Линклар

Oltiariqlik 11 yigitni hizbchi deb, qora niqoblilar olib ketdi


Oltiariqlik yigitlarning hozirda qaerda hibsda ushlab turilgani ma’lum emas.

Oltiariqlik yigitlarning hozirda qaerda hibsda ushlab turilgani ma’lum emas.

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida o‘n bir nafar yigit diniy ayblovlar bilan hibsga olindi. Oltiariqdan olingan ma’lumotga ko‘ra, bir paytning o‘zida o‘n bir yigitning uylarida reyd o‘tkazilgan va barcha yigitlar boshiga qop kiygizilgan holda olib ketilgan. Ushlanganlarga Hizbut Tahrir guruhiga aloqadorlik ayblovi qo‘yilgani aytilayapti.

Oltiariqda 16 fevral kun o‘tgan reydlar va hibslar haqida Ozodlikka 2 mart kuni ma’lum bo‘ldi.

Voqea tafsilotlaridan xabardor oltiariqlik manbaning aytishicha, qora niqoblilar reydi natijasida 11 yigit bir kunning o‘zida hibsga olingan:

Qora kiyimdagi niqobli odamlab kelishgan. Yigitlarning uylari juda qattiq tintuv qilingan. Odamlarni qo‘rquvga solish uchun hamma xonadonni tong saharda bosishgan. Ertalab soat 6 da, hamma bomdod namozini o‘qish uchun masjidga chiqqan paytda kelishgan. Tintuv soat 6 da boshlanib, soat 15 gacha davom etgan. Yigitlarni xavfli jinoyatchilarni qo‘lga olgandek, boshlariga qop kiydirib olib ketishgan”, deya xabar qildi tafsilotlardan xabardor manba ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Oltiariqdan olingan ma’lumotga ko‘ra, hibsga olingan 11 yigit Oltiariqning Tinchlik shaharchasi, Poloson qishlog‘i, Cho‘rak qishlog‘i va Chinor tagi mahallarida yashovchi fuqarolardir.

Ushlanganlarning eng yoshi 25 yoshda, yoshi kattasi esa 34 dagi yigitlardir.

Huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, hibsga olinganlardan ikki nafari Tinchlik (sobiq Hamza) shaharchasi Ro‘dakiy ko‘chasida yashovchi yigitlardir. Ulardan biri Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ishchisi, 29 yashar Husanboy Karimov bo‘lib, uning egizagi Hasanboy Karimov ham o‘tgan yili diniy ayblovlar bilan hibsga olinib, 11 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Hasan-Husan Karimovlarning qo‘shnisi 25 yashar Nodirbek Ibragimov ham neftni qayta ishlash zavodi ishchisi bo‘lib, u ham 16 fevral kungi reyd davomida hibsga olingan.

Huquq-tartibot idoralaridagi manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, reyd davomida Poloson qishlog‘ida yashovchi tadbirkor, 33 yashar Bahrom Toshpo‘latov ham hibsga olingan.

Manbaning Ozodlikka aytishicha, ushlangan 11 yigitning barchasiga Hizbut Tahrir guruhiga aloqadorlik ayblovi qo‘yilgan.

Hibsga olingan yigitlarning hozirda qaerda ushlab turilgani Ozodlikka noma’lum. Ushlanganlarning yaqinlari ham bu borada biror ma’lumotga ega emasliklarini aytishayapti.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda diniy ayblovlar bilan so‘roqqa tutish va hibsga olish holatlari ko‘paygani kuzatilayapti.

Xususan oltiariqlik yigitlar hibsga olingan kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi poytaxtning Chilonzor tumanida yashovchi 4 nafar dindor ustidan mahkama jarayonini boshladi. Bu dindorlar “Salafiylar” diniy oqimiga mansublikda ayblanib, Toshkent shahar IIBB tomonidan 2015 yilning 20 iyulida hibsga olingan.

2015 yilning oktyabr va noyabr oylarida Toshkent viloyati hamda shahrida 200dan ortiq odamning hibsga olingani inson huquqlari faollari tomonidan xabar qilingan.

Bundan tashqari, yana o‘nlab odam Farg‘ona, Xorazm va Namangan viloyatlarida hibsga olingani haqida ma’lumotlar bor.

O‘zbekiston IIV faollar tarqatgan bu xabarlarni qisman tasdiqlagan, ammo bu borada aniq raqamlarni ma’lum qilmagan.

XS
SM
MD
LG