Линклар

O‘zbekiston diniy idorasi "Internet tahdidlaridan" ogohlantiruvchi kitob chiqardi


Kitob muqovasiga Facebook, Google, Twitter kabi o‘nlab texnologiya shirkatlari logotiplari tushirilgan

Kitob muqovasiga Facebook, Google, Twitter kabi o‘nlab texnologiya shirkatlari logotiplari tushirilgan

O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi butun mamlakat bo‘ylab “Internetdagi tahdidlardan himoya” nomli yangi kitob taqdimotini o‘tkazmoqda. Idora raisining o‘rinbosari qalamiga mansub kitob bugungi kunda Internet “ekstremist va terrorchilar”, qolaversa “g‘arblik ayrim g‘arazli kuchlar” o‘zbek “yoshlarini manqurtlashtirish” maqsadida ishlatadigan qurolga aylangani ta’kidlanadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Yaponiya va AQSh kabi mamlakatlarda 90 foiz aholi Internetdan foydalanadi, lekin aholisining 38 foizi Internetga kirish imkoniga ega O‘zbekiston jahon tarmog‘idan ogohlantiruvchi kitob chop qilgan sanoqli mamlakatlardan biriga aylandi.

"Internetdagi g‘arazli kuchlardan ehtiyot bo‘l!"

O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi raisi o‘rinbosari Aydarbek Tulepovning “Internetdagi tahdidlardan himoya” nomli kitobi taqdimoti shu kunlarda butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilmoqda.

2015 yilning oxirida chop etilganiga qaramasdan allaqachon yilning eng yaxshi kitobi, deya e’tirof etilgan nashr prezentatsiyasida diniy idora vakillari bilan, ichki ishlar organlari, jamoatchilik tashkilotlari va arboblari ishtirok etmoqda.

“Internetdagi tahdidlardan himoya” kitobi taqdimoti din va jamoat arboblari ishtirokida Qur’on tilovati bilan ochilib, duolar bilan yakunlanmoqda.

“Internetdagi tahdidlardan himoya” kitobi taqdimoti din va jamoat arboblari ishtirokida Qur’on tilovati bilan ochilib, duolar bilan yakunlanmoqda.

Muxbiringiz kitobni varaqlab ko‘rgani yo‘q, lekin taqdimot marosimi haqida berilayotgan xabarlardan bugun duyoning barcha muammolari asosiy sababchisi Internetdir degan mujdani ko‘rish mumkin.

Masalan, diniy idora bergan xabarnomada aytilishicha, Toshkent va Xorazm viloyatida o‘tgan taqdimot ishtirokchilari “terrorchilik tashkilotlari o‘z safini kengaytirib, manfur maqsadlarini amalga oshirishda asosan internetdan” foydalanayotganini ta’kidlashgan.

Shuningdek “asarda g‘arblik ayrim g‘arazli kuchlar tomonidan yoshlarni manqurtlashtirish maqsadida, behayolik, zo‘ravonlik, odam o‘ldirish, beparvolik, dangasalik kabi ko‘plab salbiy xislatlarni o‘z ichiga qamrab olgan o‘yinlarning zararlariga ham alohida urg‘u berilgan”i aytiladi diniy idora xabarnomasida.

Muallifning hamkasbi, musulmonlar idorasi raisining muovini shayx Abdulaziz Mansur Ozodlik bilan suhbatda kitob muallifining maqsadi Internetni qoralash emas, shunchaki yoshlarga undan oqilona foydalanishni o‘rgatishdir, deya bildirdi.

- Internetdan hamma foydalanadi, uning ijobiy tomonlari juda ko‘p. Lekin yoshlar buni o‘yin sifatida, bo‘sh vaqtlarini shu bilan o‘tkazish maqsadida turli-tuman saytlarga kirib, bo‘lar-bo‘lmas narsalarni o‘qib, shundan ta’sirlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Kitobda Inetrnetdan oqilona foydalanish usullari ko‘rsatilyapti. Va hayotdan misollar bilan ko‘rsatilyaptiki, o‘sha Internet orqali nimani bo‘lsa o‘qib, o‘shanga ishonib ketish natijasida ular o‘zlarining to‘g‘ri yo‘llarini yo‘qotib qo‘yganliklari va o‘sha noxuj natijalarga ega bo‘lganliklari uchun bizda shuning oldi vaqtliroq olinyapti,- deydi diniy idora mulozimi.

