Линклар

logo-print

O‘zbekistonda o‘tgan islomiy ilmiy-ma’rifiy anjumanda keyingi yillarda safida o‘zbekistonlik musulmonlar ham ko‘rina boshlagan “Qur’oniylar” nomli jamoa tanqid qilindi. Aytilishicha, bu jamoa Islomda sunnatni to‘liq yoki qisman inkor qiladi. Hanafiy mazhabidagi o‘zbekistonlik ahli ilmlar bu g‘oyani xiylakorlarning Islomga zarbasi, deb tanqid qilmoqda. Bu g‘oya tarafdorlari esa buni hukumat himoyasidagi peshvolarning toqatsizligiga yo‘ymoqda.

"Qur’oniylar"

"Islomda sunnatning o‘rni va "Qur’oniylar" nomi ostida O‘zbekistonda o‘tgan ilmiy-ma’rifiy anjumanga yig‘ilgan taniqlik din peshvolari va marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning shogirdlari keyingi paytlarda "safida o‘zbekistonlik musulmonlar paydo bo‘lgan" "Qur’oniylar" nomli bir jamoani tanqid qildilar.

Anjumanda aytilishicha, bu jamoa sunnatni to‘liq yoki qisman inkor qiladi va an’anaviy tarzda hanafiylik mazhabi hukm surib kelgan O‘zbekiston va unga qo‘shni davlatlarda "Qur’oniylar" g‘oyasini tashuvchi o‘zbek tilidagi qo‘llanmalarning paydo bo‘lishi xavflidir.

Bu borada ma’ruza qilgan o‘zbekistonlik yosh ahli-ilmlardan biri – Abror Muxtor Aliy “Qur’oniylar” jamoasini "Islomga jiddiy zarba berish maqsadida tuzilgan" jamoalardan biri sifatida ta’rifladi.

Abror Muxtor Aliy o‘z nutqi davomida hozir xorijda bo‘lgan asli o‘zbekistonlik jurnalist Kamoliddin Yo‘ldosh va u nashrga tayyorlagan 200 bandlik kitobni ham tilga oldi.

O‘zbekistondagi ilmiy-ma’rifiy anjumanda tilga olingan "Qur’oniylar" jamoasi va 200 bandlik qo‘llama haqida Ozodlikka so‘zlagan jurnalist Kamoliddin Yo‘ldosh mamlakat ichkarisidagi bu kabi tanqidlarni "siyosiy maqsadni ko‘zlovchi harakatlar", deb baholadi. Ayni paytda u ichkarida “Qur’oniylar” deb nomlanayotgan jamoaga oid g‘oya tarafdori ekanini ham tan oldi.

Sunnatni inkor qilish mantig‘i

Istanbulda istiqomat qilayotgan jurnalist, keyingi yillarda diniy mavzularda ham izlanishlar olib borayotgan Kamoliddin Yo‘ldosh fikricha, aslida sof Islom faqat "Qur’on" va unga mos keluvchi hadislargagina suyanishi kerak. "Qur’on"ga mos kelmagan hadislar esa inkor qilinishi kerak.

Kamoliddin Yo‘ldosh

Kamoliddin Yo‘ldosh

Uning fikricha, bugungi aksar musulmonlar nazarida sof Islom "Qur’on"da bo‘lmagan, ammo asrlar davomida olimlar tomonidan dinga sun’iy ravishda singdirilgan bid’at va xurofotlardan iborat bo‘lib qolgan.

- Masalan, "Qur’on"da mazhablarga ergashish yo‘q. Payg‘ambarimiz zamonlarida ham, undan keyin ham bo‘lmagan. Hozir esa "Mazhabga ergashmasang, to‘g‘ri musulmonman yoki yo‘q", deyishadi. Lekin bu noto‘g‘ri. O‘zbekistonda davlat tarafidan qurilgan diniy boshqarma hukumat sinovidan o‘tgan proekt - bu hanafiylar mazhabi doirasida nazoratda ushlab turibdi. Masalan, ayollar masalasi. "Qur’on"ning tamal huquqlaridan biri erkak va ayolning teng huquqligi. Ammo, hadislarda ayollar jahannamni to‘ldiruvchilardir, ayol kishi oldindan o‘tib ketsa, namoz buziladi va hokazo, deyilgan. Bunaqa narsalar juda ko‘p, - deb ta’kidlaydi Kamoliddin Yo‘ldosh.

Uning nazarida eng muhim jihat hukumatlar sunnatni dastak qilib olgan ​olimlardan, O‘zbekiston misolida esa hanafiy mazhabidagi ulamolardan, xalqni o‘z hukmiga bo‘ysundirish va itoatda ushlab turish yo‘lida foydalanib kelmoqda.

- Ya’ni, Islom dini aql emas, naql diniga aylantirilgan. Hamma savollarning javoblari ulamolarning fatvolarida, deb singdirilgan va mustaqil ravishda "Qur’on"ni mutolaa qilish va fikrlashga o‘rin berilmagan. Aslida, Islom qulaylik dini va mening nazarimda, "Qur’on"ni o‘qigan, mushohada qilgan, erkin fikrlagan odam hamma savollariga javob topadi, - dedi Ozodlik bilan suhbatda Kamoliddin Yo‘ldosh.

