Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:18

Kievda Moskva prospektiga Bandera nomini berishmoqchi


Vox-Pop: Бандера кўчасими ёки Москва кўчаси?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:08 0:00

Vox-Pop: Bandera ko‘chasimi yoki Moskva ko‘chasi?

Kiev rasmiylari shahardagi Moskva prospekti nomini o‘zgartirib, unga millatchi ukrain yetakchisi Stepan Bandera nomini berishmoqchi. Bu esa Rossiyaning g‘azabini keltirishi aniq.

Bu Ukrainada “kommunistik va millatchi-sotsialistik totalitar tuzum ramzlarini taqiqlash” kampaniyasi doirasida qilingan mahalliy hukumatning navbatdagi qadami bo‘ladi. Ukrainaning Rossiya bilan aloqalari Moskva Qrimni anneksiya qilib olib, Ukraina sharqidagi ayirmachilarni dastaklay boshlaganidan keyin yomonlashdi.

Joy nomlarini o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiquvchi Kiev shahar kengashi Moskva ko‘chasi nomini o‘zgaritish taklifini ma’qullagan. Bu haqida Ukraina milliy xotira instituti direktori Volodimir Vyatrovich 2 mart kuni o‘z Facebook sahifasida yozdi. Vyatrovich ko‘cha nomini o‘zgartirishni ham aynan shu institut taklif qilganini bildirdi.

Vyatrovich bir kun avval maxsus komissiya shahar meri Vitaliy Klichkodan taklifni ommaviy talqin qilish uchun imkon yaratishni so‘raganini bildirdi. Agar Klichko bunday muhokamani boshlasa, bu jarayon ikki oyga cho‘zilishi mumkin.

Ukrainada 2015 yilning may oyida kuchga kirgan qonunga binoan 1917-1991 yillarda hukmronlik qilgan sovet hukumati jinoyatchi tuzum o‘laroq ko‘riladi.

Hozir Ukrainada sovet hukumati ramzlari va targ‘iboti man qilingan. Bu esa Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq bo‘lmagan barcha kommunistik yodgorliklarni yo‘q qilishni hamda sovet davri bilan bog‘liq nom berilgan ko‘cha va diqqatga sazovor joylarni qayta nomlashni talab qiladi.

Qonunda fashistlar Germaniyasiga ham aynan shunday munosabat bildirilgan. Ikkinchi jahon urushi davomida fashistlar Ukrainaning katta qismini egallab olgan.

Stepan Bandera milliy muxolifat yetakchisi bo‘lgan va ham fashistlar Germaniyasiga, ham sovet tuzumiga qarshi kurashgan.

Aksar ukrainlar, ayniqsa, mamlakat g‘arbida yashovchi ukrainlar Banderani ozodlik uchun kurashgan qahramon o‘laroq baholaydi. Ammo Rossiyada hamda Ukraina sharqida Bandera fashistlar bilan hamkorlik qilgan shaxs sifatida ko‘riladi.

2010 yili Ukraina prezidenti Viktor Yushchenko Banderaga Ukraina qahramoni unvonini bergan. Ammo prezidentning bu qarorini Yevropa parlamenti, Rossiya hamda yahudiy va polyak tashkilotlari qoraladi. Rossiya bilan ancha yaxshi munosabatda bo‘lgan navbatdagi prezident Viktor Yanukovich esa Banderaga bu unvonning berilishi noqonuniy ekanini aytdi va 2011 yil yanvarida Yushchenko qarori rasman bekor qilindi.

2014 yil fevralidagi Yevromaydon namoyishlari natijasida Yanukovich prezidentlikdan chetlatildi va Rossiyaga qochib o‘tdi. Uning o‘rniga kelgan g‘arbparast hukumatni Kreml “banderachilar” deb atab keladi. Rossiyada bu atama asosan ukrain millatchilariga nisbatan qo‘llaniladi.

Rossiya 2014 yilning mart oyida Ukrainaning Qrim mintaqasini harbiy kuch ishlatib anneksiya qilib olganidan beri sharqiy Ukrainada rossiyaparast ayirmachilarni qo‘llab kelayotgani uchun Kiev va Moskva aloqalari keskin yomonlashgan. Ukraina sharqidagi to‘qnashuvlarda 2014 yilning aprelidan buyon 9 mingdan ziyod odam halok bo‘ldi.

Rossiya agressiyasidan g‘azablangan Ukraina o‘zining sovet o‘tmishini yanada tezroq unutish uchun kurashib kelmoqda. “Dekommunizatsiya” qonunlariga binon Leninning bir necha haykali qulatildi, uning nomi bilan ataluvchi ko‘chalar qayta nomlandi.

XS
SM
MD
LG