Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:23

Boboqulovaning to‘ng‘ich o‘g‘li O‘zbekistonda hibsga olingani aytilmoqda


Moskvada 4 yashar qizchani o‘ldirganlikda gumonlanib, hibsga olingan Gulchehra Boboqulovaning to‘ng‘ich o‘g‘li O‘zbekistonda hibsga olingani aytilmoqda. Boboqulovaning otasi Bahriddin To‘raev Rossiyaning Gazeta.ru Internet nashriga bergan intervьyusida qizi bundan bir oy avvalroq Samarqanddan Moskvaga uchib ketganini gapirib berdi. Ota ham qizining ko‘p yillardan beri ruhiy kasallik bilan dispanser ro‘yxatida bo‘lganini tasdiqladi.


Bahriddin To‘raevning Gazeta.ru nashriga aytishicha, qizi bundan avval hech qachon namoz yoki Qur’on o‘qimagan, masjidga qatnamagan. 62 yoshli To‘raevning bildirishicha, 29 fevralь kungi voqea ortidan Boboqulovaning to‘ng‘ich o‘g‘li 19 yashar Rahmatillo O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tarafidan hibsga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, Rahmatillo o‘tgan yilning noyabr oyigacha Moskvada yashagan.

Dushanba kuni Moskvada 4 yashar qizchaning tanasidan judo qilingan boshini ko‘targan holda metro bekati yonida qo‘lga olingan Boboqulovaning otasiga ko‘ra, u noyabr oyida O‘zbekistonga pasportini almashtirish maqsadida qaytib borgan:

“Uning ketishini istamagan edik, ketma, shu yerdan ham ish topasan, deb qaytarmoqchi bo‘ldik. Lekin Gulchehra oyog‘ini tirab turib oldi. Bu yerda zerikishini, u yerda esa “qizchasi” borligini aytar edi. Moskvada enagalik qilgan qizchaning rasmini bizga ko‘rsatib, uni sog‘inishini aytar edi. U 23 yanvar kuni Moskvaga uchib ketdi, o‘zim Samarqanddan kuzatib qo‘ydim. Undan avval esa, ikki oycha biznikida onasi bilan yashadi”, deya bildirdi To‘raev Gazeta.ru muxbiri Yelizaveta Maetnayaga bergan intervyusida.

Uning yana aytishicha, Boboqulovaning 19 yashar to‘ng‘ich o‘g‘li voqea ro‘y bergan kuniyoq O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tarafidan hibsga olingan:

“U Moskvada bir oilada yashagan. Rahmatillo Moskvadagi bozorda ishlagan paytda u bilan uch martagina uchrashishgan xolos, chunki ular bir-birlaridan uzoq joylarda yashashgan. Rahmatillo noyabr oxirida Moskvadan uchib keldi va qaytib ketish niyati yo‘q edi. Uni dushanba kuni kechqurun hibsga olishib, qaergadir olib ketishdi. Hozir qaerdaligini, unga nima bo‘lganini bilmaymiz, bizga hech narsa aytishmayapti”, deya iqtibos keltirdi Gazeta.ru nashri.

Bahriddin To‘raev qizi Gulchehra 2002 yilda ruhiy kasllik bilan og‘rib kasalxonaga yotqizilganini ham gapirib bergan:

“2002 yilda bo‘ldi bu. Qandaydir g‘alati gaplarni gapira boshladi, ovozlarni eshitayotganini aytdi, qulog‘iga gap kirmasdi. Qandaydir agressiya paydo bo‘ldi. U yerga borma, desam, qaysarlik qilib, yo‘lidan qolmasdi. Yupatsam, “ota qo‘rqib ketyapman”, deb takrorlardi. Shundan keyin kasalxonaga olib bordik, u yerda 13 kun yotib chiqdi”, deya bildirgan Boboqulovaning otasi Gazeta.ru nashriga.

Gazeta.ru muxbiri Yelizaveta Maetnaya o‘z maqolasida yozishicha, Samarqand viloyati ruhiy kasalliklar klinikasida Boboqulova 2002 yilda davolanganini tasdiqlagan.

Gulchehra Boboqulova 29 fevral kuni Moskvaning “Oktyabrskoe pole” metro bekati yonida qo‘lida kesib olingan qizchaning boshini ko‘tarib yurgan paytda qo‘lga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, u o‘ldirilgan qizchaning enagasi bo‘lib ishlagan. Tergovchilarning gumon qilishicha, asli samarqandlik ayol qizchani o‘ldirib, boshini kesib olgan. Shundan so‘ng u izlarni yo‘qotish maqsadida kvartiraga o‘t qo‘ygan va voqea joyidan ketib qolgan.

Chorshanba kuni sudga olib kelingan Boboqulova o‘zi enagalik qilgan 4 yashar qizchani o‘ldirganini tan oldi. Jurnalistlarning “nega unday qildingiz”, degan savoliga “Alloh buyurdi”, deya javob qaytardi u.

2 mart kuni Moskva shahar Presna tumani sudi qaroriga ko‘ra, Boboqulova ikki oyga hibsga olindi.

3 mart kuni Boboqulova so‘roq-savol qilinayotgani tasvirlangan navbatdagi video paydo bo‘ldi. Unda o‘zbekistonlik ayol o‘z harakatlarini Suriyani “bombalayotgan Putindan qasos olish” bilan izohladi. Jurnalistning “bolada nima ayb”, degan savoliga Boboqulova:

- Qasos oldim. Kim qon to‘kkan bo‘lsa, o‘shandan qasos oldim. Putin qon to‘kyaptiyu, samolyotlardan bombalayaptiyu. Nima uchun musulmonlarni bombalayapsizu, hech kim hech narsa demayapti? Ular ham yashashni istaydiku. Qarang kichkina-kichkina bolalar o‘lib ketyapti. Ha, shuning uchun qasos oldim,- deydi Boboqulova yig‘lamsirab.

Boboqulovaning bu so‘zlari Rossiya matbuotining asosiy mavzusiga aylandi. Payshanba kuni Rossiya rasmiylari bunga munosabat bildirdi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi matbuot vakili Vladimir Markin bu so‘zlardan shov-shuv yasamaslikka chaqirdi. Chunki, dedi rasmiy, “shizofreniya diagnozi qo‘yilgan odamning jinoyat sodir etilayotgan paytdagi motivlari, u keyinroq bergan izohlariga, odatda to‘g‘ri kelmaydi”.

Kremlь matbuot vakili Dmitriy Peskov esa, gap “mutlaqo layoqatsiz ayol” haqida ketayotganini inobatga olib, uning so‘zlariga ham tegishli tarzda munosabatda bo‘lishga chaqirdi.

Material Gazeta.ru muxbiri Elizaveta Maetnaya
yordamida tayyorlandi

XS
SM
MD
LG