Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:24

Hujjatini yo‘qotgan o‘shlik o‘smir yaqinlarini qidirmoqda


O‘zini Oybek Muhiddinov deb atayotgan o‘shlik o‘smir Atirau adaptatsiya markazi direktori G‘aliya Bijanova bilan.
O‘zini Oybek Muhiddinov deb atayotgan o‘shlik o‘smir Atirau adaptatsiya markazi direktori G‘aliya Bijanova bilan.

Atiraudagi Voyaga yetmaganlarni adaptatsiyalash markaziga 2015 yil 5 dekabrida olib kelingan Oybek Muhiddinovning yonida uning shaxsini tasdiqlovchi hech qanaqa hujjat yo‘q. Markaz direktori G‘aliya Bijanova o‘smir haqidagi barcha ma’lumotlar uning so‘zlariga tayangan holda yozib olinganini aytdi.

Bijanova xonim Oybek Muhiddinov hali balog‘at yoshiga yetmaganini aytib, Ozodlikning qozoq xizmati muxbiriga o‘smir bilan yakkama-yakka suhbat qurishga izn bermadi, biroq o‘smir avval aytib bergan ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

Markaz direktoriga ko‘ra, 17 yoshli Oybekni Voyaga yetmaganlarni adaptatsiyalash markaziga shahar temir yo‘l politsiyasi xodimlari olib kelganlar, chunki o‘smirning qo‘lida shaxsini tasdiqlovchi hech qanday hujjat bo‘lmagan.

Ora yo‘lda qolgan Oybek

Oybek Qirg‘izistonning O‘sh shahrida tug‘ilganini, onasi besh yoshga to‘lganda o‘lib ketganini, otasi uni amakisi Ulug‘bekka tashlab, ketib qolganini aytgan. G‘aliya Bijanova o‘smir ota-onasining ism va familiyasini to‘liq ayta olmaganini qayd etadi.

- Uning aytishicha, onasining oti Dilnoz(a) bo‘lgan, otasining oti esa Ergash bo‘lishi mumkin. Onasining siymosini elas-elas xotirlaydi, otasini esa mutlaqo eslolmaydi. Oybek 1 iyul kuni 18 yoshga to‘lishini aytayapti, - dedi G‘aliya Bijanova.

Oybek Muhiddinov Olmaotaga 12 yoshida otasining ukasi Ulug‘bek bilan birga kelgan. Keyinroq amakisi unga: “Novosibirskda ish topib, joylashib olganimdan so‘ng seni olib ketaman” deya va’da berib, Rossiyaga ketib qolgan.

G‘aliya Bijanovaga ko‘ra, Oybek 17 yoshgacha Olmaotada yashab, turli joylarda duch kelgan ishni qilib, qornini boqib kelgan. Atirauda yaxshi pul topish mumkinligini eshitgan o‘smir keyin bu shaharga yo‘l olgan.

- Markaz psixologi Oybek bilan gaplashdi. U bilan suhbatda o‘smir Olmaotada ta’qib-tazyiqqa uchramagani, uni hech kim kaltaklamaganini aytgan. Ba’zan ishlab topgan pulini berishmagan paytlar bo‘lgan ekan, lekin buning o‘rniga kiyim-kechak va yegulik berisharkan, - dedi Atiraudagi Voyaga yetmaganlarni adaptatsiyalash markazi direktori.

G‘aliya Bijanova Oybek Muhiddinov hech qachon maktabga bormagani, ammo ruscha yozishni bilishini aytadi. O‘smirning aytishicha, uning savodini Olmaotadagi ish beruvchilari chiqargan.

Bijanova xonimga ko‘ra, adaptatsiyalash markazi tartibiga muvofiq, ular Oybekni muassasada uch oydan ortiq tutib turolmaydi. Shundan kelib chiqqan holda u Qirg‘iziston Ta’lim va fan vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Qirg‘izistonning Qozog‘istondagi elchixonasiga xat bilan murojaat qilgan.