Abdulaziz Mansurning aytishicha, kitobning har bir sahifasida “yo hadis, yo sahobalar rivoyatlaridan iqtibos keltirilib” kitobxon Internet tahdidlaridan ogohlantiriladi.

Taraqqiy etgan mamlakatlar Internetdan qo‘rqmaydi

Texnologiya mutaxassislariga ko‘ra, O‘zbekistonda 11 millionga yaqin odam, ya’ni aholning 38 foizi Internetdan foydalanadi. Yaponiya, AQSh, Germaniya, Fransiya kabi tarqqiy etgan mamlakatlarda 85-90 foiz aholi Internet foydalanuvchisidir. Internet eng asosiy huquqlar sirasiga kiritlgan Finlyandiya, Norvegiya va Shvetsiyada esa 95 foiz aholi jahon tarmog‘i mijozidir.

Lekin O‘zbekistondan farqli o‘laroq bu mamlakatlarning birortasida yoshlar “Internet tahdidlari”dan ogohlantirilayotgani yo‘q. Umuman olganda Internet tahdidlari bu mamlakatlarda virus, spam yoki elektron firibgarliklar kabi muammolar bilan bog‘liq.

Boshqa hisob-kitoblarga ko‘ra, taraqqiy etgan mamlakatlar aholilarining o‘rtacha 80 foizi Internetda foydalanadi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha 32 foizni tashkil etadi.

Diniy idora vakillari ishtirokida Qur’on tilovati bilan ochilib, duolar bilan yopilayotgan kitob taqdimot marosimlari yoshlarni bugungi taraqqiyotning asosiy omillaridan biri hisoblangan Internetdan cho‘chitib qo‘ymasmikan, degan savolga shayx Abdulaziz Mansur qisqacha “aslo”, deb javob berdi.

IShID tahdidlari ham oyat va hadislar bilan bezatildi

Monitor oldida ko‘p o‘tirish ko‘zning qizarishiga olib kelishi mumkinligi to‘g‘risidagi maslahatlarni ham o‘z ichiga olgan “Inetrentdagi tahdidlardan himoya” kitobining muqovasiga Facebook, Google, Twitter, Whatsapp, Telegram, Yahoo, Apple, Youtube, Skype, Microsoft kabi o‘nlab texnologiya shirkatlari logotiplari tushirilgan.

Facebook asoschisi Mark Tsukerberg Internetni jahon bo‘ylab yanada kengaytirish rejalarini e’lon qilgan

Facebook asoschisi Mark Tsukerberg Internetni jahon bo‘ylab yanada kengaytirish rejalarini e’lon qilgan

Bu shirkatlar jahon bo‘ylab Internet aholisining kengayishiga hissa qo‘shayotgani rost. Facebook asoschisi Mark Sukerberg 2015 yil sentyabrida BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun va Germaniya Kansleri Angela Merkel ishtirokida o‘tgan xalqaro tadbirda Internetni yanada kengaytirish rejalari haqida e’lon qildi.

- Facebook bugun jahon yetakchilari va jamoat arboblari ishtirokidagi One Campaign harakati bilan birgalikda Internetga bog‘lanish deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan umumjahon kampaniyasini boshlayotganini e’lon qilishdan mamnunman. Mazkur deklaratsiyada Internetga kira olish imkoni inson huquqlari ta’minlanishining muhim omili ekanini e’tirof etadi,- dedi Tsukreberg.

Yaqinda esa, Mark Sukreberg va Twitter tarmog‘i rahbari Jek Dorsiga “Islomiy davlat” ekstremist guruhi tahdid qildi. Bunga Facebook va Twitter tarmoqlaridan IShIDga doir sahifalarni olib tashlash urinishi sabab bo‘ldi. Eng qizig‘i IShIDchilar o‘z tahdidlarini “Internet tahdidlaridan himoya” kitobidagi kabi oyat va hadislar bilan bezadi.

O‘zbekiston rasmiy matbuotida Internet va ijtimoiy tarmoqlarni “atom bombasi”ga qiyoslagan targ‘ibot materiallar bundan avval ham paydo bo‘lgan.

Yaqinda prezident Islom Karimov Internetni to‘xtatishga uringanlarni “ahmoq”, deb ataganiga qarmasdan, O‘zbekistonda mustaqil axborot vositalari, jumladan Ozodlik sayti to‘sib qo‘yilgan. Xalqaro tashkilotlar tarafidan “Internet dushmani”, deya tasniflangan O‘zbekistonda Skype xizmati yarim yildan beri ishlamaydi.

XS
SM
MD
LG