Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:53

AQShdagi ommaviy qotillik qurbonlari orasida qozog‘istonlik 2 bola bo‘lgan


Qozog‘iston rasmiylari o‘tgan haftada AQShning Vashington shtatida ro‘y bergan ommaviy qotillik qurboni bo‘lgan ikki o‘smir asli qozog‘istonlik bo‘lib, AQSh fuqarolari tomonidan asrab olinganini tasdiqlashdi.

29 fevral kuni Qozog‘iston Ta’lim va fan vazirligi ikki o‘smir – 18 yoshli Timur Tori Karlson hamda 16 yoshli Damir Kuin Karlson – Qozog‘iston shimolidagi Oqmo‘la viloyatida tug‘ilganini, 2002 yil ularni amerikalik er-xotin asrab olganini bildirdi.

Asl ismi Timur Daniyarovich Koktiev hamda Damir Dulatovich Abdrahmanov bo‘lgan ikki o‘smir Shuchinsk shahridagi bolalar uyidan asrab olingan.

Ostonadagi rasmiylar o‘smirlar Qozog‘iston fuqaroligini saqlab qolganini yoki AQSh fuqaroligini olganini aniqlashga urinmoqda. Qozog‘istonning inson huquqlari bo‘yicha ombudsmeni “kelajakda fuqarolarimiz boshiga bunga o‘xshash fojea tushishining oldini olish uchun” mazkur holat yaqindan ko‘rib chiqilishi kerakligini bildirdi.

Ikki o‘smir 51 yoshga to‘lgan Devid Ueyn Kempbell 25 fevral kuni Belfer shahrida joylashgan uyi yaqinida otib o‘ldirgan to‘rt shaxs orasida bo‘lgan.

Kempbell yana 49 yoshli ayoli Lana Karlsonni ham o‘ldirgan. Xabarlarga ko‘ra, Karlson avvalgi turmush o‘rtog‘i bilan qozog‘istonlik bolalarni boqib olgan. Kempbell yana qo‘shnisini ham otib o‘ldirgan. Keyinroq politsiya bilan to‘qnashuv paytida Kempbell boshiga o‘q uzib o‘zini ham o‘ldirgan.

Avvalroq ikki o‘smir Rossiyada asrab olingani xabar qilingan edi. Rossiya 2012 yil AQSh fuqarolari tomonidan rus bolalarining boqib olinishini man qilgan. Rossiya hukumatining bu harakati iqtisodiy sanksiyalarga javob o‘laroq ko‘rilgan edi.

Rossiyaning bolalar huquqlari bo‘yicha ombudsmeni Pavel Astaxov 28 fevral kuni “Vashington xorijda asrab olingan barcha bolalarni ro‘yxatga olish uchun umumiy tizim yaratish bo‘yicha Moskva iltimosini rad etgani uchun” bolalarning fuqaroligini aniqlash oson kechamyotganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG