Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:41

Farg‘onaning Chashmasi uch yildan beri suvsizlikdan azob tortmoqda


So‘x O‘zbekistonga nisbatan eksklav, Qirg‘izistonga nisbatan anklav hisoblanadi.
So‘x O‘zbekistonga nisbatan eksklav, Qirg‘izistonga nisbatan anklav hisoblanadi.

Farg‘ona viloyatiga qarashli Chashma qishlog‘i faollari va mahalliy rahbariyatning urinishlariga qaramay, uch yildan beri Qirg‘iziston tomoni qishloqqa ichimlik va sug‘orish suvini bermay kelayapti. Buning natijasida qishloqdagi 360 xonadon va fermerlar muntazam suvsizlikdan azob tortmoqda.

O‘zbekistonning So‘x eksklavidagi Chashma qishlog‘i hamda Qirg‘izistonning Birlik qishlog‘i o‘rtasida uch yil avval boshlangan suv janjali shu kungacha davom etmoqda. Mazkur muammoni hal qilish maqsadida o‘zbek va qirg‘iz mahalliy rasmiylari muntazam uchrashuvlar o‘tkazib borayotir. Lekin barcha uchrashuvlar natijasiz yakunlanayapti.

2 mart kuni Chashma qishlog‘i rasmiylari va faollari Qirg‘izistonning Birlik qishlog‘iga borib, mahalliy rahbarlar bilan yana suv muammosini muhokama qilgan. Ammo so‘xlik manbaning bildirishicha, qirg‘iz rasmiylari Chashamaga suv berish uchun deyarli bajarib bo‘lmaydigan shartlarni qo‘ygan. So‘xlik manbaning aytishicha, 3 mart kuni chashmaliklar bu muammoni hal etib berish talabi bilan So‘x tuman hokimiyatiga kelgan.

“Qirg‘iz tomoni chegarani to‘sib turgan simlarni kesib, o‘zlariga yo‘l ochib berilishini talab qilayapti. Agar shu talabni bajarsanglar suv beramiz deyishdi. Bugun chashmalik bir guruh faollar So‘x tuman hokimiyatiga kelib, bu masalani chegarachilar bilan hamkorlikda hal qilib berishni iltimos qilayapmiz. Biroq chegara simlarini uzib, qirg‘iz tomoniga yo‘l ochib berish masalasini tuman hokimiyati ham, chegarachilar ham Toshkentning ko‘rsatmasisiz hal qilib bera olmaydi. Buni biz ham yaxshi tushunamiz. Asosiy maqsadimiz, mana shu arz-dodimiz Toshkentga yetib borarmikin, degan bir umid”, dedi so‘xlik manba.

Ikki davlat chegarasidagi qishloqlarda suv mojarosi ikki yil avval Qirg‘izistonning Birlik qishlog‘i aholisi chegaraning aniqlanmagan hududidan o‘z hamqishloqlaridan birining uyiga yo‘l ochib berishni talab qilgani ortidan kelib chiqqan.

O‘zbekistonning So‘x tumanidagi yer va suv masalasi bilan shug‘ullanuvchi davlat idorasida ishlovchi manba o‘tgan yili Ozodlik bilan suhbatda Chashma qishlog‘i aholisi murosaga kelib qirg‘izistonliklar talab qilgan yo‘lni ochib berganini, biroq qirg‘iz tomon shu kungacha Chashma qishlog‘iga suv bermayotganin aytgan edi. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, qirg‘iz tomoni to‘sib olgan buloq suvi chegaraning shu kungacha aniqlanmagan hududida joylashgan.

Qirg‘izistonga qarashli Birlik qishlog‘i hokimi Asanbay Jo‘ro‘ev esa Ozodlik radiosiga chashmaliklarda suv muammosi bor, degan gapga ishonmasligini aytgan:

-Chashma qishlog‘ida muqobil suv bilan ta’minlash tizimi bor. Bu suv ularni bemalol ta’minlashi mumkin, -degan edi Ozodlikka Asanbay Jo‘ro‘ev.

So‘x tumanidagi yer va suv masalasi bilan shug‘ullanuvchi davlat idorasida ishlovchi manba manba esa qirg‘iz tomonining bunday bildiruvini rad etgan. Unga ko‘ra, chegaraning aniqlanmagan hudududida joylashgan buloqdan Qirg‘iziston tomoniga ikkita ariqda, O‘zbekiston tomoniga esa to‘rt-beshta irrigatsiya sistemasi orqali suv ketadi. Bu buloqdan So‘x tumaninig 45 foiz aholisi uylariga ichimlik suvi vodoprovod quvurlari orqali yetib boradi. Ammo O‘zbekistonnig Chashma qishlog‘iga buloq suvi Qirg‘iziston hududidan o‘tuvchi ariq orqali beriladi. Bu ariqning to‘sib qo‘yilishi ortidan esa ikki yildan beri 360 xonadon ichimlik va sug‘orish suvisiz qolmoqda. Buning oqibatida yil sayin ekinzorlar qurib, chashmaliklar suvni bir necha chaqirim naridagi qishloqlardan tashimoqda.

XS
SM
MD
LG