Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:58

Moskvada samarqandlik enaga 4 yashar qizchani o‘ldirganlikda ayblanib ushlandi


Moskvadagi “Oktyabrьskoe pole” metro bekati yonida yosh bolaning tanasidan judo qilingan kallasini ko‘tarib, “Allohu Akbar!” deb baqirib yurgan qora qiyimdagi ayol politsiya tomonidan hibs etildi. O‘zbekiston fuqarosi ekani aytilayotgan bu ayolning ruhiy holatini tekshirish uchun ekspertizaga jo‘natildi. Shaxsi asli samarqandlik 39 yashar Gulchehra Boboqulova, deya aniqlangan ayol o‘zi enagalik qilagan 4 yashar qizchani o‘ldirganlikda ayblanib hibsga olindi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Boboqulova qizchaning boshini kesib olgach, kvartiraga o‘t qo‘ygan. Kvartiradan go‘dakning boshsiz tanasi topilgan.

Metro bekatida yosh bolaning boshini ko‘targan ayol ushlandi

29 fevral kuni ertalab Moskvaning “Oktyabrskoe pole” metro bekati yonida “Allohu Akbar!” deb baqirib yurgan ayol paydo bo‘ldi.

Yo‘lovchilar uzun qora kiyimdagi ayolning qo‘lida yosh bolaning tanasidan judo boshi borligini ko‘rgach, politsiya chaqirgan.

Voqea joyiga kelgan politsiya ayoldan hujjatini ko‘rsatishni talab qilgan paytda u sumkasidan kesib olingan kallani chiqarib, o‘zini portlatish bilan tahdid qiladi.

Metro bekatida qo‘lga olingan ayol
Metro bekatida qo‘lga olingan ayol

Hodisa joyiga yetib kelgan huquq muhofazasi xodimlari darhol metro bekatining kirish va chiqish yo‘laklarini yopib, u yerda “portlovchi moddalar qidirilayotgani”ni e’lon qilishadi.

Rossiya huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, qora qiyimdagi ayol o‘ldirilgan bolaning enagasi bo‘lgan.

Dushanba kuni ertalab “Narodnogo opolcheniya” ko‘chasidagi uylardan birida yonib ketgan kvartiradan 3-4 yoshlarda bo‘lgan qiz bolaning boshsiz tanasi topilgani ma’lum bo‘ldi. Politsiya bola vahshiylarcha o‘ldirilib, boshi tanasidan judo qilinganini aytmoqda.

Ertalabki soat 10-larda sodir bo‘lgan yong‘in joyida o‘t o‘chiruvchilar 4 kishining hayotini saqlab qolgan, ulardan ikki nafari tan jarohati olgan.

Qotillikda o‘zbekistonlik 39 yashar ayol ayblanmoqda

​Politsiya enagalik qiluvchi ayol Samarqand viloyatidan Moskvaga ishlagani kelgan 1977 yilda tug‘ilgan mehnat muhojiri Gulchehra Boboqulova ekanini ma’lum qildi.

Muhojir ayol qo‘lga tushirilganida nima qilayotganini bilmagan holatda bo‘lgan. Ayrim mahalliy axborot vositalari asli samarkandlik ayol "kuchli narkotiklar ta’siri ostida" bo‘lganini taxmin qildi:

- ​Kvartira egalari katta bolasini olib, ishga ketganidan keyin, bu ayol noma’lum sabablarga ko‘ra bolani o‘ldirgan, kvartiraga o‘t qo‘ygan va hodisa joyidan g‘oyib bo‘lgan, deya bildirdi Moskva shahri bo‘yicha Bosh Tergov qo‘mitasi.

Politsiya Gulchehra Boboqulovaga 2016 yilning 22 apreliga qadar migratsiya kartasi berilgani, biroq u ruxsatnoma-patentsiz ishlab kelganini aytmoqda.

Nastya ismli qizaloqning ota-onasi Oryol viloyatidan Moskvaga kelib ishlab yurgan rossiyaliklar bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

Metro bekatida hech qanday portlovchi moddalar aniqlanmagani xabar qilindi.

Ijtimoiy tarmoq va mahalliy axborot vositalarida 39 yoshli bu ayolning tanasidan judo qilingan boshni ko‘tarib, o‘tgan-ketganlarga nimadir deyayotgani tasvirlari paydo bo‘ldi.

- Bir daqiqadan keyin oxiri dunyo bo‘ladi, tez bo‘ladi. Men terrorchi! Men o‘lishlaringni istayman! Meni necha marotaba o‘ldirishdi – men tirikman. Oxiri dunyo kelishi bilan men o‘laman, deb metro chiqaverishida uzoqda turib uni kuzatayotgan politsiyachilar oldida baqirganini eshitish mumkin video tasvirlarda.

Keyinroq maxsus xizmatlar va politsiyachilarning bu ayolni hibsga olgani videosi ham tarqaldi.

Gumonlanuvchining ruhiy holati tekshirilmoqda

Hozirga kelib tergovchilar ayolni sud-psixiatriya ekspertizasiga tekshiruvga yuborgani ma’lum qilindi.

Tergov qo‘mitasida Ozodlik so‘roviga Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 105-moddasi 2-qismi (“Voyaga etmagan bolani o‘ldirish”) asosida jinoiy qo‘zg‘atilganini bildirishdi.

Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, Gulchehra Boboqulova o‘z harakatlarini eri uni tashlab ketgani bilan izohlagan, biroq yosh go‘dakning unga nima aloqasi borligini tushuntirib bera olmagan.

Uni tintuv qilgan idora xodimlari ayol ruhan layoqatsiz holatda bo‘lganini aytishmoqda. Boboqulovada uzoq vaqt davomida “maniakal psixoz” holati shakllanib borgani taxmin qilinmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv ko‘tarildi

Hodisani o‘z nazoratiga olgan Rossiya Prezidenti huzuridagi Bolalar ombudsmani Pavel Astaxov bu qotillikni “mudhish va tushunarsiz ” deb ta’riflab, ota-onalarga yollanayotgan har qaysi enaga yoki bola qarovchisining ruhiy holatini obdon tekshirishni tavsiya qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik enagani ko‘rib, hodisa joyidan juftakni rostlayotgan politsiyachilar harakatlaridan norozilik bildirilmoqda.

Taniqli muxolifatchi Aleksey Navalniy ham bu hodisaga izoh berdi:

Rossiya Federatsiyasi maxsus xizmatlari normativlari: Putinga qarshi plakat bilan metro yonida – 5 daqiqada ushlanadi, yosh bolaning boshini ko‘tarib “Ollohu Akbar!” hayqiriqlari bilan – bir soat”, deb yozdi u.

Yana bir siyosatchi Vladimir Milov viza rejimi bo‘lganida bu hodisa bo‘lmasligini ta’kidladi.

“Agora” tashkiloti sobiq rahbari Pavel Chikov “enaga bilan bog‘liq hodisa katta oqibatlarga olib kelishi” mumkinligidan ogohlantirdi.

“Farg‘ona.ru” axborot agentligi rahbari Daniil Kislov “Xavfsirab turibmanki, buning ortidan Moskvada Osiyodan kelgan enagalar modadan chiqadi”, deb yozdi o‘z sahifasida.

Ko‘plab kuzatuvchilar bu mudhish hodisa ortidan mehnat migrantlariga qarshi yangi bosimlar to‘lqini ko‘tarilishidan xavotir bildirmoqda.

XS
SM
MD
LG