Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:06

O‘shda masjidga qatnab yurgan o‘smir o‘zini osib qo‘ydi


Masjiddagi bolakaylar (illyustrativ surat).
Masjiddagi bolakaylar (illyustrativ surat).

Japalaqdagi 34-sonli maktabda o‘qigan Jenishbek Cho‘nmurunov 21 fevral kuni o‘z uyida o‘zini osib qo‘ydi. O‘smirning otasi Bazarbek Cho‘nmurunov farzandini bu fojiaga diniy tushunchalar undaganini taxmin qiladi.

- Mullalar yosh o‘spirinlarga har narsani ochiq-oydin aytavermasligi kerak. Masjidga borganda “behisht-jannat” deb qulog‘iga quyaversa, bu yerda qiynalgan paytda “u yoqda mazza ekan, o‘sha yoqni bir ko‘rsam”, deb orzu qilib qolarkan. Ular hamma narsani kinoda ko‘rgandek tasavvur qilib oladi. Oxirgi paytlarda o‘g‘lim maktabga qatnamayotgandi. Keyin bu ish sodir bo‘ldi. Haligacha o‘zimga kelolganim yo‘q. Ba’zan o‘g‘lim hovlida qiyqirib, ashula aytib yoki ekin-tikinga qarab yurgandek bo‘ladi, - dedi Bazarbek Cho‘nmurunov Ozodlikning qirg‘iz xizmati bilan suhbatda.

O‘shda maktab o‘quvchilarining darsdan qochib, namozga ketib qolganiga oid holatlar ko‘p kuzatiladi.

O‘sh shahar ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Qushtarbek Kimsanov o‘quvchilarning maktabdan tashqaridagi hayotini ota-onalar muntazam ravishda nazorat qilib borishi lozimligini aytadi.

Ayni paytda mutaxassislar maktablarda siyosat haqida bilim berilmagani kabi bolalar qatnashi mumkin bo‘lgan masjidlarda jannat va do‘zaxgacha bo‘lgan ma’lumotlar bilan cheklanilsa bo‘ladi, chunki bu bola psixologiyasiga qanday ta’sir qilishini hech kim oldindan aytib berolmaydi, degan fikrdalar.

Biroq japalaqlik o‘smir o‘limini milliondan bir bo‘lgan baxtsiz tasodif deb hisoblagan O‘sh viloyat qozisi Samidin Atabaev fikricha, bunday cheklov o‘rinsiz.

- Do‘zax va jannat haqidagi ma’lumotlar Xudoning Qur’oni Karimda bizga bergan oyatlari-da. Do‘zax va jannatga ishonish, oxiratga ishonish imon shartlaridan biridir. Jum’a ma’ruzalaridan bir umr bu mavzularni doim chetlab o‘tolmaymiz. Biz maktab yoshidagi bolalarni noto‘g‘ri yo‘lga boshlayotganimiz yo‘q, aksincha, ularni doim yaxshilikka undab, ota-onaga hurmat, vatanga muhabbatga undab kelyapmiz. Bu tasodifda masjidni ayblash to‘g‘ri bo‘lmaydi, - deydi O‘sh viloyat qozisi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, an’anaviy Islom dini xudkushlikning har qanaqa shaklini qoralaydi. O‘zini o‘ldirgan kishi Ollohga osiy hisoblanib, hatto janozasi o‘qilmasligi mumkin.

Bu orada O‘sh shahar va viloyat ichki ishlar boshqarmalari jalapaqlik o‘smir o‘limi yuzasidan tekshiruv boshlab yuborgan. O‘sh shahar militsiyasi matbuot kotibi Zamir Sidiqov o‘spirinning o‘limi sabablari hozirda masjiddan izlanayotganini ma’lum qildi.

- Eskpertiza va biz to‘plagan tezkor ma’lumotlar asosida tergov o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishi mumkin. Chunki ayrim guvohlar o‘smirning o‘zini tutishi u masjidga qatnay boshlaganidan keyin o‘zgarganini haqida ko‘rsatma berganlar, - dedi Zamir Sidiqov.

O‘tgan yili O‘sh shahrida 31 kishi, shu jumladan, 1 o‘smir o‘z joniga qasd qilgan. Viloyat bo‘yicha esa 14 nafar voyaga yetmagan bola o‘zini o‘ldirgan. Odatda, suitsid bilan bog‘liq hodisalar sabablari astoydil tekshirilmaydi.

XS
SM
MD
LG