Линклар

Erondagi saylovlarida prezident Hasan Ruhoniyga ittifoqchi bo‘lgan islohotchilar peshqadamlik qilmoqda. 28 fevral kungi rasmiy xabarga ko‘ra, berilgan ovozlarning 90 foizini, asosan islohotchilar qozongan. Bu esa mamlakat oliy rahnamosi bo‘lgan oyatullohni kelgusida ultra-konservativ ulamolar emas, balki mo‘’tadil islohotchilar saylashi mumkinligini anglatadi.

Eron rasmiylari 28 fevral kuni mamlakatda parlament va Ekspertlar kengashiga o‘tgan saylovlarda berilgan ovozlarning 90 foizi sanab bo‘linganini ma’lum qildi.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, prezident Hasan Ruhoniyning ittifoqchisi bo‘lgan islohotchilar peshqadamlik qilmoqda.

Bu galgi saylovlarda prezident Ruhoniy mamlakatdagi mo‘’tadil va islohotchi siyosiy kuchlar lideri bo‘lgan sobiq prezident Akbar Hoshimiy Rafsajoniy bilan birlashdi.

Ekspertlar kengashi mamlakatning oliy ruhoniysi bo‘lgan oyatullohni saylaydi. Shu vaqtga qadar kengashga saylanganlarning ko‘pchilik qismini ultra-konservativ ulamolar tashkil qilib kelgan.

26 fevral kungi saylov Eronga nisbatan g‘arb sanksiyalari olinganidan buyon o‘tkazilgan ilk saylovdir va dastlabki natijalar ultra-konservativ peshvolarning ortda qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Dastlabki natijalar e’lon qilinganidan so‘ng prezident Ruhoniy o‘z hukumati saylovda qozongan siyosiy liderlarning hammasi bilan hamkorlikda ishlashga tayyorligini bildirdi:

"Musobaqa tugadi. Bu ichki salohiyat va xalqaro imkoniyatlarga tayangan holda Eronning iqtisodiy taraqqiyotida yangi davrni boshlash paytidir", dedi Ruhoniy.

Saylovlarda yetakchilik qilayotgan islohotchilar yetakchisi Hoshimiy Rafsanjoniy ham: "Raqobat bitdi, endi birlashuv vaqti keldi", dedi.

Mamlakat ichkarisi va tashqarisidagi kuzatuvchilar bu saylovlardan so‘ng Eron parlameti avvalgilari kabi ultra-konservativ dindorlar hukmida emas, balki nisbatan mo‘’tadil parlament bo‘lishiga umid bildirmoqda.

28 fevral kungi rasmiy xabarga ko‘ra, ovozlarni sanash jarayoni hanuz davom etmoqda. Saylovlarni o‘tkazgan Eron Ichki ishlar vazirligi ro‘yxatga olingan 35 million saylovchining 60 foizidan ortig‘i ovoz berish jarayonida ishtirok etganini ma’lum qildi.

Ayni paytda Eronning 76 yashar oliy ruhoniysi oyatulloh Ali Homanaiyning xastaligi aytilmoqda. U 1989 yildan beri Eronni boshqarib kelmoqda va bugungi o‘zgarishlar fonida oyatullohlikning keyingi 8 yillik muddatiga yangi rahbar kelishi mumkinligi ham kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG