Линклар

logo-print

O‘tgan hafta Mercer xalqaro konsalting guruhi dunyoning yashash uchun eng yaxshi shaharlari ro‘yxatini e’lon qildi. 18-marta tuzilgan bu ro‘yxatga 230 shahar kiritildi va Toshkent ro‘yxatning tubiga yaqin joydan – 205-pog‘onadan joy oldi. Xorijliklar uchun yashash sharoiti yomon deb topilgan Toshkent hayotiga Siz qanday baho berasiz? 29 fevral kungi jonli suhbatimiz shu haqda bo‘ladi.

Mercer guruhi 2016 yilgi Quality of Living Survey – Yashash sifati bo‘yicha so‘rovida 230 shahardagi hayotga baho berdi.

Dunyoning muhojir mutaxassislar (ekspatlar) yashash uchun eng yaxshi shahri deb yana 7-marta Avstriya poytaxti Vena e’tirof etilgan bo‘lsa¸ eng yomon shahar deb Iroq poytaxti Bag‘dod topildi.

Birinchi beshlikka Venadan so‘ng Tsyurih¸ Aukland¸ Myunxen va Vankuver shaharlari kiritilgan bo‘lsa¸ ro‘yxat tubidan Afrika shaharlari joy oldi.

Xorijliklar uchun Markaziy Osiyoning yashash eng yaxshi deb baholangan shahri Olmaota bo‘lib chiqdi va u umum ro‘yxatning 176-pog‘onasiga qo‘yildi. Toshkent 205¸ Ashxobod 208¸ Bishkek 210¸ Dushanbe esa 214-o‘ringa qo‘yildi va xorijlilar uchun yashash va ishlash sharoiti yomon shaharlar guruhiga kiritildi.

Yirik korporatsiyalarga dunyoning turli mamlakatlaridagi bo‘limlariga ishga yuboriladigan xorijlik xodimlari maoshini hisoblashda yordam berish maqsadida tuziladigan Mercer Quality of Living Survey u yoki bu shahardagi yashash darajasini odamni o‘zini yaxshi his etishi uchun muhim bo‘lgan 10 mezonga ko‘ra belgilaydi.

Bular orasida¸ o‘sha davlatdagi ichki barqarorlik¸ jinoyatchilik darajasi¸ mahalliy huquq tizimlari faoliyati¸ maktab va bog‘chalardagi sharoit¸ sog‘liqni saqlash va jamoatchilik transporti ahvoli¸ bo‘sh vaqtni o‘tkazish uchun mavjud imkonlar¸ shahar mansub davlatning boshqa mamlakatlarlar bilan munosabatlari va narxu navo kabi ko‘rsatkichlar bor.

Ana shu mezonlar bo‘yicha Toshkent xorijlik kelib yashashi uchun urush bo‘layotgan Ukraina poytaxti Kiev (176-o‘rin)dan ham yomonroq deb topildi.

Ayni paytda¸ O‘zbekiston poytaxti Toshkent ichki migratsiya markazi hisoblanadi va keyingi 10 yil davomida xorijga ketolmayotgan o‘zbekistonliklar talpinayotgan asosiy shahar bo‘lib qolmoqda.

Paxta monokulturasi girdobidan chiqolmayotgan O‘zbekiston viloyatlaridagi ishsizlar armiyasi tirikchilik ilinjida asosan Toshkentga intilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra¸ O‘zbekiston poytaxtida 2015 yil oxiriga kelib 2 million 400 mingga yaqin odam yashaëtgan bo‘lsa¸ kuzatuvchilar poytaxt aholisi soni 4-5 milliondan oshganini taxmin qiladi.

Poytaxt propiskasining yopilgani¸ bu yerga kelayotgan viloyatliklarning militsiya tomonidan muntazam ta’qib etilishiga qaramay¸ Toshkentga kelayotganlar soni kamaymayotir.

O‘zbekiston poytaxti xorijiylar uchun yashash sharoiti yomon shahar deb baholangan bir paytda Siz o‘zingizni Toshkentda qanday his qilasiz?

Mercer mezonlaridan kelib chiqib¸ Toshkentdagi shaxsiy xavfsizligingiz¸ bu yerdagi qulayliklarni qanday baholaysiz?

Agar tanlash imkoni berilsa¸ dunyodagi qaysi shaharda yashashni tanlagan bo‘lardingiz?

Dushanba¸ 29 fevral kuni Toshkent vaqti bilan oqshomgi soat 7 dan 8 ga qadar bo‘ladigan jonli interaktiv suhbatimizda shu haqda gaplashamiz. OzodSkype, OzodlikOnline va OzodOvoz Skype manzillari orqali jonli suhbatga qo‘shilishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG