Линклар

Toshkentning qator mahallalari¸ xususan¸ Uchtepa tumanida joylashgan “O‘rikzor” mahallasida shahar MXX va IIBning Terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi vakillari uyma-uy kirib¸ diniy adabiyotlarni “ko‘zdan kechirmoqda”. Uyidan xorijda nashr etilgan diniy kitoblar¸ xususan Qur’on chiqqan xonadon egalari maxsus suhbat uchun rasmiy idoralarga olib ketilmoqda.

“O‘rikzor” ko‘chalaridagi formalilar ko‘paydi

Toshkentning ayni nomdagi yirik ulgurji bozori qarshisida joylashgan “O‘rikzor” mahallasida yashovchilardan biri o‘zi guvoh bo‘lgan voqeani Ozodlikka hikoya qilib berdi:

-Qo‘shnimnikiga kelishdi. Darvozani jiringlatishdi. Ikkita militsiya formasi kiygan¸ ikkita formasiz erkak turgan ekan. Yo‘lakka kirishdi. Xonadon egasining “Xizmat akalar?” degan savoliga biz Toshkent shahar MXX danmiz¸ deb bitta formasizi hujjat ko‘rsatdi. MMX da ishlashini tasdiqlovchi hujjat ekan. Keyin xonadon egasidan “Uyingizda Qur’on bormi?” deb so‘rashdi. “Ha”¸ degandan keyin¸ “Olib chiqing” deyishdi. Olib chiqqandan keyin¸ uni varaqlab birinchi va oxirgi varaqlarini tekshirishdi. “Bu o‘zimida chiqqan ekan¸ bunga ruxsat bor”¸ deyishdi. Keyin “Yotoqxonangizni ko‘rsak bo‘ladimi?” deb so‘rashdi. Yotoqqa kirib¸ uy egasidan bu yerni oching¸ tokchani ko‘rsating qilib¸ qarab chiqishdi. O‘zlari hech narsaga tegishmadi. Keyin podvalingizni ko‘rsating¸ deyishdi. Uniyam ko‘rsatishdi. Bunaqa tekshirish nima uchun qilinayotganini aytishmadi¸ hech qanaqa order ko‘rsatishmadi. Uyidan hech narsa chiqmaganidan keyin¸ bu tekshirishni hujjatlashtirmasdan¸ chiqib ketishdi¸ deydi Ozodlikka o‘rikzorliklardan biri.

Ushbu mahallada yashovchilardan yana biri o‘z shaxsi sir qolish sharti bilan joriy hafta “O‘rikzor” mahallasini “melisa” bosganini aytadi.

“Ikki kun oldin uyimning oldida to‘plangan 30 melisani o‘zim sanadim. Mahalladagilar qo‘rqib ketdi. Mahallamizda 1500 tacha xonadon bor¸ shundan har ikkitadan bitta uyga kirdi desam¸ xato bo‘lmas. Kirganlar tintuv uchun biror sanksiya yoki qaror ko‘rsatishmagan. Nima qidirishayotgani¸ nimaga ayni shu xonadondan qidirishayotganini ham aytishmagan. Odamlar ham MXXchiman deb melisa bilan kelgandan qo‘rqib¸ hujjat talab ham qilmagan. Gap-so‘zlarga qaraganda¸ bizning mahallamizda ishidchilarga aloqadorlarni qidirishayapti ekan. Kimning uyidan chetda chiqqan arabcha Qur’on chiqsa¸ egasini so‘roq-javobga olib ketishayapti ekan. Olib ketilganlar uyiga qaytibdi¸ deb eshitdim”¸ deydi o‘rikzorliklardan biri.

