Линклар

logo-print

Jizzax prokuraturasi 100 dan oshiq odamni uysiz qoldirmoqchi


Prokuratura nishoniga aylangan qo‘shbarmoqliklar istalgan kunda uylariga ekskavator bostirib kirishidan qo‘rqib yashamoqda.

Prokuratura nishoniga aylangan qo‘shbarmoqliklar istalgan kunda uylariga ekskavator bostirib kirishidan qo‘rqib yashamoqda.

Jizzax tuman Qo‘shbarmoq fuqarolar yig‘iniga qarashli mahallalardan birida yashovchi yuzdan oshiq odam ko‘chada qolish tahdidi ostida yashamoqda. Tuman hokimligi qarori bilan kamida 22 oilaga uy qurish uchun ajratilgan ikki gektardan oshiq yer Jizzax viloyat prokuraturasi tomonidan noqonuniy berilgan deb topilgan va tuman sudi qarori bilan buzilishga buyurilgan. Bu uy egalari esa o‘zlarining Jizzax shahriga tutash mahalladagi kattagina yerni o‘zlashtirishga urinaëtgan guruhlar qurboniga aylanganini aytmoqda.

Ozodlikka uzoq yillik mehnati hisobiga qurilgan hovlisi buzilish tahdid ostida qolgan qo‘shbarmoqliklarning aytishicha¸ shu kunlarda prokuratura xodimlari noqonuniy qurilgan deb topilgan hovlilarga kelib¸ uy egalarini buzilish boshlanishidan ogohlantirmoqda.

Jizzax tuman sudi Qo‘shbarmoq mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Oqvoy O‘ralov ko‘chasida qurilgan yigirmadan oshiq hovlini buzish haqida o‘tgan yilning avgust oyida qaror chiqargan.

Da’vogar sifatida sudga ariza kiritgan Jizzax viloyat prokuraturasining bu yerlarni Jizzax tumanining o‘tmishdagi hokimlari noqonuniy ravishda qurilish uchun ajratgan degan iddaosi sud tomonidan qondirilgan.

Qo‘lida hokimlikning tegishli qarori bo‘lgan bu xonadon egalari sud-ijroiya departamenti xodimlari militsiya hamrohligida sud qarori bilan mahallaga borganda¸ xotin-qizlar to‘polon ko‘targan va hatto ijrochilarga tashlangan. Yuzaga chiqqan janjalning kattalashib ketishidan qo‘rqqan mahalliy tizimlar norozilikni bostirish uchun darhol sudning boshqa qarorini taqdim qilganlar. Ikkinchi qaror bilan Jizzax tuman sudi bu hovlilarni buzishni to‘xtatishni buyurgan.

Ammo qo‘shbarmoqliklarning Ozodlikka aytishicha¸ mojaro bu bilan yechimini topmagan. 2016 yilning ilk haftasidan boshlab yana ular joylashgan hududni o‘lchash va buzilish boshlanishi haqidagi rasmiy ogohlantiruvlar qayta boshlangan.

Buzilishga tushgani haqidagi qarordan so‘ng tabiiy gazdan butunlay uzilganicha yashayotgan bu xonadonlarga ular hovlisi joylashgan hududning kimga¸ nima uchun kerak bo‘lgani haqida biror tushuntirish berilmagan.

“Kimdir¸ bu uylar o‘rniga katta yo‘l tusharkan desa¸ boshqasi¸ bu yerda kasalxona quriladi¸ deydi. Kasalxona qursa¸ yonimizda katta maydonlar bor¸ o‘sha yerga qurmaydimi? Mahallamiz Jizzax shahri hududiga tutash. Taxminimizcha¸ bu yer kattalardan kimgadir kerak bo‘lib qolgan va uni prokuratura va sud vositasida tortib olishmoqchi”¸ deydi Ozodlikka o‘z shaxsi sir qolish sharti bilan gapirgan qo‘shbarmoqliklardan biri.

Jizzax tuman hokimligiga yaqin Ozodlik manbasi¸ masalaning ancha chalkash ekanini e’tirof etgan holda¸ hozircha 22 xonadonni buzish-buzmaslik haqida sudning yangi qarori kutilayotganini bildirdi.

“Hozircha sud buzilish haqidagi qaror ijrosi to‘xtatilsin¸ degan. Bu qarorni bekor qilmagan. Yaqin orada bu masalada yangi qaror chiqishi kerak. Uning nima bo‘lishini biz bilmaymiz. Jizzax viloyat prokuraturasi buzilsin¸ deb bosim qilayapti. Odamlar qattiq norozi va to‘polon chiqib ketishi mumkin” deydi Ozodlik bilan suhbatda vaziyatga yaqin manba.

XS
SM
MD
LG