Линклар

logo-print

Ikki yuzdan oshiq mashinani soxta hujjat bilan pullagan guruh fosh qilindi. Buxoroda kollej direktori bir mavsumda 32 ming dollar pora oldi. Orolbo‘yidagi qirqqa yaqin darranda va parranda yo‘qolish xavfi ostida. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“Buxorolik kollej direktori bir mavsumda 32 ming dollar pora oldi”

Buxoro viloyati Qorako‘l tumani tibbiyot kolleji direktori lavozimida ishlagan ayol imtihon mavsumida jami 32 ming AQSh dollari miqdorida pora oldi (“Huquq”, 3 mart).

2005 yildan kollejda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan ayol 2015 yil aprelda direktorlikka tayinlangan. Qayd etilishicha, rahbarlik kursisiga o‘tirgan ayol tez aynigan.

Shu kollejda ishlaydigan eri xotini nafsning hiylasiga uchayotganini bilib tursa-da, uni yo‘ldan qaytarish o‘rniga jinoiy sherik bo‘lgan. Ismi oshkor etilmagan direktor pora olgan shaxslarning nomlarini daftarchasiga yozib borgan. Sudlanuvchilarga tegishli jazo tayinlangan.

“Elektrni ogohlantirishsiz uzib qo‘ygan elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlari jarimaga tortildi”

Toshkentning viloyatining Chinoz, Bo‘stonliq, Bo‘ka, Ohangaron, Zangiota, O‘rta Chirchiq, Oqqo‘rg‘on tumanlarida aholi ogohlantirishsiz elektr ta’minotidan uzib qo‘yildi (“Biznes Daily”, 2 mart).

Mazkur holatlar Davlat raqobat qo‘mitasi hududiy boshqarmasi tekshiruvida aniqlangan. Qonun buzilishlari yuzasidan Toshkent hududiy elektr tarmoqlari jamiyatiga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.

Bo‘stonliq, Bo‘ka, Chinoz va O‘rta Chirchiq tuman elektr korxonalari rahbarlariga nisbatan esa ma’muriy jarima qo‘llanilgan.

“O‘zbekistonda 200 dan oshiq mashinani soxta hujjat bilan pullagan jinoiy guruh fosh qilindi”

O‘zbekistonga Qirg‘izistondan noqonuniy yo‘l bilan avtomashina olib kirib, ularni soxta hujjatlar bilan mahalliy bozorda pullagan jinoiy guruh fosh qilindi (“Darakchi”, 3 mart).

Guruhga ashaddiy retsidivist sanalgan Habibullo Matisaev boshchilik qilgan. To‘daga Navoiy va Buxorodan ham vakillar qo‘shilgan. Jinoiy sxemaga ko‘ra, Koreyada ishlab chiqarilgan “Lasetti”, “Takuma” kabi avtomobillar chegara va bojxonani chetlab o‘tgan holda O‘zbekistonga olib kirilgan. So‘ng “Andijon invest hamkori” firmasi yordamida mashinalar sud hukmi bilan musodara etilgani hamda kimoshdida sotilgani haqida soxta hujjatlar tayyorlangan.

Soxta hujjatlarga asosan mashinalarga Navoiy viloyati yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limida davlat raqami olingach, ular mahalliy bozorda sotilgan.

Jinoiy guruh uch yil ichida 200 dan ortiq mashinani 9 milliard 129 million so‘mga pullagan. To‘da boshlig‘i H.Matisaev hamda “Andijon invest hamkori” firmasi rahbari Ulug‘bek Usmonov 10,6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Guruhning qolgan a’zolariga ham ozodlikdan mahrum etish jazosi berilgan.

“Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi qaynonasiga artistlik qilayotgan kelinlar masalasiga to‘xtaldi”

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasiga oilaviy muammolar yuzasidan ayollar tez-tez murojaat qilmoqda va ularni o‘rganishga anchagina vaqt ketyapti. (“Oila davrasida”, 3 mart).

Qo‘mita raisi Elmira Bositxonovaga ko‘ra, muammolarning mutlaq echimi ayollarni ma’rifatli qilishda.

“Nazarimda, bugungi kun ayolining ma’rifiy-ma’naviy darajasini yuksaltirmoq zarur. Bir misol: telekanallardagi seriallarni kuzatsak, qaynonalar kelinlariga baqirayotganini, kelinlar qaynonalariga “artistlik” qilayotganini, oilaga yolg‘on aralashtirayotganini ko‘ramiz. Bu holatlarning sababi ularning ma’rifat va mutolaadan biroz uzoqlashgani emasmi?!” degan Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova.

“Navoiy kon-metallurgiya kombinatidan antiqa yo‘l bilan tilla ma’dan o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan ishchilar qo‘lga olindi”

Navoiy kon-metallurgiya kombinati davlat korxonasiga qarashli 1-sonli gidrometallurgiya zavodining ikki ishchisi tilla ma’dan o‘g‘irligida ayblandi.

Navoiy ixtisoslashtirilgan prokurori Nodirbek Rahmonovning “Huquq” gazetasida yozishicha, shartli ravishda “Alibek Jalilov” deb atalgan ishchi 2014 yil aprelda sexning tegirmonidan tarkibida 60 gramm oltin (bahosi 5,3 milllion so‘m) bo‘lgan qum zarrachalarini noqonuniy yig‘ib oladi.

A.Jalilov bu bilan cheklanmay, 2015 yil 30 yanvar kuni yana o‘sha tegirmondan tarkibida 430,89 gramm oltin (bahosi 42,5 million so‘m) bo‘lgan 8,33 og‘irlikdagi ma’danli toshning suyuq bo‘tqasini gilamga to‘yintirgan holda olib chiqib ketishga harakat qiladi. Ammo qo‘riqlash xizmati tomonidan qo‘lga olinadi.

Sudlanuvchi A.Jalilov 5 yil, unga ko‘mak bergan boshqa ishchi 3,6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

“Orolbo‘yidagi 40 qa yaqin darranda va parranda yo‘qolish xavfi ostida”

Yaqingacha bioxilma-xilligi bilan mashhur bo‘lgan Orolbo‘yi mintaqasida o‘simlik hamda yovvoyi hayvonlar turi keskin kamayib bormoqda (“Xalq so‘zi”, 2 mart).

Jumladan, sut emizuvchilarning 12, qushlarning 26 va o‘simliklarning 11 turi butkul yo‘qolish xavfi ostida turibdi. Yuzaga kelgan murakkab vaziyat inobatga olinib, 2011 yilda “Baday-to‘qay” qo‘riqxonasi negizida Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati tashkil etildi. Rezervat hududida umurtqalilarning 356, o‘simliklarning 419 turi uchraydi. Ularning bir qanchasi Qizil kitobga kiritilgan.

“Ijtimoiy tarmoqqa kuniga 5 martadan ko‘proq rasm qo‘yish selfizm kasalligi boshlanganidan dalolat”

Yashin tezligida tarqalayotgan selfizm yoki selfomaniya giyohvandlik singari inson ongi va ruhiyatini parchalaydigan kasallik sanaladi (“Hurriyat”, 2 mart).

Ruhshunos Z.Sharipovaga ko‘ra, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga intilish, yaqin insonlar va tanishlar o‘rtasida o‘zining borligini eslatib turish selfining asosiy sabablaridandir.

“Kuniga odam o‘zini 5 marotabadan ko‘proq suratga tushirib, boshqalarga ko‘rsatishi, xususan, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishi selfizm kasalligining boshlanayotganidan va inson ruhiyatida salbiy o‘zgarishlar sodir bo‘layotganidan darak beradi”, deb hisoblaydi ruhshunos Z.Sharipova.

XS
SM
MD
LG