Bu suhbatdosh¸ reyd davomida “ko‘zdan kechirilgan” xonadonlarning qaysi asos bilan tanlanganini tushunish qiyinligini aytadi:

“Mahallamizda o‘ranganlar bor¸ lekin ko‘p emas. Faqat o‘ranganlarnikiga kirdi¸ deb ham bo‘lmaydi. Chunki institutda dars beradigan¸dindor bo‘lmagan qo‘shninikiga ham kirishdi. Bittasi “Nima asosda tekshirmoqchisizlar?”¸ degan ekan¸ Toshkent shahar hokimi va MXXning tegishli qarori bor¸ depti. “Ko‘rsak bo‘ladimi¸ shu qarorni” desa¸ o‘zicha bir narasalar o‘qib beribdi¸ lekin qo‘liga hech qanaqa qaror bermapti. Uyi tintilganlarga ham na bir qaror¸ na bir bayonnoma berishmapti. Odamlar qo‘rquvda. Kimlardir¸ mahalladan ikkita ayol Suriyaga borib kelgan ekan¸ shunga deyishayapti. O‘tgan hafta mahallamizdan eski bir Moskvich mashinasi o‘g‘irlangan. Bunaqa boy mahallada shuncha qimmat mashina turib¸ nega aynan eski Moskvichni o‘g‘irlashdi¸ o‘g‘irlaganlar uni portlatish uchun ishlatmoqchi shekilli¸ degan vahima tarqabdi. Kimdir bu reyd ana shu vahima bilan bog‘liq deydi. Lekin hech kim aniq bilmaydi”¸ deydi o‘rikzorlik manba.

“O‘rikzor” mahallasi joylashgan Uchtepa tuman hokimligiga yaqin manba¸keyingi kunlar davomida MXX va IIV ning Terrorchilikka qarshi kurash bo‘linmasi O‘rikzorda reyd o‘tkazganini tasdiqladi va uni shahar hokimi tavsiyasi bilan o‘tkazilayotgan diniy ekstremizmga qarshi navbatdagi ommaviy tadbir sifatida talqin etdi.

“Tadbir davomida ayrimlardan Xayrulla Hamidovning va’zlari yozilgan disklar musodara qilindi. Bittasining kompyuter protsessori terrorizm bolalari tomonidan tekshirishga olib ketildi. Nima chiqqanini bizga aytishmadi. O‘rangan xotin-qizlar radikal dindor emas¸ shunchaki modnitsalar ekan. Hozircha tadbir davomida qamalganlar yo‘q”¸ dedi Ozodlikning rasmiy tizimlardagi manbasi.

Reyd¸ tintuv¸ ko‘zdan kechirish yoki ommaviy tadbir?

Ozodlik “O‘rikzor” mahallasida yashovchilar tasvirlagan voqeaga huquqiy jihatdan baho berishni so‘rab huquqshunos Ruhiddin Komilovga murojaat qildi. Huquqshunos¸ guvohlar hikoyasidan bu jarayonning legal jihatdan aynan qanday tasniflanishi mavhum qolayotganini aytadi:

-O‘zbekiston konstitutsiyasi va qonunchiligida ko‘ra¸ uy-joy daxlsizligi¸ shaxs daxlsizligi degan normalar bor. Bu normalarga ko‘ra¸ biror tizim jiddiy asos va tegishli hujjatsiz odamlarni uyiga kirib¸ ommaviy tintuv-tekshiruv o‘tkaza olmaydi. Shubhali va gumonlanuvchi deb ko‘rilgan shaxsning uyini ko‘zdan kechiradimi¸ tekshiradimi yoki unda tintuv o‘tkazishidan qat’iy nazar¸ protsessual qonunchilikdan kelib chiqilsa¸ sudning aynan shu shaxs manzili ko‘rsatilgan ajrimi¸ surishtiruv organining qarori bo‘lishi shart. Lekin “O‘rikzor”dagi voqealar¸ guvohlar hikoyasidan kelib chiqilsa¸ protsessual qonunchilikka tushmaydi. Shuning uchun bunaqa ommaviy tintuv yoki ko‘zdan kechirishning qaysi asosda o‘tkazilayotgani¸ qaysi qonunchilikka ko‘ra qilinayotganini sharhlash qiyin¸ deydi huquqshunos Ruhiddin Komilov.

Huquq faollariga ko‘ra¸ o‘tgan yilning so‘nggi oylarida Toshkent shahri va viloyatida ishidga aloqadorlik aybi bilan 200 dan oshiq odam hibsga olingan va ularning qamoqqa olinishiga aynan kompyuter va mobil telefonidan ekstremistik mazmundagi diniy materiallar topilgani asos bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG