Линклар

Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi qadimiy "Oloy" dehqon bozorining oziq-ovqat va quruq meva sotiladigan qismi dushanba kundan buzila boshladi. Savdogarlardan olingan ma’lumotga ko‘ra, ular vaqtincha bozorning usti ochiq avtomobil parkiga ko‘chirilgan. Bozor ma’muriyati qayta qurish ishlarini mustaqillikning 25 yilligiga tugatmoqchi. Bu bozor 2013 yilda ham qayta qurilgan edi.

"Oloy dehqon bozori" hududidagi do‘konlardan birida savdo qiladigan tadbirkorning ismini sir saqlash sharti bilan Ozodlikka aytishicha, dushanba kuni tongdan bozorning bir qismi buzila boshlagan:

"Bozorning oziq-ovqat sotadigan qismining yarmini buzishni boshlashdi. Biz savdo qiladigan do‘konlarga tegilmaydi, deb turishibdi hozircha. Biz savdo qilayapmiz. Lekin, oziq-ovqat sotadiganlarning bir qismi avtostoyankaga yoymaga o‘tishdi bugundan. Avvaldan ogohlantirishgan, shunaqa rekonstruksiya qilamiz, deb. Albatta, rozi ham bor, norozi ham bor endi. Lekin, bular bir buzamiz dedimi, buzadida baribir", dedi Oloy bozori hududidagi do‘konlardan birida savdo qiladigan tadbirkorlardan biri.

Ayni bozor hududida bo‘lgan xorijiy valyuta qora bozoridagi sarroflardan biri ham buni tasdiqlarkan, bozorning bir qismini bugundan yopishganini aytdi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, bozor to‘liq buzilib, qayta quriladi. Endilikda bozor markazida bir yirik pavilyon qurilishi va barcha mahsulotlar ana shu pavilyon ichida sotilishi aytilmoqda.

Toshkent shahar ma’muriyati 2016 yilda Toshkentdagi bir necha bozor, jumladan, "Mirobod", "Aviasozlar", "Navro‘z", "Sergeli", "Yunusabad" bozorlari ham qayta qurilishini ma’lum qilgan. Bozorlardagi ta’mirlash ishlarini bu yilgi Mustaqillik bayramiga qadar tugatish rejalangan.

Hozircha, "Oloy" va "Mirobod" bozorlarida yirik ta’mirlash ishlari bo‘lishi va faqat shu ikki bozordagi buzilish-qurilish ishlari uchun 15 milliard so‘m (5 million 200 ming AQSh dollari) ajratilgani aytilmoqda.

Buzila boshlagan qadimiy "Oloy" bozori 2013 yilda ham qayta qurilgan edi. O‘shanda bozor yonida avtomobil parki, bozor ichkarisida to‘rtta pavilyon qurilgan. Bu pavilyonlarda baliq, cho‘chqa, go‘sht va sut mahsulotlari sotilayotgan edi. O‘shanda bozorning 2 yarim ming metr kvadrat hududi qayta qurilgan va 1 yarim milliard so‘mga yaqin mablag‘ safrlangan.

Oradan 2 yildan oshiroq vaqt o‘tib, ayni bozor nega yana qayta qurilayotgani haqidagi savol hozircha ochiq qolmoqda. "Oloy dehqon bozori" ochiq aktsiyadorlik jamiyati rahbari Ahad Razzoqov idorasidan bu savolga javob olishning imkoni bo‘lmadi.

"Oloy" bozori Toshkentdagi qadimiy maskanlardan biridir. Uning tarixini qadimiy Ipak yo‘li tarixiga bog‘lashadi. Ammo, aynan hozirgi hajmdagi bozor bundan 150 yil muqaddam qurilgan va eski savdo rastalari 2013 yilgi qayta ta’mirda deyarli to‘liq buzib tashlangan.

O‘shanda jamoatchilik Toshkentning betakror timsoli bo‘lgan bozor o‘z tarixiy qiyofasini yo‘qotmoqda, deya qattiq norozilik bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG