Линклар

Moskvada migrant-jinoyatchilar guruhi o‘z vatandoshlarini to‘namoqda


Suratning lavhada tilga olingan hodisaga aloqasi yo‘q.

Suratning lavhada tilga olingan hodisaga aloqasi yo‘q.

Moskvada vatandoshlarini ko‘chada to‘nab, ularning uyigacha borib bor-budini o‘g‘irlab ketayotgan qirg‘iz uyushgan jinoiy guruhlari paydo bo‘ldi. Ayrimlar buni Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz bilan bog‘lasa, ba’zilar Qirg‘izistondan kelgan jinoiy guruhlar sonining ko‘paygani bilan bog‘lamoqda.

Betiga niqob kiygan qurolli odamlar qirg‘izistonlik Nazgul yashayotgan Moskvadagi uyni to‘nab ketgan. Nazgulning aytishicha, ular ijaraga uy izlayapmiz deb qirg‘iz tilida gapirgan.

- Qirg‘iz yigit ijaraga uy izlayapman dedi. Biz yo‘q edik qo‘shnimiz eshikni ochgan ekan pichoq, pistolet ko‘targan niqobli to‘rt kishi kirib kelibdi. Uni ikki soatcha ushlab o‘tirishgan. Qo‘shni yashagan ikki bola bilan bilmay kelib qoldim. Eshikdan kirishimiz bilanoq oshxonadan ikki yigit chiqdi. Pichoq va pistolet taqab, “ovozingni chiqarma”, deyishdi. Mobil telefon, pul, kiyim-kechak, oshxonadagi oziq-ovqatlarni ko‘tarib ketishdi, -deydi Nazgul.

Nazgulga ko‘ra, bostirib kelib, olti odamni pistolet bilan qo‘rqitgan 20-25 yoshlar atrofidagi yigitlar oziq-ovqatdan tashqari, ayollarning lab bo‘yog‘i va upalarigacha olib ketgan. Biroq qirg‘iz muhojirlari politsiyaga ariza yozmay ertasi kuni boshqa yerga ko‘chib ketgan.

Moskvadagi “Ayko‘l Manas” sport klubi treneri Nurg‘azi Amirakulov Moskvada xunarsiz, ishga o‘rnasholmay yurgan yoshlar jinoyatlarga qo‘l uradi, deb hisoblaydi.

- Bunday jinoyatni qilganlarning ko‘pchiligi ishsiz, ko‘chada yurganlar. Ular ota-onasi, yaqinlariga ham foyda bermaydi. Qirg‘izistonda jinoyat olami ta’siri kuchli. Eng yaxshi mashina minganlar, mehmonxona to‘rida o‘tirib hurmat ko‘rganlar – jinoyatchilar. Jinoyatchilikni ozaytirib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berishni kuchaytirish kerak, -deydi Nurg‘azi Amirakulov.

So‘nggi paytlarda Rossiyada qirg‘izistonliklarning jinoyatga aralashayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘paydi. Mutaxassislar bu holat rossiyalik ish beruvchini qo‘rqitib, jamoatchilik orasida qirg‘izlarga qarshi millatchilik ruhini paydo qilishi mumkinligini aytishadi.

Rossiyadagi “Muhojirlarni qo‘llash” markazi rahbari Cho‘lpo‘n O‘smo‘novaga ko‘ra:

- Ishlayman deganlar ishlayapti. Rus tilini bilmaganlar, ish topolmaganlarga katta shaharda qiyin. Aytishim kerakki, bir-ikki joyda qirg‘izistonliklarni ishdan bo‘shatib yuborgan holatlar bo‘layapti. Mening oldida 15 odam bor. Ish beruvchi “Qirg‘izlar jinoyatchilikka yaqin ekansizlar, do‘konni to‘nab ketishinglar mumkin”, debdi. Ularning kasofati oddiy odamlarga tegayapti. Shunday odamlar sababli qirg‘izga qo‘l ko‘taruvchilar ham chiqishi mumkin, -deydi O‘smo‘nova.

Rossiyada jinoyatchilarga duch kelgan qirg‘iz muhojirlari politsiyaga oz murojaat qiladi. Hujjat tekshirish, politsiyada ko‘p vaqt ketishi muhojirlar jinoyatni yashirishiga sabab bo‘ladi.

Qirg‘iziston Ichki ishlar ministrligining Moskvadagi jamoatchilik vakili Qubanichbek O‘smo‘nbekovga ko‘ra, muhojirlarning bunday fikri aksincha jinoyatchilikning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.

- Fuqarolarimiz politsiyaga murojaat qilib, ariza yozishdan qo‘rqadi. Birinchidan qonunni, ikkinchidan o‘z haq-huquqlarini bilishmaydi. O‘z huquqini yaxshi bilib, politsiyaga murojaat qilib, ariza yozishsa bunday jinoyatlar soni ozayardi. Biroq hujjati tekshirilishidan qo‘rqqani uchun muhojir murojaat qilmayapti. Ular bunga vaqt sarflashni ham istashmaydi, -deydi O‘smo‘nbekov.

Rossiya federal migratsiya xizmati ma’lumotiga asosan Rossiyada ishlayotgan qirg‘izistonliklarning soni 560 mingdan ortadi. Turli jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, rus qamoqxonalarida jazo muddatini o‘tayotganlarning soni esa bir yarim mingdan ortiq. Ularning aksariyati o‘g‘irlik kabi jinoyatlarda ayblanib sudlangan.

XS
SM
MD
LG