Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:46

Beloruslik kompyuter o‘yini ixtirochisi milliarderga aylandi


Bloomberg shirkati ma’lumotlariga ko‘ra, beloruslik tadbirkor Viktor Kisliyning mulki 1 milliard dollardan oshib ketgan. Endilikda Kisliy Belorusning ilk milliarderidir. Tadbirkorning mulki 1,5 milliard dollarga teng ekanligi aytilmoqda.

39 yoshli Kisliy o‘zining yangi tituli haqida izoh berishdan bosh tortdi. Bloombergga bergan intervyusida u kamtar hayot kechirishini aytdi.

Kisliy kompyuter o‘yinlarini ishlab chiqaruvchi Wargaming.net shirkatining direktoridir.

Shirkat mashhur World of Tanks (“Tanklar dunyosi”) onlayn o‘yinini ishlab chiqqan.

O‘yinda XX asrda ishlab chiqarilgan tankning asliga juda o‘xshash modelini boshqarish va undan o‘q uzish mumkin.

O‘yinchilar turli mamlakatlarda yaratilgan 400 ga yaqin mashina ichidan birini tanlab olishlari mumkin.

So‘ngra Internet orqali boshqa o‘yinchilar bilan bellashadilar.

Yutish uchun o‘yinchilar birga harakat qilishi va bir-biri bilan muloqot qilishi zarur.

O‘yin bepul, lekin mashinalarni mukammallashtirish yoki o‘zgartirish hamda bir etapdan ikkinchisiga osonroq o‘tish uchun pul to‘lash mumkin.

Yangi tanklar 6 AQSh dollaridan 65 dollargacha turadi.

Ammo Kisliy 2014 yil Tut.by belorus vebsaytiga bergan intervyusida o‘yinchilarning 70-75 foizi umuman mablag‘ sarflamasligini aytdi.

Bloomberg hisoblariga ko‘ra, 2015 yil Wargaming.net 590 million dollar foyda ko‘rgan.

Kisliy shirkatning 64 foiziga egalik qiladi. 25,5 foizi esa uning otasiga tegishlidir.

Tadbirkor o‘z shirkatiga 1998 yil Minskda asos solgan. 2011 yil Wargaming.net Kipr poytaxti Nikosiyaga ko‘chib o‘tgan.

Kisliy shirkat o‘z xalqaro biznes faoliyatini ochiq va adolatli tarzda olib bora oladigan yerni izlaganini aytadi.

Hozir tadbirkor ham Belorus, ham Qibris fuqarosidir.

Bloomberg shirkatiga ko‘ra, Kisliy bolaligidan kompyuter o‘yinlarini sevib keladi.

Tadbirkor otasi ishlagan ilmiy laboratoriyadagi “qadimiy, ulkan” kompyuterlarda ilk o‘yinlarini o‘ynaganini aytadi.

Kisliy o‘zining ilk o‘yinlari ustida 1996 yil, Belorus davlat universitetining fizika fakultetida tahsil olayotgan paytida ishlay boshlagan.

Anna Shamanskaya

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG