Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:35

Buxorolik ona MXXni tadbirkor o‘g‘lini urib o‘ldirganlikda ayblamoqda


 Marhumning onasi jo‘natgan suratlarni Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti o‘rganmoqda.
 Marhumning onasi jo‘natgan suratlarni Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti o‘rganmoqda.

Buxorolik Xursand Rajabova 44 yashar tadbirkor o‘g‘lini Milliy xavfsizlik xodimlari qiynab o‘ldirganini da’vo qilmoqda. Ozodlik bilan suhbatda Rajabova o‘g‘illari Rahim va Ilhom Ibodovlar o‘tgan yil avgust oyida qamalgani, bir oy o‘tib qamoqdan Ilhomning o‘ligi chiqqanini aytadi.

- O‘g‘limni SNB olib ketdi, 28 kun deganda o‘ldirib olib kelib berdi. O‘g‘limni qiynab, urib o‘ldirib olib kelib berdi. Shuncha vaqt o‘tdi, Ilhomjonni o‘ldirganlarga chora ko‘rilmayapti. Men Buxoro viloyati Milliy xavfsizlik xizmati boshqarmasi xodimlarini o‘g‘limni o‘limida aybdor deb bilaman, ular qonun oldida javob berishlari kerak, - dedi Ozodlik bilan suhbatda Xursand Rajabova.

Buxoro shahridagi “Sitora” avtomobilь bozorida tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan 44 yoshlik Ilhom Ibodov va uning akasi 48 yoshlik Rahim Ibodovlar o‘tgan yil 16 avgust kuni savdo qoidalarini buzganlik va noqonuniy valyuta oldi-sotdisini tashkil qilganlikda ayblanib, hibsga olingan edi.

Bir oy o‘tib Buxoro Milliy xavfsizlik boshqarmasi tergov izolyatoridan Ilhom Ibodovning o‘ligi chiqdi. Akasi Rahim Ibodov esa O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 189 – moddasi - Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, 243-modda - Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish¸ hamda 177-moddasi - Valyutani qonunga xilof ravishda olish yoki sotishda aybli topilib, sakkiz yilga qamaldi.

- Katta o‘g‘lim Rahimjonni nohaq ayblovlar bilan sakkiz yilga qamashdi. Qiynab, bo‘yniga qo‘yishgan. Ilohomjonni qiynab o‘ldirishgan, - deydi Xursand Rajabova.

Ilhom Ibodovning Ozodlikka yetib kelgan qamoqdan chiqqan jasadi suratlarida murdaning qorin va bel qismlarida ko‘kargan joylari va oyog‘ida jarohatlarini ko‘rish mumkin.

Marhumning onasi jo‘natgan suratlarni Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti o‘rganmoqda.

Marhumning singlisi Dilfuza Ibodova jasadda boshqa qiynoq belgilari ham bo‘lganini aytadi:

- Oyoq tirnoqlarini ichiga bigiz tiqilgani belgilari ham bor edi. Ikkita pochka, bel tarafi umuman ko‘karib ketgan, oyog‘ida shilingan joylari ham bor edi. Hozir sakkiz yilga qamalgan Rahim akam ham uning ko‘zi oldida Ilhom akamni qiynashganini aytib berdi. Ilhom akamni Rahim akamni oldida, Rahim akamni Ilhom akamning oldida qiynashgan, - deydi Dilfuza Ibodova.

Buxoro viloyat sud-tibbiyot ekspertizasi Ilhom Ibodov o‘limi sabablarini o‘rganib, mahbus tergov izolyatorida yurak xurujidan vafot etgan, degan xulosani chiqargan.

Marhumning singlisi Dilfuza Ibodova akasining yuragi bilan bog‘liq muammosi bo‘lmaganini aytadi.

- To‘g‘ri, yurak xurujidan, o‘z ajali bilan o‘ldi, deb bizga ham aytishdi. Lekin, biron marta akam yuragim og‘riydi, deb aytmagandi, - deydi Dilfuza Ibodova.

Fransiyada joylashgan "O‘tyuraklar klubi" inson huquqlari tashkiloti Buxorodagi ushbu qiynoqlar da’vosini o‘rganib, xalqaro tashkilotlarga taqdim etgan.

Tashkilot rahbari Mo‘’tabar Tojiboeva Ilhom Ibodov o‘limi yuzasidan tekshiruv o‘tkazilishini talab etmoqda:

- Hozir biz xalqaro tashkilotlar, qiynoqlarga qarshi kurashuvchi xalqaro tashkilotlar ko‘magi bilan Ibodov o‘limi yuzasidan surishtiruv o‘tkazilishiga erishmoqchimiz, - deydi Tojiboeva.

Tobutlar karvoni

Bu so‘nggi olti oy ichida Ozodlik o‘rgangan o‘zbek qamoqxonasidagi beshinchi o‘lim holatidir.

11 fevral kuni Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 64/48 sonli qamoqxonadan 44 yashar Doston Abdurahmonovning o‘ligi chiqqani haqda Ozodlik xabar berdi.

Diniy ayblovlar bilan qamalgan Abdurahmonovning qiynoqlardan vafot etgani aytilgan.

8 fevral kuni Ozodlik o‘g‘irlikda ayblanib 16 yilga qamalgan jizzaxlik 29 yoshli Shahob Mahkamovning mayiti Navoiydagi 64/46 sonli qamoqxonadan Jizzax shahrining Ko‘tarma mahallasidagi uyiga keltirilganini Ozodlik aniqladi.

Fevral oyi boshida esa Navoiydagi 64/46 sonli qamoqxonadan diniy ekstremistik guruhga a’zolikda aybdor deb topilib, 9 yilga qamalgan 42 yoshli Mahmudjon Hasanovning ham jasadi chiqqan edi.

Noyabr oyida 32 yoshli Ikromjon Nizomovning mayiti Toshkentdagi 64/18-sonli qamoq kasalxonasidan Andijonning Qorasuv shahridagi uyiga keltirilgani ma’lum bo‘ldi.

Qiynoqlar O‘zbekiston turmalarida va politsiya bo‘linmalarida juda keng tarqalgani aytiladi.

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga ko‘ra, qo‘lga olinganlardan iqrorlik ko‘rsatmalarini olish maqsadida ularni kaltaklash va zo‘rlash sistematik tus olgan.

Qo‘mitaga kelib tushgan arizalarga muvofiq, ba’zi hollarda hibsga olinganlar qiynoqlardan vafot etmoqda.

O‘zbekiston hukumati qamoqxonalarda qiynoqlar sistemati ekanini rad etib keladi.

O‘zbekiston rasmiylari iddaosicha, o‘tgan yilda mahkumlarni qiynoqqa solish holatlari bo‘yicha 61 ta shikoyat ko‘rib chiqilgan va shulardan 3 tasi o‘z tasdig‘ini topgan.

XS
SM
MD
LG