- 1 mart kuni bizga Qirg‘iziston elchixonasidan javob keldi. Ular Oybekni Olmaotadagi adaptatsiya markaziga o‘tkazishni so‘rashmoqda. Yaqinda biz uni bir pedagog hamrohligida Olmaotaga yuboramiz, - dedi G‘aliya Bijanova.

Qirg‘iz diplomatlari ko‘mak va’da qilmoqda

Qirg‘izistonning Qozog‘istondagi konsuli Almasbek Baybosovga ko‘ra, Oybek Muhiddinov to‘g‘risidagi ma’lumot elchixonaga taxminan 10 fevralda kelib tushgan. Keyin elchixona Oybekning shaxsini aniqlash uchun Qirg‘izistondagi davlat idoralariga so‘rovnoma yuborgan.

- U bilan telefon orqali suhbatimiz qisqa bo‘ldi, balki bu uning ruhiy holati bilan bog‘liqdir. U va tarbiyachisidan olgan ma’lumotlarimizga ko‘ra Qirg‘iziston idoralari qidiruv ishlarini olib bormoqda. Voyaga yetmagan bolaning fuqaroligi ota-onasining fuqaroligi aniqlanganidan keyin ma’lum bo‘ladi, - dedi Baybosov.

Konsulga ko‘ra, Oybek o‘z familiyasini har xil aytgan.

- U familiyasi Muhiddinov ekanini aytgandi, keyin o‘zini Ergashev deb tanishtirdi. Oybek Olmaotaga yetib kelganidan keyin diplomatlarimiz u bilan gaplashib ko‘rishadi. Hozircha uning qullikda bo‘lgani haqida gap yo‘q. U qaerda va qanday sharoitda ishlaganini aytib, ko‘rsatib berganidan keyin hammasi ayon bo‘ladi, - dedi Almasbek Baybosov.

Haqsiz mehnat muhojirlari

Olmaotadagi “Xalqaro huquqiy tashabbus” jamg‘armasi Ayna Sho‘rmanbaevaga ko‘ra, o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik mehnat muhojirlari ish beruvchi bilan rasmiy mehnat shartnomasi tuzmay ishlashi, keyin esa pulsiz va hujjatsiz vataniga qaytib ketolmasligi bilan bog‘liq holatlar ko‘p kuzatiladi.

- Ular orasida qurilishda, dalada, yemakxonalarda, xususiy uylarda ishlaydigan o‘smirlar ham bor. Vaqtincha ishlashga kelayotgan muhojirlar uchun vaziyat u qadar yaxshi tomonga o‘zgarmadi. Imtiyozlar faqat uy xo‘jaliklarida ishlash uchun kelayotgan muhojirlarga berilgan. Qozog‘iston fuqarosiga uy xo‘jaligi ishlari uchun shartnoma asosida besh nafargacha xorijlikni ishga yollashga ruxsat berilgan. Biroq bu talablar ham bajarilayotgani yo‘q, shuning uchun ham mehnat muhojirlari o‘z haq-huquqlarini himoya qilolmaydi. Asosiy muammo shunda, - deydi huquq faoli Ayna Sho‘rmanbaeva.

Huquq himoyachisiga ko‘ra, voyaga yetmagan muhojirlar mehnatidan noqonuniy ravishda foydalanishga oid holatlar uchrab tursa-da, bu borada sistemali statistika yo‘q.

- 2010-2012 yillarda biz odam savdosining muhtamal qurbonlari haqida so‘rov o‘tkazgandik. So‘rovda 1500 nafar respondent qatnashgan. So‘rov natijalari 114 kishi odam savdosi qurboni bo‘lganini ko‘rsatdi, bulardan 14 nafari o‘smirlardir. Shuning uchun ham odam savdosi bilan bog‘liq vaziyat qariyb o‘zgarmadi, deb aytishim mumkin, - deydi huquq faoli.

Ayna Sho‘rmanbaeva Qozog‘istondagi mehnat muhojirlari haqlarini himoya qilish ishiga davlat aralashishi lozim, deb hisoblaydi.

Migratsiya politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Qozog‘istonda xorijdan kelgan 133 ming nafar mehnat muhojiri qaydga olingan.

XS
SM
MD
LG