Линклар

OzodJavobning navbatdagi sonida nima uchun va qay tartibda fuqarolikdan mahrum qilinishi borasida o‘rganamiz. O‘tgan yilning avgustidan boshlab O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotish asoslari va uni rasmiylashtirish tartibiga o‘zgartish kiritilgan.

“O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra,​

quyidagi holatlarda O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilinadi:

1) O‘zbekistonlik chet davlat armiyasida harbiy xizmatga, xavfsizlik xizmatiga, shuningdek chet davlatda politsiyaga, adliya organlariga yoki davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa organlariga ishga kirgan taqdirda;

2) O‘zbekistonda doimiy propiskadan chiqib chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarosi besh yil davomida konsullik qaydidan o‘tmasa, bu holat uni fuqarolikdan chiqarish uchun asos bo‘lishi mumkin. Lekin uzrli sababi bor shaxs fuqaroligini yo‘qotmaydi. Konsullik bo‘limining rahbari O‘zbekiston fuqarosi o‘z vaqtida konsullik hisobidan o‘tmaganligi sabablari uzrli yoki uzrli emasligini vaziyatga qarab mustaqil baholaydi.

Bu tartib O‘zbekistonda doimiy propiskadan chiqmasdan, chet elda vaqtincha yurgan fuqarolarga tegishli emas.

5 yillik muddat to‘g‘risidagi qoida 16 yoshga yetmagan shaxslarga ham taalluqli bo‘lmaydi.

3) O‘zbekiston fuqaroligi yolg‘on ma’lumotlar yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida olingan bo‘lsa;

4) Agar shaxs xorijiy davlat foydasini ko‘zlab faoliyat yuritish yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etish orqali jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy zarar etkazgan bo‘lsa;

Fuqarolikdan mahrum qilish tartibi qanday?

O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotish fakti "O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning 31, 32-moddalariga muvofiq shaxs O‘zbekiston ichkarisida doimiy qayddan o‘tgan joydagi ichki ishlar organlari tomonidan, chet davlatda doimiy istiqomat qiluvchilar uchun esa konsullik muassasalari tomonidan qayd etiladi.

Agar shaxs xorijda bo‘lsa, O‘zbekistonning konsullik muassasalari fuqaroga tegishli materiallarni Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi.

Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy xavfsizlik xizmatidan shaxs borasida xulosa oladi va materiallarni Prezident huzuridagi fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiyaga taqdim etadi. Komissiya prezident qaror qabul qilishi uchun taklif kiritadi;

Chet davlat foydasiga faoliyat yuritish natijasida jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgani aniqlangan holatda huquq-tartibot idoralari Ichki ishlar vazirligiga taqdimnoma yuboradi.

Ushbu vazirlik Tashqi ishlar vazirligi va MXX bilan hamkorlikda Prezident huzuridagi fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiyaga materiallarni taqdim etadi. Komissiya prezidentga taklif kiritadi.

O‘zbekiston Prezidenti farmoni chiqqan kundan boshlab shaxsning fuqaroligi yo‘qotilgan hisoblanadi.

Lekin avvalo tegishli idoralar shaxsning o‘ziga fuqarolikni yo‘qotishiga asos bo‘luvchi sabablar borasida ma’lum qilishi lozim. Shundan keyingina uni fuqarolikdan chiqarish jarayoni boshlanishi lozim.

O‘zbekistonda fuqarolikdan mahrum qilish ham fuqarolikka kirish ham, chiqish ham Prezident vakolatidadir.

Xorij davlatida doimiy yashash huquqini olib¸ bu davlat fuqaroligini olish istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni yildan-yilga oshib bormoqda.

Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish to‘g‘risidagi ariza 1 yil davomida ko‘rib chiqiladi. Lekin aksar holatlarda fuqarolikdan chiqish uchun ariza berib, yillar davomida kutayotganlar soni anchagina.

******* **** **** **** *** *** *** *** *** *** *** *** *** ***

Aziz mushtariy¸ agar sizning bugungi savollarga muqobil javoblaringiz bo‘lsa, yoki o‘z tajribangizda sinalgan holatlar bilan Ozodlik olgan javoblarni to‘ldira olsangiz, o‘z fikr-mulohazalaringizni sharh sifatida qoldirishingizni so‘raymiz.

Shuningdek, yana qaysi savollarga javob topishni istaysiz - OzodJavobga murojaat qiling.

Savollaringizni Skype orqali OzodSkype yoki OzodlikOnline manzillariga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, telefon orqali +420 602 612 713 va +420 221 123 381 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, savollaringizni berishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG