Линклар

Ruslarning mashhur aktyori o‘zbek ayolini mashinasida urib qochdi


Aktyor Valeriy Nikolaev (chapda) “Yevrosiyo” kinofestivali mehmonlari bilan muloqot chog‘ida, Olmaota, 2014 yil 15 sentyabri.

Aktyor Valeriy Nikolaev (chapda) “Yevrosiyo” kinofestivali mehmonlari bilan muloqot chog‘ida, Olmaota, 2014 yil 15 sentyabri.

Rossiyalik taniqli aktyor Valeriy Nikolaev Moskva shahrida o‘zining Subaru rusumli avtomashinasida o‘zbekistonlik ayolni urib yubordi va voqea joyidan juftakni rostladi.

Rossiya nashrlarining xabar qilishicha, mazkur noxush hodisa Moskva markazida joylashgan Chistoprudniy xiyobonidagi yo‘lovchilar o‘tish joyida 25 fevral kuni sodir bo‘lgan.

Hodisadan so‘ng o‘zbekistonlik 54 yoshli Dilora Nurzullaeva Sklifosovskiy institutiga yetkazilgan.

Muhojir ayol Lifenews internet-nashri bilan suhbatda o‘sha kuni ishga ketayotgan bo‘lgani, yo‘lni kesib o‘tayotgan paytda tramvay yo‘li bo‘ylab katta tezlikda kelayotgan avtomobil uni urib yuborganini aytgan.

Rulda bo‘lgan Nikolaev ayolni urib yuborganidan keyin mashinasini tramvay yo‘liga to‘xtatib qo‘ygan.

- Yiqilganimda hammayog‘im loy bo‘lib ketdi, keyin bir amallab emaklab ko‘chaning narigi tomoniga o‘tdim. U esa hatto yonimga ham kelmadi, tizzalab yo‘ldan o‘tib ketishimni kuzatib turdi, keyin esa norozi ohangda: “Nima qilasan endi? Kasalxonaga borasanmi?” deya so‘radi, - deya iqtibos keltiradi Lifenews Dilora Nurzullaeva so‘zlaridan.

Hodisa guvohlari ayolning o‘rnidan turishiga ko‘maklashganlar va oyoqda bemalol turolmagani uchun unga yaqindagi emakxonadan kursi keltirib berganlar. Aktyor Nikolaev esa bu paytda mashinasining yonida turavergan. Tramvay kelganida atrofdagilar undan yo‘ldagi avtomobilini olib qo‘yishni so‘raganlar. U esa mashinasiga o‘tirib, hatto “tez yordam” ham chaqirmay ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. Shifokorlarga voqea guvohlari qo‘ng‘iroq qilganlar.

“Hech bo‘lmaganda qo‘lini cho‘zib, yordam ham qilib qo‘ymadi. Agar odamgarchilik qilganda, hatto tez yordamga ham borib o‘tirmasdim”, deydi Dilora opa.

Shifoxonada o‘zbekistonlik ayolning uchta qovurg‘asi singani, bir qancha joyi lat yegani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, shifokorlar uning miyasi chayqalgan bo‘lishini ehtimoldan soqit qilmayaptilar. Ertasi kuni ayol qatnab davolanish talabi bilan shifoxonadan chiqib ketgan.

Valeriy Nikolaev o‘zbek ayolini urib ketganidan so‘ng oradan bir kun o‘tgach, Moskva markazida avtomobili bilan trotuarga chiqib ketib, bir necha mashinaga shikast yetkazganidan keyin politsiya tomonidan tutilgan.

26 fevral kuni bo‘lib o‘tgan mahkama chog‘ida aktyor “Politsiya xodimi buyrug‘iga bo‘ysunmaganlik” ayblovi bilan 10 sutkaga hibs etilgan. Biroq u mahkama qarori o‘qib eshittirilguniga qadar sud zalidan juftakni rostlagan. Ertasi kuni Rossiyaning “Birinchi kanal”i jurnalistlari Valeriy Nikolaevni avtoservis oldidan topishgan. Jurnalistning: “Sud zalidan nima uchun qochib ketdingiz?” degan savoliga u: “Har kuniga 50 rubldan 500 rubl berib, qutulib ketdim”, deya javob bergan.

Rossiyalik aktyor sud binosidan politsiya xodimlarining loqaydligi tufayli juftakni rostlagan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Ammo 27 fevral kuni Moskva politsiyasi taniqli aktyorni qayta qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lgan. 50 yoshli aktyor Valeriy Nikolaevning aybi sudda isbotlansa, u 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG