Линклар

26 fevral kuni Toshkentning Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida Mersedes-Benz rusumli yo‘lovchi avtobus yonib ketdi. O‘zbekiston transport tizimi mutasaddilari yo‘lovchi transportida ko‘payib borayotgan bunday halokatlar sababi Germaniyadan olingan avtobuslarning Xitoydan kelgan arzon ehtiyot qismlar va mahalliy moyda yurishi bilan bog‘liqligini aytmoqda.

Ozodlikning borayotgan surishtiruvga yaqin manbasiga ko‘ra¸ 26 fevral kuni Toshkentda yo‘lovchi avtobusning yonib ketishiga motor bo‘lmasidan o‘tadigan elektr simidagi noqislik sabab bo‘lgan.

Ozodlik manbasining aytishicha¸ haydovchining tezkor harakati sabab yo‘lovchilar avtobusdan darhol tushirib yuborilgan va hech kimga talofat yetmagan. Facebookdagi “Voditeli Tashkenta” sahifasiga qo‘yilgan suratlardan avtobusning butunlay o‘t ichida qolgani ko‘riladi.

23 fevral kuni ham Toshkentning Farg‘ona yo‘li ko‘chasida ham 2008 yilda ishlab chiqarilgan yo‘lovchi avtobusda yong‘in chiqqan edi.

Ozodlikning transport tizimidagi manbasiga ko‘ra¸ joriy yilning birinchi ikki oyida yuz bergan ikkala yong‘in¸ qolaversa¸ 2014-2015 yillarda birgina Toshkent yo‘lovchi avtobuslarida ro‘y bergan 18 ta yong‘in sababi Germaniyadan olib kelingan Mersedes avtobuslariga Xitoydan keltirilgan arzon va sifatsiz ehtiët qismlari qo‘yish bilan bog‘liqdir.

“Asosan¸ 2007-2008 yilda Germaniyadan olib kelingan avtobuslarning elektr o‘tkazish tizimidan yong‘in chiqayapti. Bu avtobuslarni olganda nemislar bizga faqat original ehtiyot qismlar¸ original materiallar va original moylash mahsulotlari ishlatinglar¸ shunda xavfsizligiga kafolat beramiz¸ degan. Lekin bunga qurbimiz etmaydi. Birja orqali elektron savdo qilish haqida hukumat farmoni chiqqan. Qonunga ko‘ra¸ biz ehtiyot qismlarni savdo birjasidagi eng arzon sotuvchidan olishga majburmiz. Asosan¸ Xitoydan kelgan ehtiyot qismlar¸ o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan moyni ishlatamiz. Sifat yaxshi bo‘lmaganidan keyin¸ nemis avtobuslari ko‘p yurmayapti¸ mana shunaqangi nuqsonlar chiqayapti ”¸ deydi Toshkent trasport tizimi mutaxassislaridan biri.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ 2014-15 yillarda birgina poytaxt Toshkentning o‘zida Mersedes rusumli avtobuslar bilan bog‘liq 18 ta yong‘in sodir bo‘lgan. Rasmiylarga ko‘ra¸ bu yong‘inlarda hech kim talofat ko‘rmagan.

Hukumatga yaqin boshqa manbaning aytishicha¸ hozirda O‘zbekiston Germaniyadan xarid qilgan yo‘lovchi transporti vositalari uchun bevosita ishlab chiqaruvchining o‘zidan ehtiyot qismlar sotib olish haqida prezident farmoni hozirlanmoqda. Bu hujjat tegishli vazirliklar tasdig‘idan o‘tib¸ Vazirlar Mahkamasi tomonidan ma’qullangach¸ O‘zbekistonga istisno tariqasida Germaniyadan ehtiyot qismlar olib kelish bo‘yicha Mersedes shirkati bilan shartnoma imzolanishi mumkin.

Ayni paytda kuzatuvchilar¸ O‘zbekistonda kuchayib borayotgan valyuta taqchilligi bunday savdo istiqbolini chippakka chiqarishi mumkinligini aytmoqdalar.

XS
SM
MD
LG