Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:07

Pokistonda nomus uchun qilinadigan qotilliklar haqidagi film “Oskar” bilan taqdirlandi


“Daryodagi qiz: Kechirish bahosi” filmining rejissyori Sharmin Obaid-Chinoy.
“Daryodagi qiz: Kechirish bahosi” filmining rejissyori Sharmin Obaid-Chinoy.

Pokistonda olingan “Daryodagi qiz: Kechirish bahosi” deb ataluvchi film eng yaxshi qisqa hujjatli film nominatsiyasida “Oskar” mukofotini oldi.

Mukofot 28 fevral kuni Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tgan AQSh Kinematograf san’ati va fani akademiyasining 88-taqdimot marosimida topshirildi.

Rejissyor Sharmin Obaid-Chinoy yaratgan film Pokistonda nomus uchun qilinadigan qotilliklar haqidadir. Chinoy 2012 yil kislota hujumi qurboni bo‘lganlar haqida yaratgan “Yuz saqlash” filmi ham eng yaxshi qisqametrajli hujjatli film nominatsiyasida “Oskar” mukofotini olgan edi.

Mukofotni olganidan keyin so‘zga chiqqan Chinoy “Jur’atli ayollar birlashsa, shunday bo‘ladi”, dedi.

Rejissyor otasi va turmush o‘rtog‘i kabi “ayollarni maktabga borishga, ishlashga undovchi hamda ayollar uchun adolatli jamiyat qurish uchun kurashuvchi barcha erkaklar”ni ham olqishladi.

Pokiston qonunlariga binoan, o‘z qarindoshini o‘ldirgan erkaklarni ayolning qarindoshlari “xun puli” evaziga kechirsa, qotillar jazosiz qolishi mumkin.

Chinoy yaqinda Pokiston bosh vaziri Navaz Sharif bilan uchrashdi. Vazir “tegishli qonunlar yordamida Pokistonni ushbu yozuvlikdan xalos qilish”ga so‘z berdi.

Qo‘shiqchi Emi Uaynxaus haqidagi film eng yaxshi hujjatli film nominatsiyasida “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgan. “Olovli qish: Ukrainaning erkinlik uchun kurashi” filmi ham shu nominatsiyada nomzodlikka qo‘yilgan edi.

Bostondagi katolik ruhoniylarning jinsiy tajovuzkorligini fosh qilish uchun kurashuvchi jurnalistlar haqidagi “E’tibor” dramasi eng yaxshi film nominatsiyasida “Oskar” oldi.

Leonardo DiKaprio eng yaxshi aktyor nominatsiyasida “Oskar” mukofoti bilan taqdirlandi. Aktyor bundan avval to‘rt marta shu kategoriyada nomzod o‘laroq ko‘rsatilgan edi.

41 yoshga to‘lgan DiKaprio “Tirik qolgan” filmida yaratgan XIX asrda mo‘yna savdosi bilan shug‘ullangan shaxs obrazi uchun bu mukofotni qo‘lga kiritdi.

Film rejissyori Alexandro Gonsaales Inyarritu esa eng yaxshi rejissyor nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Bu rejissyorning so‘nggi ikki yil ichida qo‘lga kiritgan ikkinchi “Oskar” mukofotidir.

Aktrisa Bri Larson esa “Xona” filmidagi roli uchun eng yaxshi aktrisa deb topildi.

Eng yaxshi xorijiy tildagi film deb Xolokost haqidagi “Saulning o‘g‘li” dramasi topildi. Bu “Oskar” mukofoti bilan taqdirlangan ikkinchi mojar filmidir.

Afsonaviy italyan bastakori Ennio Morrikone esa Kventin Tarantino yaratgan “Qabih sakkiztalik” filmidagi ishi uchun “Oskar” bilan taqdirlandi.

Alisiya Vikander “Daniyalik qiz” filmidagi roli uchun eng yaxshi yordamchi aktrisa, Mark Raylens esa “Josuslar ko‘prigi” filmidagi roli uchun eng yaxshi yordamchi aktyor, deb topildi.

Bu yilgi marosim muammosiz o‘tmadi, chunki ikki yildan beri individual nomzod o‘laroq birorta ham qora tanli shaxs ko‘rsatilmay keladi. Bu yilgi marosimni olib borgan qora tanli qiziqchi Kris Rok hazil tariqasida tadbirni “oq odamlar tanlovi mukofoti”deb atadi.

XS
SM
MD
LG