Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:46

Tojik polkovnigining kapitan xotini to‘rt bolasi bilan IShIDga qo‘shildi


Tojikiston Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi¸ kapitan Xumayro Mirova.
Tojikiston Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi¸ kapitan Xumayro Mirova.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining sobiq xodimasi¸ yaqinlargacha mamlakat Bojxona xizmati matbuot kotibi bo‘lib ishlagan kapitan Xumayro Mirova to‘rt bolasini olib o‘tgan yil IShIDga qo‘shilgan eri¸ polkovnik Gulmurod Halimov yoniga ketgan.

Tojikiston Bojxona xizmati matbuot bo‘limini boshqargan Xumayro kapitan unvoniga ega bo‘lgan va eri¸ Ichki ishlar vazirligi polkovnigi Gulmurod Halimov IShIDga ketgandan so‘ng ham¸ o‘z lavozimida hech narsa bo‘lmagan kabi ishlab yurgan.

26 fevral kuni Bojxona xizmati Xumayro Mirovaning 8 oy avval dekret otpuskasiga chiqqani va shundan beri bedarak ketganini e’lon qildi.

Dushanbe rasmiylariga ko‘ra¸ Gulmurod Halimovning ikkinchi xotini bo‘lgan kapitan Mirovaning aynan qachon Suriyaga chiqib ketgani ma’lum emas¸ ammo uning hozirda ishidchilar nazoratidagi hududda ekani aniq.

2008 yilda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga ishga kirgan Mirova¸ o‘shanda vazirlikning OMON bo‘limida ishlayotgan Gulmurod Halimov bilan tanishib¸ unga ikkinchi xotin bo‘lib ergan tekkan. Avvalgi eridan bitta farzandi bo‘lgan Mirovaning qolgan uch farzandi otasi polkovnik Halimov ekani aytiladi.

Gulmurod Halimov
Gulmurod Halimov

O‘tgan yil iyun oyida Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik komiteti OMONning sobiq komandiri Gulmurod Halimovning o‘z yaqin tarafdorlaridan ikkitasi bilan Suriyaga ketganini xabar qildi.

Rasmiy manba¸ Halimovning aprel oyidaTurkiya orqali Suriyaga o‘tib¸ bu davlat hududida islomiy xalifat o‘rnatganini e’lon qilgan ishidchilar safiga qo‘shilganini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng Tojikiston Bosh prokuraturasi polkovnik Halimovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘adi va Interpol orqali uni xalqaro qidiruvga berdi.

AQShda ta’lim olgan Tojikiston OMONi qo‘mondoni polkovnik Halimov.
AQShda ta’lim olgan Tojikiston OMONi qo‘mondoni polkovnik Halimov.

Tojik¸ rus va ingliz tillarida bemalol gaplashadigan sobiq OMON qo‘mondoni¸ AQSh Davlat departamentiga ko‘ra¸ 2003-2014 yillar davomida terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha Amerikada besh bosqichlik maxsus treyningdan o‘tgan.

“Bu mashg‘ulotlardan maqsad terrorchilikka qarshi kurashning zamonaviy taktikalarini o‘rganish edi. Halimov Tojikiston hukumati so‘rovi bilan AQShda ana shu mashg‘ulotlarda qatnashgan”¸ deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Halimovning bunday tajribasi xavfsizlik mutaxassislari xavotiriga sabab bo‘lmay qolmadi. Ularga ko‘ra¸ terrorchilikka qarshi kurashning yangi usullari o‘rgatilgach o‘zi terrorchilar safiga qo‘shilgan Halimov ishidchilarga Amerika bu guruhga qarshi qo‘llaydigan taktikalarni o‘rgatishi mumkin.

O‘tgan yil sentyabr oyida AQSh “Islomiy davlat” terror guruhi rahbar, moliyachi va tarafdorlariga nisbatan sanksiya joriy qildi va polkovnik Gulmurod Halimovni ham ana shu qora ro‘yxatga kiritdi.

Aprel oyida ishidchilar safiga qo‘shilgan polkovnik Halimov 27 may kuni e’lon qilgan videomurojaatida “Islomiy davlat” guruhi bilan Tojikistonga qaytajini aytib¸ tojikistonliklarni ham jihodga qo‘shilishga da’vat qilgan edi.

41 yashar polkovnik Halimov Tojikistondagi fuqarolar urushi paytida prezident gvardiyasida xizmat qilgan. Urush tugagach¸ IIV tizimida ishlagan Halimov¸ islomiy janggarilarning Rasht va Xorogdagi xurujlarini yo‘q qilish amaliyotlarida bevosita qatnashgan.

Tojikiston xavfsizlik xizmatiga ko‘ra¸ hozirda respublika Bosh prokuraturasi Halimov kabi Suriya va Iroqdagi terror guruhlari safiga qo‘shilgan 417 nafar tojikistonlikka qarshi jinoiy ish qo‘zg‘agan.

XS
SM
MD
LG