Uning aytishicha, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonda paydo bo‘lib qolgan 200 bandlik kitobning chop etilganidan esa yaqinda xabar topgan. Uning aytishicha, aslida bu "Qur’on"da bo‘lmagan, ammo dinga singdirilgan bid’at va xurofotlar sanalgan 200 moddalik bir ro‘yxatdir.

Ayni paytda u bu g‘oya tarafdorlariga "Qur’oniylar" deya nom berilishini ham tanqid qildi va buni O‘zbekistonda siyosiy rejimga xizmat qilayotgan ulamolarning ixtirosi, deb baholadi.

Quyida Kamoliddin Yo‘ldosh bilan suhbatni tinglang:

"Qur’oniylar"ning xatari

Ozodlik Kamoliddin Yo‘ldoshni tanqid o‘zbekistonlik ahli ilm Abror Muxtor Aliy bilan ham suhbatlashdi.

Kamoliddin Yo‘ldosh kabi musulmonlar g‘oyasini tanqid qilayotgan o‘zbekistonlik ahli ilm Abror Muxtor Aliy “Qur’oniylar” jamoasi sunnatni inkor qilishi bilan Islomga jiddiy zarar bermoqda, deb hisoblaydi.

Abror Muxtor Aliy

Abror Muxtor Aliy

U Sof Islom avvalo "Qur’on", so‘ngra hadis va albatta, asrlar davomida Islom ilmini avloddan avlodga o‘tkazib kelayotgan ahli ilmlarning kitoblariga tayanishi kerak, deb ta’kidlaydi.

- "Qur’oniy"larning ikki toifasi ma’lum. Birinchi toifa hadislarni mutlaqo inkor qiladi. Bulardan ilmiy asosingiz nima, deb so‘rasangiz: "Biz aql, mantiq, falsafaga tayanamiz", deyishadi. Ammo, bu judayam katta xatarli gap. Chunki, aql hammada har xil bo‘ladi. Ikkinchi toifa "Qur’oniylar" esa hadislarni qisman inkor qiladi. "Qur’on"ga mos hadislarni tan olamiz, mos kelmagan hadislarni tan olmaymiz, deyishadi. Bu toifa ham yana aqlga tayanadi. Aqlning "Qur’on" ustidan hakam qilishning xatarli ekanini musulmonlar olimlar ta’kidlaydi. Ammo, ayni paytda ulamolar aqlni inkor qiladi, degan ma’noni chiqarib olmaslik kerak. Islom aqlni o‘z o‘rniga qo‘yadi. Aqlning o‘z o‘rni bor, o‘z qobiliyati bor va ulamolar o‘sha qobiliyat darajasida aqlni tan oladi, - deydi Abror Muxtor Aliy.

Uning fikricha, "Qur’oniylar"ning bugungi musulmonlar jamiyatiga xatari jiddiydir:

- Katta xatar - sunnatni inkor qiluvchilar o‘z aqllarini Islom uchun hakam qilib oladi va shu aqllari bilan barcha musulmonlar ming yillar osha amal qilib kelayotgan Islomga zarba urishmoqchi, belini sindirishmoqchi. Bu juda katta xatar va buni ilmiy saviyada ko‘rilsa, ochiq ko‘rinadi. Hozir sunnatni inkor qilmasdan ulamolarni inkor qiladigan guruhlar ham. Biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri "Qur’on" va hadisdan olaveramiz, deyishadi. Ular ham o‘z aqllarini ustun qilib olgan va bularning xatarini ham bugungi kunda butun dunyoda ko‘rib turibmiz. O‘z aqllariga tayanib, musulmonlarni kofirga chiqarib, o‘limga hukm qilib yotishibdi. Buning ortida katta xiyla yotadi, - deydi Abror Muxtor Aliy.

Quyida bu ahli ilm bilan suhbatni tinglang:

Fikrlarini tinglaganingiz ikki dindor o‘rtasidagi bahs aslida asrlardan buyon davom etib kelayotgan bahslardan biridir.

E’tibor berganingizdek, bu bahsning sof diniy jihatiga emas, balki ko‘proq bugungi O‘zbekiston va unda istiqomat qilayotgan musulmonlarning ijtimoiy-siyosiy hayotiga bo‘layotgan ta’siriga ahamiyat berishga urindik.

Eshitganingizdek, tomonlar bir-birga qarshi qo‘yilgan argumentlari bilan ikki jiddiy muammo – O‘zbekistondagi siyosiy rejim ostidagi din va diniy haq-huquqlari masalasi hamda bugungi kunda radikallashib borayotgan musulmonlar masalasini tilga olmoqdalar.

Shu ma’noda, bu mavzu ko‘lami keng va tilga olingan muammolarning aktualligi bois, kelgusida bu bahsni davom ettirish niyati bor.

XS
SM
MD
LG