Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:41

Ramzan Qodirov amaldan ketmoqchi ekanligini e’lon qildi


Chechenistonning Kreml tayinlagan prezidenti Ramzan Qodirov o‘z lavozimini bo‘shatishga tayyor ekanligini aytdi. U Davlat tomonidan nazorat qilinadigan “NTV” telekanaliga bergan intervyusida “muddatim bitdi”, dedi.

Qodirovning prezidentlik muddati aprel boshida o‘z yakuniga etadi.

“Men boshlagan ishni davom ettiruvchilar juda ko‘p. Yaxshi mutaxassislarimiz bor”, dedi Qodirov. Intervyu Kremlning ashaddiy tanqidchisi Boris Nemsov o‘ldirib ketilganinga bir yil to‘lgan kun - 27 fevralda efirga uzatildi.

Rossiya muxolifati a’zolarining aksari Nemsovni o‘ldirishda Qodirovning qo‘li borligiga ishonadi. “Aslini olganda, Nemsov meni umuman tashvishlantirmagan. Sababi - u mening tengim emas”, dedi Qodirov.

“Mening nomim xalqimga qarshi ishlatilmasligi uchun xalq yetakchilari boshqa shaxsni topishlari kerak”, deya qo‘shimcha qildi u.

Nemsovning o‘limi bo‘yicha qo‘lga olingan besh chechenning hammasi Checheniston va Shimoliy Kavkaz bilan aloqadordir.

Rossiya Davlat Dumasidagi sanoqli muxolifatchi deputatlarning biri Dmitriy Gudkov Ozodlik radiosi rus xizmatiga 27 fevral kuni bergan intervyusida “Boris Nemsovning o‘ldirilishi ortidan federal hukumat bilan Checheniston yetakchiligi o‘rtasidagi aloqa ancha yomonlashganini bilaman”, dedi.

“Ramzan Qodirovning muxolifatga keyingi paytlardagi vasvasasini sababi ham shudir”, deya qo‘shimcha qildi Gudkov.

Hafta boshida muxolifatchi lider Ilya Yashin Nemsovning o‘ldirilishida Qodirovning qo‘li borligi aytilgan hisobotni e’lon qildi va chechen lideridan o‘z lavozimini bo‘shatishni talab qildi.

Qodirovni Checheniston prezidentligiga nomzod sifatida Vladimir Putin 2007 yili taklif qilgan. O‘shanda Checheniston parlamenti Putin taklifini hech bir e’tirozsiz qabul qilgan edi.

Putin Chechenistonda bo‘lib o‘tgan ikki urushdan keyin Qodirov yordamida tartib o‘rnatishni ko‘zlagan. Shu sabab chechen prezidenti federal hukumat nazoratidan de fakto ozoddir.

XS
SM
MD
LG