Линклар

O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida nafaqaxo‘r otaxon-onaxonlar plastik kartalariga o‘tkazilgan pensiyalarini naqd qilish uchun ertadan kechgacha dorixonalar oldida turib, naqd pul bilan kelgan haridorlarni ovlashmoqda. Pensiyalari yuz foiz plastik kartalariga o‘tkazib berilayotgani sababli ular nafaqalarini dorini harid qilmoqchi bo‘lgan haridorlar yordamida naqd qilishga majbur bo‘lmoqda.

Oltiariqlik tadbirkor Hamidjon Ozodlik bilan suhbatda o‘zi sotuvchilik qiladigan do‘kon yonidagi dorixona oldida haridorlardan plastik kartochkasiga tushirilgan pensiyasini naqd qilishga yordam so‘rayotgan qariyalar ko‘payganini aytadi.

- Pensiya gashtini surishi kerak bo‘lgan otaxon, onaxonlarimiz aptekalar oldida plastikdan pul yechgani turishibdi. Kim borsa tilanchilarday “naqd pulingiz bormi, meni plastikimdan to‘layvering, menga naqd pulingizni beraverasiz“, deb plastikdan pulini yechib olyapti, - deydi oltiqariqlik tadbirkor.

Pensiyalarni naqd qilishning bu usuli so‘nggi haftalarda O‘zbekistonda nafaqalarni plastik kartochkalarga o‘tkazish kuchayishi ortidan ommalashgan.

Hozirda ayrim viloyatlarda nafaqaxo‘rlarning pensiyasi ular xohlamasalar ham yuz foiz plastik kartochkasiga turishib berilyapti.

Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesidagi “Salomatlik Baraka” dorixonasi oldida ham har kuni o‘ndan ziyod nafaqaxo‘r turganini ko‘rish mumkin.

Sababi dorixonalar terminallar orqali har qanday turdagi plastik kartochkadan to‘lovni qabul qilib olishi mumkin. Bundan tashqari foiz ham olmaydi.

- Hozir pensionerlarimiz nafaqasi kartochkaga tushishi bilan aptekalarga yugurishadi. Chunki, aptekalarda plastikdan foiz olmaydi. Do‘konlarda plastikdan 10 foiz oladi-da. Hozir qaysi aptekani oldiga bormang pensionerlar turadi. Ular haridorlar yordamida o‘ziga kerakli miqdorni yechib oladi, ketadi. Ayrimlari ohirigacha turadi. Apetekaga naqd pulda dori olishga kelganlar shu qariyalarga savob uchun ham yordam berishadi. Foiz so‘raydiganlari ham bor. O‘n ming so‘mlik dori olsa to‘qqiz minggini naqdda beraman, deydiganlar bor, ular shunga ham rozi, - deydi farg‘onalik Ilhomjon.

Farg‘onaning Qo‘qon shahrida yashovchi 67 yoshli pensioner G‘afforxon ota bir necha oydan beri pensiya puli plastik kartochkaga o‘tkazilayotganini aytadi.

- Bu plastik bilan bozorga borib yegulik harid qilolmaysiz-da. Hamma joyda naqd pul so‘raydi. Oziq-ovqatni supermarketlardan sotib olay desang, u erda ancha qimmat. Xalq bankiga pensiya pulini naqd pul qilib berishini so‘rab ariza topshirganimga qaramay, shu choqqacha hech qanday javob olganim yo‘q. "Naqd pul yo‘q", deyishadi. Juda oz qismini naqd berishadi, u yetmaydi-da. O‘zi 550 ming so‘m nafaqa olsam, shuni 30 foizini naqd beryapti-da. Nafaqani o‘zi hech narsaga yetmayaptiku, - deydi G‘afforxon ota.

O‘zbekistonda pensiya bilan ta’minlash masalalari 2010 yildan buyon Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi zimmasida bo‘lib kelmoqda.

O‘zbekiston Pensiya jamg‘armasi mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda naqd pul yetishmovchiligi sabab nafaqaxo‘rlarga pensiyalarining 40 foizi naqdda, qolgani plastikka o‘tkazib berilayotganini aytdi.

- Pensiya miqdori 60 foizi plastik, 40 foizi naqd bo‘lyapti. Juda extiyojmandlarga arizasiga qarab naqd miqdori ko‘paytiriladi, lekin asosan ellikka-ellik yoki oltmish foizi plastik bo‘lyapti, Yuz foiz plastikka olayotganlar ham bor, o‘z xohishlariga qarab bo‘lyapti bu, - deydi Pensiya jamg‘armasi mulozimi.

O‘zbekistonda qariyb 10 yildan beri davom etayotgan oylik va nafaqalarni plastik kartochkalarga o‘tkazish jarayoni so‘nggi bir-ikki yil ichida ayniqsa kuchaydi.

Avval byudjet tashkilotlari xodimlari, jumladan o‘qituvchi, shifokor, davlat korxonalari ishchilari maoshlari, talabalar stipendiyalari plastik kartaga o‘tkazildi.

So‘nggi oylarda esa, qariyalar nafaqalarini bank kartalariga ommaviy o‘tkazish boshlangani haqda Ozodlik avval xabar bergan edi.

Ayrim viloyatlarda esa pensionerlarning nafaqasi plastikka ham vaqtida tushmayapti.

O‘tgan yil Ozodlikka sizdirilgan O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosarining Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga yo‘llagan hisobotda mamlakat iqtisodida vujudga kelgan naqd pul taqchilligi boisbanklarning oylik va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni vaqtida berish uchun naqd pul qolmagani to‘g‘risida ogohlantirilgan edi.

XS
SM
MD
LG