Линклар

logo-print

Toshkentda pensionerlarni plastik karta olishga ko‘ndirish vazifasi endi pochtalyonga yuklandi


Har bir pochtalyondan kamida 50 pensionerni ko‘ndirish talab qilinmoqda

Har bir pochtalyondan kamida 50 pensionerni ko‘ndirish talab qilinmoqda

O‘zbekiston bo‘ylab pensiyalarni bank to‘lov kartalariga o‘tkazish jarayoni yangi shiddat bilan davom etmoqda. Poytaxt Toshkentda pensionerlarni plastik karta olishga ko‘ndirish kampaniyasiga pochta aloqasi bo‘linmalari xodimlari ham jalb qilindi. Ayrim pochtachilardan kamida 50 nafar qariyani o‘z pensiyasini plastik kartaga o‘tkazishga ko‘ndirish majburiyati yuklangani aytilmoqda. Pochta xodimlarining Ozodlikka aytishicha, hozirda toshkentlik pensionerlarning aksaridan bank to‘lov kartalariga o‘tish to‘g‘risida arizalar olingan. Shu paytgacha qariyalarni ko‘ndirish ishlariga, mahalla qo‘mitalari, o‘qituvchilar, bank xodimlari safarbar etilayotgan edi.

Ozodlikka murojaat qilgan toshkentlik pochtachiga ko‘ra, yarim yildan beri pochta aloqasi bo‘linmalari xodimlaridan nafaqaxo‘rlarni bank to‘lov kartalarini olishga ko‘ndirish talab qilinmoqda.

“Bugun majlis bo‘ldi, unda pochta aloqasi xodimlarini rosa kamsitishdi, aholi bilan ishlashni bilmaysanlar, sanlarni kim ishga olgan o‘zi, deb izza qilishdi. So‘nggi yarim yildan beri nafaqaxo‘rlarni o‘z pensiyasini plastik kartaga o‘tkazishga rozi qildirish vazifasi yuklangan. Bu bizning vazifamizga kirmaydiku axir. Lekin majlisda ertaga tushga qadar 50 nafar pensionerdan plastik kartaga o‘tish to‘g‘risida ariza olib kelmasak, ishdan ketish to‘g‘risida ariza yozishimiz kerakligi uqtirildi. Bizga itdan battar muomalada bo‘lishyapti”, deb yozdi pochta xodimi.

Uydan chiqishga qiynaladigan qariyalarni pensiyalarini naqdsiz ko‘rinishda olishga ko‘ndirish insofsizlik emasmi, deya yozadi yana pochta xodimi.

“Boz ustiga pensiyalarini plastikka o‘tkazadiganlar o‘tkazib bo‘ldi. Lekin o‘zini eplay olmaydigan 75-80 yashar cholu-kampirlarni qanday qilib o‘tkazish mumkin plastik kartaga?” deyiladi Ozodlikka kelgan maktubda.

Toshkentdagi pochta aloqasi bo‘limlaridan birining mudiri Ozodlik bilan suhbatda poytaxtlik pochtalyonlar pensionerlarni bank to‘lov kartalarini olish to‘g‘risida ariza yozishga ko‘ndirish kampaniyasida qatnashayotganini tasdiqladi. Shaxsini ochiqlamaslikni ma’qul ko‘rganimiz suhbatdoshga ko‘ra, qariyalar bank to‘lov kartasiga o‘tish o‘zlari uchun faqat salbiy tomonlardan iboratligini yaxshi tushunishadi. Shunday bo‘lsa-da vaziyat qandayligini tushunib, pensiyalarining bir qismini o‘tkazishga rozi bo‘lishmoqda, deydi pochta bo‘limi mudiri.

- Biz ularga tushuntiryapmiz, pensiyalar kechikayotgani tufayli, hech bo‘lmasa 30 foizini o‘tkazinglar, deb. Ulardan o‘tinib so‘rayapmiz. Pensiyalari kichik bo‘lgan, masalan 100-200 ming nafaqa oladiganlarni 100 foiz o‘tkazyapmiz,- deydi suhbatdosh.

Pochta bo‘linmasi mudiri ham o‘z hududidagi pensionerlarning ko‘pchiligi plastik karta olishga rozi bo‘lgani faqatgina o‘zini eplay olmaydigan qariyalar qolganini aytadi.

- Sizga aytyapmanu, bu yerda o‘rnidan tura olmaydigan kampir-chollar bor. Ular hammasi kasal, qarovga muhtoj. Bizning bo‘linmamiz 1500 pensionerga xizmat qiladi. Shulardan 300-350 nafari o‘tkazilgani yo‘q. Qanday qilib, ularni o‘tkazasiz? Bu qariyalar kartani qanday ishlatadi? Bizga biriktirilgan bank xodimlarining o‘zlari ko‘rishdiku,- deydi pochta aloqasi bo‘linmasi mudiri.

O‘zbekistonda qariyb 10 yildan beri davom etayotgan oylik va nafaqalarni plastik kartochlarga o‘tkazish jarayoni so‘nggi bir-ikki yil ichida ayniqsa kuchaydi. Avval byudjet tashkilotlari xodimlari, jumladan o‘qituvchi, shifokor, davlat korxonalari ishchilari maoshlari, talabalar stipendiyalari plastik kartaga o‘tkazildi. So‘nggi ikki yil davomida esa, qariyalar nafaqalarini bank kartalariga ommaviy o‘tkazish boshlandi.

Toshkentda shu paytgacha mahalla qo‘mitalari va bank xodimlariga pensionerlarni plastik kartaga o‘tishga ko‘ndirish vazifasi yuklangan edi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, poytaxtda qariyalarni ko‘ndirishga urinishayotgan bo‘lsa, viloyatlarda ko‘p hollarda qariyalarning roziligisiz pensiyalari plastik kartaga o‘tkazilmoqda.

Namangan viloyati tumanlaridan birining pochta bo‘linmasi mudiriga ko‘ra, 2-3 yil avvalroq tumandagi 24 mingga yaqin nafaqaxo‘rga oyiga jami 8 milliard so‘m naqd pul to‘lanar edi. Bugun esa, inflyatsiyaga qaramasdan, nafaqalarning 2,5 milliard so‘mi naqd to‘lanmoqda, qolgani bank to‘lov kartalariga o‘tkazilyapti, deydi pochta mudiri.

O‘zbekiston hukumati inflyatsiyani jilovlash maqsadida mamlakat iqtisodida sun’iy ravishda naqd pul taqchilligini yuzaga keltirganini aytishadi mutaxassislar. Buning oqibatida naqd pulsiz to‘lovlar tizimi deyarli yo‘lga qo‘yilmaganiga qaramasdan, aholining davlat byudjetiga qaram qatlami ommaviy tarzda bank to‘lov kartalariga o‘tkazildi.

Maosh va pensiyalari bank kartalariga tushadigan o‘zbekistonliklar oldi-berdi qilganda pullari o‘rtacha 10-15 foizga qadrsizlanadi.

O‘zbekiston Markaziy banki rasmiylaridan biri Ozodlik bilan suhbatda plastik kartalar “o‘zbeklarni madaniylashtirish” maqasdida joriy etilayotganini ta’kidlagan edi.

XS
SM
MD
LG