Линклар

O‘zbekiston MXXsi “Debatlar bo‘yicha qo‘llanma” kitobi “yoshlar uchun zararli” deb topdi va kitob mualliflarini konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, terrorizm, jamoat xavfsizligiga xavf soluvchi materiallarni tayyorlash va tarqatishda ayblamoqda. Tanqidiy fikrlash va mohirona munozara olib borish yo‘l-yo‘riqlari haqidagi 116 varaqlik qo‘llanma 2013 yili O‘zbekistondagi BMT qoshidagi Taraqqiyot va Ko‘ngillilar dasturlarii ko‘magi bilan chop etilgan edi.

Ozodlikka ayon bo‘lishicha¸ qo‘llanma chop etilganidan qariyb uch yil o‘tib¸ O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatidagi ayrim "mutaxassislar" kitobda mamlakatdagi “mavjud tuzumni ag‘darishga chaqiriq” unsurlarini ko‘rishgan.

Ozodlik ega bo‘lgan ma’lumotga ko‘ra, mazkur kitobcha O‘zbekistondagi hukumat nazoratidagi Fuqarolik jamiyati shakillanishini monitoring qilish markazi xulosasi asosida “yoshlar uchun zararli” deb topilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Milliy xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda kitoblarning mamlakatda chop etilishi va tarqatilishi yuzasidan Jinoyat Kodeksining 159-bandi - konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, 144-bandi - terrorizm va 244-bandi - jamoat xavfsizligiga xavf soluvchi materiallarni tayyorlash va tarqatish bo‘yicha jinoiy ishi ochgan.

Mazkur ish bo‘yicha tergov olib borayotgan O‘zbekiston bosh prokuraturasi xodimi Ozodlik bilan suhbatda “tergov siri bois” jurnalistlarga ma’lumot berilmasligini bildirdi.

O‘z ismi va ovozi berilmasligini istagan manbaning Ozodlikka bildirishicha¸ “Debatlar bo‘yicha qo‘llanma”lar O‘zbekistondagi maktab va bilim yurtlaridan qaytarib olingan va yoqib yuborilgan.

Kitob mualliflari Eleni Duras, Dilfuza Qurolova hamda loyiha rahbari Bahodir Ayupovlar O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hamda Milliy xavfsizlik hizmatiga chaqirtirilib, muntazam so‘roq qilinmoqda.

Ular Ozodlikka bu haqda izoh berolmasliklarini aytishdi. Ozodlik bu borada qo‘llanma homiysi bo‘lmish BMTning Toshkentdagi vakolatxonasiga ham xat bilan murojaat qildi. Hozircha xatga javob bo‘lmadi.

Haqiqat debatlar orqali topiladi

Eleni Duras notiqlik san’ati bo‘yicha O‘zbekistondagi yetuk mutaxassislardan sanaladi. U Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida muzokara o‘tkazish va notiqlik san’ati bo‘yicha dars berib keladi.

Uning muallifligi ostida chop etilgan qo‘llanma asosida O‘zbekistondagi “Kelajak ovozi” yoshlar markazida ochilgan “Dilemma” munozara klubida debat mashg‘ulotlari o‘tkazib kelingan, Eleni Durasning o‘zi ham shu treninglarda qatnashgan.

Markazning Ozodlik bog‘langan faoli “Dilemma” faoliyati to‘xtatilganini aytdi:

- Hozir “Dilemma” debatlari to‘xtatilgan. Hozir debatlar o‘tkazmaymiz, - dedi “Kelajak ovozi” yoshlar markazi faoli.

O‘zbekistonda debatlar maktabiga Toshkentda 1996 yildan 2004 yilgacha faoliyat yuritgan “Ochiq jamiyat instituti”da asos solingan edi.

O‘sha yillarda "Ochiq jamiyat instituti" - Soros jamg‘armasining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari sifatida faoliyat yuritgan, hozirda Londonda yashovchi o‘zbekistonlik tadqiqotchi Alisher Ilhomov O‘zbekiston hukumati debatlar maktabini yo‘q qilib, demokratik taraqqiyotga g‘ov bo‘layotganini aytadi:

- Kitob yoshlarni o‘z fikrini shakillantirish va ifodalash, uni auditoriyaga qanday taqdim etish, boshqa fikrdagi odamlar bilan qanday munozaraga kirishishga o‘rgatadi. Bu yerda yoshlarga O‘zbekistondagi konkret siyosiy vaziyatga baho berishga o‘rgatilayotgani yo‘qku, O‘zbekiston haqida bu kitobda hech qanaqa gap yo‘q. Demokratik jamiyat qurishni ko‘zlagan davlatlardagi tajriba haqida gap borayapti. Bunday davlatlarda muammolar debatlar, munozara yo‘li bilan hal etiladi. Bahs orqali haqiqat topiladi. Bahs yo‘q ekan, haqiqat hech qachon oshkor bo‘lmaydi. Demak, O‘zbekistondagi hukumatni haqiqat qiziqtirmaydi. O‘zbekistonda hukumat belgilagan liniya borki, kimningdir fikri shu liniyadan chiqsa¸ jazolanayapti, - deydi Alisher Ilhomov.

Hozirda O‘zbekistonda debatlarni homiysi O‘zbekiston hukumati bo‘lgan "Kamolot" yoshlar harakati o‘tkazib kelmoqda.

Hozirda O‘zbekistonda debatlarni homiysi O‘zbekiston hukumati bo‘lgan "Kamolot" yoshlar harakati o‘tkazib kelmoqda.

Hozirda O‘zbekistonda debatlarni homiysi O‘zbekiston hukumati bo‘lgan "Kamolot" yoshlar harakati o‘tkazib kelmoqda.

"Kamolot"ning joylardagi “Munozara” klublarida “Chet el grantlari yoshlar uchun tuzoq”, “Ijtimoiy tarmoqlar jamoat xavfsizligi uchun xatar” kabi mavzularda munozaralar o‘tkazib kelinmoqda.

​O‘zbekistonda kitob uchun mualliflari tazyiq qilinishi birinchi marta bo‘layotgani yo‘q.

2010 yilda YuNISEF dasturi doirasida o‘zbekistonliklarni OITS va OITV kasalligidan saqlanishga o‘rgatish maqsadida maxsus qo‘llanma ëzgan ruhshunos yigit Maksim Popov o‘zbekistonliklarga prezervativdan foydalanishga oid ochiq maslahatlarni chop qilgani uchun 7 yillik qamoqqa hukm etilgan edi.

XS
SM
MD
LG