Линклар

logo-print

Feysbukda alkogolni reklama qilgan Toshkentdagi bir necha kompaniyaga ish ochildi. Nayrangbozlik qilgan uch nafar soliq noziri ishdan bo‘shatildi. Bolalar haqini egan bog‘cha mudirasi mahkamaga tortildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“O‘zbekistonlik qizlarni fohishalikka majburlagan ayol Toshkent aeroportida qo‘lga olindi”

Toshkentda qizlarni jinsiy qullikka yo‘llash bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh fosh etildi (“Darakchi”, 25 fevral). Toshkent shahri Yashnobod tumanida yashovchi 35 yoshli Muyassar Boborahimova o‘zbekistonlik qizlarni mo‘may pul va’da qilib Turkiyaga yuborgan. U yerda qizlarni M.Boborahimovaning qo‘shmachi tanishlari kutib olgan va ularning hujjatlarini olib qo‘yib, fohishalikka majburlagan. Jinoiy guruh ishi yurishmay qolgan, qad-qomati kelishgan, chiroyli qizlarni o‘lja qilgan. M.Boborahimova Toshkent xalqaro aeroportida tezkor tadbir natijasida qo‘lga olingani xabar qilingan.

“Nayrangbozlik qilgan uch nafar soliq noziri ishdan bo‘shatildi”

Xorazm viloyatida o‘tkazilgan reyd chog‘i “Damas” haydovchisini soxta guvoh yordamida litsenziyasiz kira qilishda ayblagan uch nafar soliq noziri ishdan bo‘shatildi (“Huquq”, 25 fevral). Qayd etilishicha, haydovchini kirakashlikda ayblash uchun yetarli dalilga ega bo‘lmagan soliqchilar nayrang o‘ylab topgan: soliq idorasiga ish o‘rganishga kelgan amaliyotchi yigitdan “Damas” mashinasiga mingani va haydovchiga kira haqi bergani haqida yolg‘on tushuntirish xati yozdirib olgan. Sudda soxta guvoh bor haqiqatni aytgach, soliqchilar uni ham qo‘rqitgan. Pirovardida esa soliqchilarning aybi isbotlanib, ulardan ishdan bo‘shatilgan hamda sud hukmi bilan tegishli jazoga tortilgan.

“Bolalarning haqiga xiyonat qilgan bog‘cha mudirasi mahkamaga tortildi”

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani 42-maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Zarifa Yuldasheva bolalar haqiga xiyonat qilib, juda katta miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirgan (“Huquq olamida”, 25 fevral). Mudira xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i bilan til biriktirib, 36 turdagi 116,9 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarini o‘margan. Jinoyatda bog‘chaga oziq-ovqat etkazib beruvchi firmalar ham aralashgan. Qolaversa, bog‘cha rahbari hujjatlarni soxtalashtirgan. Qayd etilishicha, mudira Z.Yuldasheva ikki yil muddatga mansabdorlikda ishlash huquqidan mahrum etilib, eng kam oylik ish haqining 210 baravari miqdorida jarima to‘lagan.

“Feysbukda alkogol mahsulotlarini reklama qilgan Toshkentdagi bir necha kompaniyaga ish ochildi”

Davlat raqobat qo‘mitasi Feysbuk tarmog‘ida alkogol va tamaki (chilim) iste’molini targ‘ib qilgan bir necha kompaniyalarga ish qo‘zg‘adi (“Iste’molchi”, 24 fevral). Masalan, “Italiano VERO”, “Bier Regen” restoranlari ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida pivoni, “Petrovich” restorani esa rus arog‘ini reklama qilgan. Mazkur holatlar yuzasidan restoran egalariga ish qo‘zg‘atilgan. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, alkogol va tamaki mahsulotlari reklamasi taqiqlangan.

“Bekobodlik ishsiz yigit uni tashlab ketgan xotinini chavaqladi”

Biror joyda yolchitib ishlamagan bekobodlik yigit xotinini pichoqladi. “Huquq” gazetasi xabariga ko‘ra, ismi oshkor qilinmagan yigit ro‘zg‘or yukini bo‘yniga olish o‘rniga “Paynet” shaxobchasida ishlaydigan xotinining topgan puli evaziga hayot kechirib yurgan. Shu bois oilada tez-tez kelishmovchiliklar bo‘lib turgan. Navbatdagi janjaldan keyin ayol qizini olib otasinikiga ketib qolgan. Er esa “Paynet” shaxobchasiga borib, xotinini pichoqlagan. Qayd etilishicha, xotini hayotiga zomin bo‘lgan yigit 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

“Temir yo‘l chiptasini telefonda xarid qilish mumkin”

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati 23 fevraldan mijozlari uchun Android va iOS tizimi platformasida mobil ilovalarni ishga tushirdi (“Oila davrasida”, 25 fevral). Dastur asosida temir yo‘l chiptasini on-layn xarid qilish mumkin. Ilova foydalanuvchilari poezdlar jadvalidagi o‘zgarishlar haqida ham ma’lumot oladi. Chipta sotib olishda UzCard tizimidan foydalaniladi. Ilovalarni www.uzrailway.uz caytidan yuklash mumkin.

“26 yoshli haydovchi piyodani urib nobud qilib, qochib ketdi”

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Naymancha qishlog‘ida hududida ro‘y bergan yo‘l transport hodisasida 1979 yilda tug‘ilgan A.Abdukarim nobud bo‘ldi (“Postda”, 20 fevral). Yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani noma’lum haydovchi urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgan. Og‘ir jarohat tufayli fuqaro vafot etgan. Surishtiruv jarayonida avtohalokatni shu tumanda yashovchi 26 yoshli D. Sh. “Kobalt” mashinasida sodir etgani aniqlandi. Ayni paytda tergov olib borilmoqda.

XS
SM
MD
LG