Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:49

AQSh elchisi Kievni qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga chaqirdi


AQShning Ukrainadagi elchisi Jeffri Payett
AQShning Ukrainadagi elchisi Jeffri Payett

Ukraina AQShning yirik qishloq xo‘jaligi shirkati bo‘lmish Cargill kompaniyasi bilan don eksporti bilan shug‘ullanuvchi terminal qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. AQSh elchilariga ko‘ra, bu shartnoma mamlakatni qishloq xo‘jaligi sohasi rivojlangan qudratli mamlakatga aylantirishda yordam berishi mumkin.

Kievdagi iqtisodiy bo‘hron va mamlakat sharqida rossiyaparast ayirmachilar bilan haliyam davom etayotgan mojaroga qaramasdan M.V. Cargo ukrain shirkati bilan imzolangan shartnoma 100 million dollar qiymatga egadir.

AQShning Ukrainadagi elchisi Jeffri Payett 24 fevral kuni bo‘lib o‘tgan shartnomani imzolash marosimida “Ukraina shundoq ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning yetakchi davlatlaridan biridir, ammo uni qishloq xo‘jaligi sohasida qudratli mamlakatga aylantirish kerak”, dedi.

“Duyodagi qoratuproqli yerlarning taxminan chorak qismi Ukrainada joylashgan. Shu sabab mamlakat oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha global markazga aylangan. 2015 yil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti 16,5 milliard dollarga yetdi”, dedi Payett va Kievni bu kabi shartnomalarga jalb qilish uchun iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda davom etishga chaqirdi.

Cargill kabi yirik global shirkatlar “qonun ustuvorligi sohasidagi o‘sishga, shu bulan bir qatorda, korrupsiyaga qarshi islohotlarga sodiq hukumat va prezidentlikni ko‘rishni istaydi”, deya so‘zini davom ettirdi elchi.

Ukraina rasmiylari esa yangi shartnomani ilg‘or global shirkat tomonidan Ukraina kelajagiga ko‘rsatilgan ishonch o‘laroq baholashdi.

Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk “Bu amerikalik hamkorlarimizni bizni investitsiya yotqizish uchun ishonchli va yaxshi joy sifatida qabul qilishga undovchi ilk qadamimizdir”, dedi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri Oleksiy Pavlenko uzoq asrlar davomida Yevropani non bilan ta’minlagan davlat bo‘lgan Ukraina 2015 yilning iyulidan 2016 yilning iyunigacha bo‘lgan vaqt ichida rekord 37 million tonna don eksport qilishni rejalashtirayotganini bildirdi.

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Odessa viloyatida quriladigan yangi don portidan boshida yiliga 5 million tonna yuk o‘tadi. Keyinroq bu ko‘rsatkich 50 foizga oshiriladi.

Cargill shirkati terminal ikki yil ichida qurib bitirilishini bildirdi.

Shirkat direktori Andreas Rikmers “Yangi port ukrainalik fermerlarga, mamlakat iqtisodiga hamda global oziq-ovqat xavfsizligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu Qoradengiz hududidagi port inshootlarida qoldiradigan izimizga qo‘shimcha bo‘ladi va Ukrainaning qishloq xo‘jaligi sohasiga investitsiya yotqizishda davom etish niyatida ekanligimizni ko‘rsatadi”, dedi.

Cargill 150 yillik tarixga ega yirik shirkat bo‘lib, kuniga 500 ga yaqin yuk kemalarini ishlatadi. Forbes jurnaliga ko‘ra, Cargill qimmatli qog‘ozlari birjaga chiqarilmagan eng yirik AQSh shirkatidir.

XS
SM
MD
LG