Линклар

Ukrainaning Zakarpatye viloyati, Kalina qishlog‘idagi Lenin ko‘chasi bundan buyon Lennon nomi bilan ataladi. Bu Ukrainada “kommunistik va millatchi-sotsialistik totalitar tuzum ramzlarini taqiqlash” kampaniyasi doirasida qilingan mahalliy hukumatning navbatdagi qarori bo‘ldi. Oldinroq Xarkov viloyati Izyum shahridagi Lenin maydoni ham buyuk “Bitlz” musiqachisi nomiga o‘zgartirilgan edi.

Zakarpatye viloyat davlat ma’muriyati raisi Gennadiy Moskal chorshanba kuni imzolagan qaroriga ko‘ra, mintaqadagi aholi punktlaridagi bir nechta ko‘chaning nomi o‘zgartiriladigan bo‘ldi.

“Kommunistik va millatchi-sotsialistik (natsist) totalitar tuzumlarini qoralash va ular ramzlarini Ukrainada taqiqlash to‘g‘risida”gi toponimlarni o‘zgartirish bo‘yicha bajarilayotgan bu davlat qonuniga muvofiq Zakarpatye viloyati Tyagach tumani Kalina qishlog‘idagi LENIN ko‘chasi nomi ham o‘zgartirildi. Endilikda ko‘chaga taniqli ingliz rok-guruhi “Bitlz” guruhi yetakchilaridan biri kompozitor Jon LENNON nomi berildi.

Gennadiy Moskal rasmiy saytida aytilishicha, shu tariqa Mejgorye qo‘rg‘onidagi “Shchors” ko‘chasi Ukraina sharqidagi janglarda o‘tgan yilning fevralida halok bo‘lgan Viktor Markus nomiga, “Kolxoznaya” ko‘chasi Chexoslovakiyaning mashhur milliy kurashchisi va prezidenti Tomash Masarik nomiga, “Oktyabrskaya” ko‘chasi – ukrain milliy-jamoatchilik faoli Edmund Bachinskiy nomiga, Solotvi qishlog‘idagi “Oktyabrskaya” ko‘chasi esa taniqli vengr rassomi Shimon Golloshi nomiga o‘zgartirildi.

Shuningdek, o‘zining g‘aroyib boshqaruvi bilan Ukrainada tanilgan Gennadiy Moskal sovet davri “xalq oqsoqoli” nomiga qo‘yilgan “Kalinin” ko‘chasini “Kalina” ko‘chasiga o‘zgartirish to‘g‘risida buyurdi.

- Zakarpatyedagi ko‘plab kommunistik nomdagi ko‘chalar o‘zgartirilmasdan yotgan edi, vaholanki “dekommunizatsiya qonuni”ga muvofiq bu ishga yarim yil ajratilgandi. Zakarpatyeni “kommunizm” asoratlaridan tozalash ishlari davom etadi, dedi viloyat hokimi Gennadiy Moskal.

Oldinroq Ukraina Sharqidagi Xarkov viloyatida “Dekommunizatsiya to‘g‘risida”gi qonunga binoan kompozitor va qo‘shiqchi Jon Lennon xotirasiga Izyum shahridagi Lenin maydoni nomi o‘zgartirilgan edi.

U yerdagi mahalliy hukumat eski tuzum namoyandalari nomiga atalgan toponimlarni o‘zgartirish tarafdori ekanini ma’lum qilgan. Masalan, bu shaharning “Artyom” ko‘chasi bundan buyon qo‘shiqchi “Viktor Soy” nomiga o‘zgarishi, “Sakko va Vantsetti” ko‘chasi – “Vladimir Visotskiy”, “Bakalova” ko‘chasi esa “Pikasso” deb atalishi qonunan belgilandi.

Ta’kidlash joyizki, Lenin nomidagi Izyum shahri markaziy maydoni Google Mapsdaallaqachon Lennonga o‘zgartirilganini ham ko‘rish mumkin:

Izyum shahridagi Lennon ko‘chasi

Izyum shahridagi Lennon ko‘chasi

Jami Ukrainada “Dekommunizatsiya to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, 940 ziyod aholi punkti, minglab ko‘cha, maydon va bulvarlar nomi o‘zgartirildi.

Oldinroq Ukraina hukumati 2016 yilning 21 fevraliga qadar natsist va ularga tenglashtirilgan kommunistik tuzumlardan qolgan toponimik atamalarni o‘zgartirish zarurligi to‘g‘risida qaror chiqargan edi.

Ozodlik Ukrainaning turli shahar-mintaqalarida Lenin haykallari qulatilayotgani to‘g‘risida oldin xabar bergan edi.

“Kommunistik va millatchi-sotsialistik (natsist) totalitar tuzumlarini qoralash va ular ramzlarini Ukrainada taqiqlash to‘g‘risida”gi Ukraina davlat qonuni 2015 yilning 9 aprelida qabul qilingan va may oyida kuchga kirgan.

XS
SM
MD
LG