Линклар

Prezident Karimovning "Oyog‘i yerdan uzilgan" hokimlar borasidagi tanqidi ortidan ularning vakolatini nazorat qiluvchi tizim joriy qilindi. Endilikda hokimning beshta o‘rinbosari yoniga oltinchi muovin tayinlandi. Bu muovin hokimga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunmaydi.

O‘zbekiston Prezidentining “Davlat boshqaruvi hududiy organlari tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risida”gi joriy yilning 24 fevralida imzolagan farmoni viloyat hokimlarining joylardagi mutlaq hukmronligiga chek qo‘yishni ko‘zlagani aytilmoqda.

Farmonda hokimliklari tuzilmasi yangidan tasdiqlandi.

Bu tuzilmaga ko‘ra viloyat hokimlariga avtonom tarzda ishlaydigan yangi o‘rinbosar shtati joriy etilgan.

Farmonga ilova qilingan jadvalda bevosita hokimga bo‘ysunadigan beshta o‘rinbosar yoniga bitta bevosita bo‘ysunmaydigan hokim o‘rinbosari belgilangan.

Jadvalda beshta xokim o‘rinbosari hokimga maxsus ishorat bilan bog‘langan.

Yangi o‘rinbosar va uning kotibiyati aks etgan katakcha esa avtonim holatda bog‘liqlik ishoratisiz tasvirlangan.

Yangi joriy qilingan va hokimning qishloq va suv ho‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari deb nomlangan mulozim hamda uning beshta xodimi prezident farmoni talablaridan kelib chiqqan holda¸ Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari hokimlik idoralari bilan o‘zaro hamkorlikda ishlash tartibi belgilangan.

O‘zbekiston Prezidentining “yangi o‘rinbosar” haqidagi farmonining ijrosi ustidan nazorat Bosh vazir Mirziyoev zimmasiga yuklatilgan.

Ozodlik bilan ismini aytmasdan suhbatlashgan O‘zbekiston qishloq va suv ho‘jaligi vazirligidagi mulozimga ko‘ra¸ viloyat hokimlariga “bo‘ysunmas” o‘rinbosar tayinlash O‘zbekiston prezidentidan chiqqan tashabbusdir:

- Hokimlar mutlaq hukmron bo‘lmasligi uchun qilingan ish bu. Prezident 4 fevral kuni Toshkent viloyatining navbatdan tashqari sessiyasida hokimni ishdan olganida o‘zi xon ko‘lankasi maydon hokimlar urchishiga barham berish haqida gapiruvdi. Bu gapdan 20 kun o‘tib xokimlarga yangi o‘rinbosar tayinlandi. Shu paytgacha o‘rinbosarlarni hammasi hokimga quldek bo‘ysunar edi. Endi jadvalni ko‘rgan bo‘lsangiz yangi o‘rinbosar va uning beshta xodimi hokimga bog‘lanmagan mustaqil tuzilma. Eshitishimcha, yangi o‘rinbosar bevosita Bosh vazir bilan aloqada bo‘ladi. Hokimni aylanib o‘tib vazirlar bilan gaplashadi. Yangi o‘rinbosar markaziy hokimiyatning mahalliy hokimlik ichidagi ko‘zi qulog‘i¸ deydi suhbatdosh.

Prezidentning tanbehi farmonga aylandi

Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 4 fevraldagi sessiyasida chiqish qilgan prezident Islom Karimov sobiq hokimni “oyog‘i erdan uzilib qolgan” va “bosar-tusarini bilmay qolgan” deya tanqid qilgan edi.

Bu tanqiddan 20 kun o‘tib “oyog‘i yerdan uzilib qolgan” hokimlarni nazorat qilishini ko‘zda tutgan farmon chiqdi.

O‘zbekistonlik jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra respublika rahbarining siyosiy irodasi bilan yaratilgan bu nazorat samarasiz bo‘ladi.

- Shu paytgacha struktura ham xokimlarni mutlaq hukmronga aylanmasligini ta’minlaydigan mexanizmga ega edi. Ammo ta’minlay olmadi. Yangi tashabbus ham muammoga yechim topadi deb o‘ylamayman. Boshqaruv tizimi shaffof bo‘lsagina avtoritarizmni oldini olish mumkin¸ deydi suhbatdosh.

Ayni paytda hokimliklar tuzilmalarida yangi qaror bo‘yicha yangilash jarayoni ketmoqda.

Joriy etilgan yangi shtatlar bo‘yicha vazifalar taqsimotini maqbullashtirish boshlangan.

Viloyat xokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari hamda viloyat hokimining o‘rinbosari – xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘z mavqeida qoldirilgan.

XS
SM
MD
LG