Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:04

Samarqandda militsiya xodimlari bir ayolni kaltaklab, mashina yukxonasiga solmoqchi bo‘ldi (VIDEO)


Samarqandlik mushtariy tushirgan bu fotoda militsiya xodimlari ayolni yerga yotqizib, tortqilayotganini ko‘rish mumkin.
Samarqandlik mushtariy tushirgan bu fotoda militsiya xodimlari ayolni yerga yotqizib, tortqilayotganini ko‘rish mumkin.

Samarqandda ikki nafar militsiya xodimi bir ayolni mashina yukxonasiga solishga urinayotgani tasvirlangan video Ozodlikka kelib tushdi. Samarqandlik mushtariymiz tasvirga tushirgan bu hodisa 2 mart kuni shahar ichki ishlar bo‘limi yonida sodir bo‘lgan. Samarqand viloyati va shahar ichki ishlar idoralari bunday hodisa yuz berganini mutlaqo inkor qilishdi. Lekin Ozodlikning mobil muxbiri videoda tasvirlangan voqea joyi aynan shahar ichki ishlar idorasi binosi oldida ekanini tasdiqlashdi. Militsiya xodimlarning fuqarolarga nisbatan jismoniy zo‘ravonligi holatlari O‘zbekiston uchun odatiy holdir.

Ozodlikning Samarqand shahridagi mushtariylaridan biri 2 mart kuni o‘zi guvoh bo‘lgan voqeani qo‘l telefoni yordamida video va fotoga tushirib, tahririyatimizga jo‘natdi.

Foto va video tasvirlarda ikki militsiya xodimi o‘rta yoshlardagi bir ayolni avval yerga yotqizib kaltaklagani, undan keyin esa oq rangdagi Nexia avtomashinasi yukxonasiga solishga urinayotgani aks etgan.

Икки милиция ходими аëл кишини машина юкхонасига солмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:14 0:00

14 soniya davom etgan videoda pushtirang ko‘ylakdagi ayolni barzangi militsiya xodimlari mashinaning orqa qismiga qarab sudrab olib boradi. Shundan keyin militsiya xodimlaridan biri yukxona eshigini ochadi. Militsyaichilar uni birinchi marta yukxonaga solishga uringan paytda ayol qichqirib, tipirchilay boshlaydi va militsiyachilar uni yerga tushirib yuborishadi. Shundan keyin ichki ishlar xodimlari ayolni yana yukxonaga solishga harakat qiladi va buning uddasidan chiqa olmaydi.

Yo‘lning bu chetidan, daraxtlar ortidan olingan video 14 soniya davom etgani bois, voqea nima bilan yakunlangani kadr ortida qolgan. Lekin video muallifi Ozodlik bilan yozma muloqot chog‘ida mazkur hodisa haqida so‘zlab berdi.

“Voqea shahar ichki ishlar bo‘limi oldida, OVIR ro‘parasida 2 mart kuni ro‘y berdi. Ayolning baqir-chaqirini eshitib, telefonim yordamida videoga ola boshladim. Ikkita ment ayolni rosa tortqilashdi avval, keyin mashina yukxonasiga solmoqchi bo‘lishdi. Lekin baribir buning uddasidan chiqa olmadi mentlar. To‘lopon bo‘lib ketdi. Odamlar to‘plana boshlagani uchun mentlar uni yukxonaga tiqish niyatidan qaytishdi. Odamlar to‘planganiga qaramasdan, hech kim ayolning tarafini olishga jur’at qila olmadi. Keyin bilsam, bu ayol tilamchilik qilib yurgan ekan. Mentlar avval uning yonidagi bolasini tortib olishgan ekan, shu sababli u baqir-chaqir qila boshlagan”, deydi samarqandlik mushtariy.

Uning yana aytishicha, militsiya xodimlari yo shahar ichki ishlar bo‘limi, yoki kirish, chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi xodimlari bo‘lgan.

Samarqand viloyati va shahar ichki ishlar idoralari xodimlari 2 mart kuni militsiya bo‘limi oldida bunday voqea ro‘y berganini mutlaqo inkor qilishdi. “Shahar militsiyasi yoki OVIRi oldida bunday voqea bo‘lgani yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas”, dedi viloyat ichki ishlar boshqarmasi mulozimi.

Lekin Ozodlikning Samarqanddagi mobil muxbiri voqea tasvirlangan videoni ko‘zdan kechirib, mazkur voqea aynan OVIR binosi ro‘parasida ro‘y berganini tasdiqladi.

“Bu shahar OVIR ro‘parasida bo‘lyapti. Orqa plandagi bino aynan OVIR. Uning orqasida shahar ichki ishlar bo‘limi bor. O‘ng tarafida bir mehmonxona bor”, dedi samarqandlik suhbatdosh.

Videodagi hodisa shahar OVIR ro‘parasida ro‘y berganini tasdiqlagan mushtariy o‘z so‘zlarini tasdiqlash uchun 4 mart kuni voqea joyiga borib, ayni rakursdan olingan rasmlarni jo‘natdi.
Videodagi hodisa shahar OVIR ro‘parasida ro‘y berganini tasdiqlagan mushtariy o‘z so‘zlarini tasdiqlash uchun 4 mart kuni voqea joyiga borib, ayni rakursdan olingan rasmlarni jo‘natdi.

Mobil muxbirimiz 4 mart kuni voqea joyiga bordi va video olingan rakursdan turib, olingan rasmlarni Ozodlikka jo‘natdi. Juma kuni olingan rasmlar ikki kun avvalgi video va foto tasvirlarga mos keldi.

O‘zbekistonda ichki ishlar xodimlarining fuqarolarga nisbatan jismoniy zo‘ravonligi odatiy holga aylangan.

Yanvar oyida Ozodlik Toshkentning Chorsu bozorida militsiya xodimlari tarafidan kaltaklangan va bu haqda hokimiyat idoralariga shikoyat qilgani uchun tuhmatda ayblanib sudga tortilayotganini iddao qilgan ayol haqida hikoya qilgan edi.

Undan avvalroq esa, Toshkentda jinsiy ozchilik vakillari militsiya xodimlari tarafidan qattiq kaltaklangani tasvirlangan video ham Ozodlik mushtariylari orasida eng ko‘p o‘qilgan va tinglangan maqolaga aylandi.

O‘z navbatida, so‘nggi paytlarda militsiya xodimlarining fuqarolar zo‘ravonligiga duch kelayotgani ham kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG