Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:01

Toshkentda alkogol suratini Facebookka qo‘ygan restoranlar jazolandi


Toshkentdagi bir nechta restoran Facebook sahifalarida e’lon qilgan rasmlar uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur umumiy ovqatlanish shoxobchalari o‘z faoliyatiga oid rasmlarda alkogol va tamaki mahsulotlari aks etgani bois Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan yirik miqdorda jarimaga tortilgan. Hozirda pivo sotishga ixtisoslashgan restoranlardan biri Facebook sahifasida o‘z faoliyatini yosh bolalar rasmlari bilan yoritib borishga majbur bo‘lmoqda. Ayni paytda Toshkentdagi ayrim ko‘ngilochar muassasalar ijtimoiy tarmoq sahifalarida alkogol mahsulotlaridan tortib, 18+ formatidagi bazmi jamshidlarni ko‘z-ko‘z qilayotgani davlat qo‘mitasi e’tirozini keltirib chiqarayotgani yo‘q.


O‘zbekiston Davlat raqobat qo‘mitasining nashri hisoblangan “Iste’molchi” gazetasi 24 fevral kuni e’lon qilgan xabarda aytilishicha, Toshkentdagi “Italiano VERO”, “Bier Regen”, “Petrovich” kabi restoranlar ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida pivo, aroq kabi alkogol mahsulotlari tasvirlangan rasmlarni e’lon qilgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Umumiy ovqatlanish shoxobchalarining faoliyatiga doir bu rasmlar alkogol reklamasi, deya talqin etilgan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, mazkur restoranlar 750 ming so‘mdan 1,5 million so‘mgacha jarima to‘lashgan. Biznesi asosan pivo savdosi atrofida qurilgan “Bier Regen” restorani xodimlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, bu hodisa o‘tgan yilning sentyabr oyida ro‘y berganini aytadi. Restoran ma’muriyati bu ayblovlar kulgili bo‘lishiga qaramasdan, muammoni yanada kattalashtirmaslik uchun tinchgina 1 million so‘m jarimani to‘lab qo‘ydi, deydi suhbatdosh.

“Biz bu voqeadan keyin Facebook sahifamizdan alkogol yoki sigaret tushib qolgan barcha rasmlarni olib tashlashga majbur bo‘ldik. O‘ylab ko‘ring, restoranimizning nomi “Bier Regen”, ya’ni nemischadan pivo yomg‘iri deb tarjima qilinadi. Hozir esa Facebookda restoranimiz mijozlari bilan o‘zaro muloqot qilish uchun yosh bolalar rasmini qo‘yishga majburmiz. Bu endi restoran rahbariyatining ortiqcha ehtiyotkorligi albatta, chunki yopilib ketishimizga sal qoldi o‘shanda. Hozir restoranda o‘tkazilgan tadbirlardan olingan rasmlarda pivo u yoqda tursin, sigaret chekib turgan mijoz rasmi tushib qolgan bo‘lsa, olib tashlayapmiz”, deydi “Bier Regen” restorani xodimi.

Uning aytishicha, Facebook sahifasida turli tadbirlar to‘g‘risidagi e’lonlardan tashqari, rasmlarning birortasi reklama maqsadida chop qilinmagan. Lekin Davlat raqobat qo‘mitasi bu izohlarni qabul qilmadi, deydi u.

O‘zbekistonning reklama to‘g‘risidagi qonuni 23-moddasida “tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklar namunalarini tekin tarqatish savdo ob’ektlarining old tomonida, kirish (transportda kirish) joylarida, vitrinalarida, tashqariga olib chiqiladigan predmetlarida hamda boshqa joylarida tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarning tasvirlari, nomlarini va ular haqidagi boshqa axborotni o‘rnatish taqiqlanadi”, deyilgan. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda restoranlar faoliyatiga doir rasmlarda alkogol mahsulotlari tasvirini e’lon qilish to‘g‘risida qonunda hech narsa aytilmagan.

Balki bu holatga oid biror me’yoriy hujjat bordir, degan savolga Davlat raqobat qo‘mitasi mutasaddilari javob berishni istashmadi.

“Iste’molchi” gazetasida e’lon qilingan maqola muallifi Hosil Karimov Ozodlik bilan suhbatda gap alkogol va tamaki mahsulotlari reklamasiga qo‘yilgan taqiq haqida ketayotganini ta’kidladi.

- Sizni tushunib turibman, lekin qonunga ko‘ra, alkogol va tamaki mahsulotlari reklamasi man qilinganku. Ular restoranida nima sotsa sotishi mumkin, lekin ijtimoiy tarmoqda, hamma ko‘radigan joyda alkogol mahsulotining rasmini qo‘yib bo‘lmaydiku,- deydi “Iste’molchi” gazetasi muxbiri.

Toshkentdagi restoranlardan birining xo‘jayini o‘z shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan Ozodlikka bergan suhbatda jarimaga tortgan restoranlarning birortasi qonunni buzmagani, aksincha, Davlat raqobat qo‘mitasining harakatlari raqobatga halaqit berayotganini aytadi.

“Bu yerda qonun buzilmagan. Qonunda gap reklama haqida ketmoqda. Rasmlar haqida emas. Masala bunday qo‘yiladigan bo‘lsa, masalan to‘yda tushirilgan rasmda aroq ichib turgan mehmonlarning rasmini Facebook yoki boshqa joyga qo‘ygan har qanday odamni javobgarlikka tortish mumkin, alkogolni reklama qilding, deb. Bundan tashqari Toshkentda nufuzli shaxslarga tegishli restoranlarning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarini ko‘ring, ular istagan rasmlarni, alkogol yoki chilim u yoqda tursin, ochiqchasiga fahsh targ‘ib etiladigan rasm va e’lonlar berib boriladi. Raqobat qo‘mitasi negadir jim. Ya’ni kimgadir mumkin, kimgadir mumkin emas. Bunaqada raqobat qoladimi?” deydi toshkentlik restorator.

Haqiqatan nufuzli shaxslarga tegishli ekani aytiladigan Toshkentdagi K.T.Komba va Terminal kabi tunggi klublar Facebook sahifalarida alkogol ichimliklar va 18+ fomatidagi tadbirlar reklamasi berilayotganini ko‘rish mumkin.

XS
SM
MD
LG