (Ariston firmasiga doir uskuna-tahr.) ham olib tashla debdi. Senlar o‘zlaring nomoz o‘qish uchun sharoit yaratib beryabsan, deb rosa koyishdi bozorqo‘mni. Axir faqat nomozxon tahorat qilmaydiku, hojatdan keyin u yoq bu yog‘ingizni yuvib olish oddiy gigienaku”, deydi savdogar.

"Bozorimizda tahoratxona yo‘q"

Baraka Savdo” buyum bozori ma’muriyati vakili o‘tgan hafta savdogarlar patentlarini tekshirish uchun Toshkentdan komissiya kelganini tasdiqladi. Lekin “tahorat” operatsiyasi haqida gapirishni istamadi.

“Aka, bizda hozir bozor hududida hech kim namoz o‘qimaydi. Tahorat ham qilinmaydi. Bozorda umuman diniy liboslar, ro‘mol va hijob, joynamoz, diniy adabiyotlar sotilmaydi. Tahoratxonalar ham yo‘q”, dedi bozor ma’muriyati vakili.

Marg‘ilon shahar hokimligidagi Ozodlik manbasi “Baraka Savdo” buyum bozoriga o‘tgan hafta borgan tekshiruv guruhi shu kunlarda Farg‘onada o‘tkazilayotgan Biznes forum ishtirokchilaridan iborat bo‘lganini aytadi. Ular nima sababdan tahoratxonalar bilan qiziqqani sababini izohlay olmasligini bildirdi manba.

“Ular tadbirkorlar hujjatlarini tekshirishi kerak edi. Lekin Marg‘ilon shahridagi hamma bozorda diniy ekstremizm va radikalizm holatlariga qarshi tashviqot ishlari muntazam olib boriladi. Radio orqali kyinish madaniyati, diniy ekstremizm bo‘yicha e’lonlar berib boriladi. Maxsus burchaklar tashkil etlgan”, deydi shahar hokimligidagi manba.

Marg‘ilon shahri Farg‘onadagi eng konservativ shaharlardan biri hisoblanadi. Shaharda dindorlarga nisbatan tazyiqlar, jumladan ayollardan ro‘molini yechtirish operatsiyalari tez-tez o‘tkazilib turadi.

XS
SM
MD
LG