Линклар

Angren-Pop yo‘nalishida qurilayotgan 19 kilometrlik tunnelda qazish va burg‘ulash ishlari yakuniga yetib, ikki tomondan qazilayotgan yo‘lak tutashtirildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan taqdimot marosimining qizil ranglarga burkangan xitoycha shior va an’analar ostida o‘tgani esa ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga sabab bo‘ldi. "O‘zbekiston temir yo‘llari" shirkati vakillari bergan xabarga ko‘ra, taqdimotni xitoyliklar o‘tkazgani bunga sabab bo‘lgan.

27 fevral kuni "O‘zbekiston temir yo‘llari" davlat aksiyadorlik jamiyati Angren-Pop temir yo‘li yo‘nalishida qurilayotgan tunnelni qazish va burg‘ulash ishlari muddatidan avval yakunlanganini xabar qildi.

Rasmiy xabarda aksiyadorlik jamiyati va Xitoyning “China Railway Tunnel Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilayotgan 19 kilometrlik temir yo‘l tunneli 27 fevral kuni tutashtirilgani aytildi.

Tunnel qurilishiga "murakkabligi bo‘yicha jahonda birinchi sakkiztalik, uzunligi bo‘yicha 13 talikdan joy olgan, MDH mamlakatlaridagi yagona noyob qurilish inshooti", deb baho berilgan.

Taqdimot marosimidan uzatilgan foto-xabarlar esa Facebook tarmog‘i foydalanuvchilari orasida bahslarga sabab bo‘ldi.

Taqdimot marosimidan chop etilgan suratlarda Xitoyning kommunistik rejimiga xos alvon rangdagi pannolar va asoosan, yirik-yirik yozilgan xitoy tilidagi shiorlar ostida o‘tgani ko‘rindi. Ulkan shiorlar bitilgan stendlardagi yozuvlarning xitoy, ingliz, rus tillarida ekani va o‘zbek tilidagi biror e’lon yoki shiorning bo‘lmagani e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Taqdimot marosimidan suratlarni Facebook ijtimoiy tarmog‘iga yuklangan foydalanuvchi posti ostida davlat tiliga bo‘lgan e’tiborsizlikdan norozilarning tanqidlari yig‘ildi. Bu foydalanuvchi taqdimot marosimida ishtirok etganini yozdi.

Foydalanuvchilardan biri suratlardan: "Ushbu bayram Xitoyda bo‘layapti deb o‘ylash mumkin. Pannolardagi yozuvlarda menimcha o‘zbek tilida birinchi qatorda katta harflar bilan tantanali qilib yozib qo‘yish lozim edi", deb yozdi.

Yana bir foydalanuvchi esa: "Sarlavhasini o‘qimagan odam ushbu tadbir Xitoyda bo‘libdi deb o‘ylaydi!" deb sharh qoldirdi.

Ammo, o‘zbek tiliga e’tiborsizlikni tanqid qilganlardan norozilar javobi ham ko‘rindi. Jumladan bir foydalanuvchi: "Bitta xitoycha lozungga shuncha jon kuydiribsizlar... Bitta kichkina marosim bu, rasmiy davlat tadbiri emas. Hammasi hali oldinda. Yurtboshimiz o‘zlari ochib yo‘lni, poezdga bayroqni tikib boradilar, oz qoldi, yurakni kengroq qilaylik...", deb yozdi.

Unga javoban qoldirilgan sharh esa shunday bo‘ldi: "E’tiroz bir narsada: nega davlat hududida davlat tiliga hurmat ko‘rsatilmadi? Xitoy tili – tushunarli, tonnelni xitoyliklar qurgan... O‘zimizni hurmat qilmasak, birov bizni hurmat qilmaydi. O‘zbek tili emas, davlat tili masalasi ko‘tarilganida millatchilik, radikallik degan atamalarni ishlatmay turgan ma’qul".

So‘ngra taqdimotda ishtirok etgan foydalanuvchi vaziyatga izoh bera turib, buning rasmiy taqdimot marosimi emasligi va asosan, xitoyliklar tomonidan uyushtirilgani, ular hozirlagan e’lonlarda esa “China Railway Tunnel Group” shirkati reklamasi bitilganini yozdi. Unga ko‘ra, xitoylik quruvchilar qazish ishlarini yakuniga yetkazgan va tantanali ravishda o‘zbekistonliklarga taqdim qilgan.

Ayni paytda tunnelda pardozlash ishlari ham yakunlamoqda. Rasmiy xabarga ko‘ra, pardozlash ishlarining 85 foizi yakunlangan. Tez orada temir yo‘l relslarini yotqizish, elektrlashtirish va kommunikatsiya tarmoqlarini o‘rnatish ishlari boshlanadi.

Jami uzunligi 123 kilometrdan ortiq bo‘lgan temir yo‘lining tunneldan tashqarisidagi qismida esa barcha qurilish ishlari 2015 yilning avgustida yakuniga yetgan.

XS
SM
MD
LG