Линклар

logo-print

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining sobiq boshlig‘i, 51 yashar MXX sobiq polkovnigi Javdat Sharifxo‘jaev qayta sudlanib, qamoq jazosi 16 yilga uzaytirildi. O‘tgan yili qamoqqa olingan Sharifxo‘jaev dastlab 4 yil qamoq jazosiga mahkum etilgan edi.

MXX sobiq polkovnigi Sharifxo‘jaev noqonuniy tadbirkorlik, korruptsiya, ta’magirlik va o‘ta katta miqdorda davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda aybli deb topildi.

Ozodlikning O‘zbekiston davlat tizimlaridagi bir-biridan mustaqil manbalariga ko‘ra, MXX sobiq mulozimi Javdat Sharifxo‘jaev ustidan ikkinchi hukm o‘tgan yil oxirida O‘zbekiston Harbiy sudining yopiq majlisida o‘qilgan.

Sobiq polkovnik Javdat Sharifxo‘jaev jazoni o‘tash uchun Bekoboddagi UYa 64/21 koloniyasiga olib ketilgan.

Javdat Shavkatovich Sharifxo‘jaev 2009 yilning 28 avgustida O‘zbekiston mustaqilligining 18 yilligi arafasida "Shon-sharaf" ordeni bilan taqdirlangan edi. U MXX raisining sobiq birinchi o‘rinbosari general Hayot Sharifxo‘jaevning tug‘ishgan ukasidir.

Ozodlik manbasining aytishicha, O‘zbekiston O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi maxsus ajrim chiqarib, Javdat Sharifxo‘jaevni barcha orden, medal va boshqa unvonlardan mahrum qilgan.

Bu Javdat Sharifxo‘jaev ustidan keyingi bir yarim yil ichida o‘tkazilgan ikkinchi mahkamadir.

O‘lganning ustiga tepishmi yoki adolatni tiklashmi?

Ozodlik manbasining aytishicha, Milliy Xavfsizlik Xizmati raisining sobiq o‘rinbosari general Hayot Sharifxo‘jaev ishdan olinib, ustidan jinoiy ish ochilganidan keyin uning qamoqdagi ukasini “raskrutka” qilish “ehtiyoji” paydo bo‘lgan.

MXX va Xavfsizlik kengashida u Afg‘oniston va Tojikiston bo‘yicha mutaxassis hisoblangan MXX generali Shuhrat G‘ulomovning o‘tgan yil iyuldagi og‘zaki buyrug‘i bilan MXX polkovnigi Javdat Sharifxo‘jaev Bekoboddagi koloniyadan "raskrutka" qilish uchun Toshkentga olib kelingan edi, deydi manba.

Javdat Sharifxo‘jaev 2014 yil dekabrida ishdan olingan va noqonuniy tadbirkorlikka aloqadorlikda ayblanib, O‘zbekiston Harbiy sudi tarafidan nisbatan yumshoq 4 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. U Toshkent viloyati Bekobod tumanida xavfsizlik idoralari sobiq xodimlari saqlanadigan UYa 64/21-sonli jazoni ijro etish muassasasida o‘taëtgan edi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, sobiq MXX polkovnigining o‘sha paytda qudratda bo‘lgan akasi MXX raisining birinchi o‘rinbosari general Hayot Sharifxo‘jaev o‘z ukasini nomigagina qamatib, yil oxirida amnistiya qilish rejasida bo‘lgan.

Yana bir ma’lumotga ko‘ra¸ Javdat Sharifxo‘jaevga Bekobod qamog‘ida yaxshi sharoit yaratib berilgan. Boshqa manbalar tasdiqlamagan ma’lumotga ko‘ra, Javdat qamoqda qo‘l telefonidan foydalangan va u kamerada emas qamoqdagi uchrashuvlar uchun yasatilgan xonada istiqomat qilgan. Ayni ma’lumotni va Sharifxo‘jaevga oid boshqa tafsilotlarni Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi izohlamadi.

Nazarga tushgan aka-ukalar

Javdat Sharifxo‘jaevning “ishdan quvilgani" haqidagi ilk ma’lumot O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga nisbat berilgan maktubda ham keltirilgan edi.

Bu maktub 2014 yilning iyul oyida “The Russian Times” Internet nashrida o‘zini Asqar Qosimov deb atagan blogger tomonidan chop etilgan “O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizining hayoti va salomatligi xavf ostida” nomli maqolaga ilova qilingan edi.

Manbalarning aytishicha¸ Javdat Sharifxo‘jaev qamalishidan sal oldin uning qo‘l ostida ishlagan 12 nafar MXX zobiti qo‘lga olingan edi.

Bu 12 nafar MXX xodimi o‘tgan yili sudga tortilib, uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingani haqida Ozodlik ma’lumot bergan edi.

Ozodlik tasarrufidagi ma’lumotlarga ko‘ra, aka-uka Sharifxo‘jaevlar boshchiligidagi guruh MXX va boshqa kuch ishlatar tizimlar mulozimlaridan tortib, uyushgan jinoiy guruh vakillaridan iborat bo‘lgan. Mazkur guruhning xorijda, xususan Latviyada katta biznes manfaatlari bo‘lgan.

Mazkur guruhning asosiy figurantlaridan biri MXX polkovnigi va Interpolning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yuriy Savinkov ham o‘tgan yili qo‘lga olinib, uzoq yillik qamoq jazosiga hukm etilgan edi.

MXX ichida davom etayotgan ov natijasida yana 8 zobit qamaldi

O‘zbekiston maxsus xizmatlariga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha¸ shu kunlarda yana 8 nafar MXX zobiti qamoqqa olingan.

"Qamalganlarning hammasi katta rutbali va MXXning Toshkentdagi markaziy idorasida ishlaydigan zobitlardir. Bular O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati raisining ishdan olingan o‘rinbosari sobiq general Hayot Sharifxo‘jaev bilan bog‘liq korrupsiya jinoyatlarini tekshirish doirasida qo‘lga olindi", dedi Ozodlik manbasi.

Uning yana aytishicha¸ o‘tgan oyda Hayot Sharifxo‘jaevning qarindoshlari chet elga uchib ketayotganida uchoqdan tushirib qolidirilgan.

"Ularga “O‘zbekistonni tark etishi maqsadga muvofiq emasligi” tushuntirilganidan keyin uyiga qo‘yib yuborilgan “Qarindoshlarga OVIR vizasini rasmiylashtirgan mulozimga intizomiy chora ko‘rilgan”, dedi manba.

O‘tgan yili Hayot Sharifxo‘jaevning "tug‘ishgan jiyani" O‘zbekiston Adliya vazirligi Sud departamenti Toshkent shahar hududiy boshqarmasining sobiq boshlig‘i Jahongir G‘ulomov hibsga olingan edi.

Ozodlik 2014 yilda qamoqqa olingan o‘ndan ortiq MXX zobitlarining hozirda ishdan chetlashtirilgan MXX generali Hayot Sharifxo‘jaevga aloqador ekaniga doir qator maqolalarni o‘z vaqtida e’lon qilgan.

Qiynoq qo‘llagan generalni qarg‘ish urdimi

Ozodlikning yana bir manbasi esa “Hayot Sharifxo‘jaev va unga tobe’ xodimlar turma loxmachlari ko‘magida mahbuslarni o‘ta noinsoniy tarzda qiynagani faktlari ochilganligini” ta’kidladi.

Unga ko‘ra¸ general Hayot Sharifxo‘jaev ishdan olinishi keyingi bir yil ichida Milliy Xavfsizlik Xizmatining o‘nlab nufuzli zobitlari ishdan olinib, uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etilishi ortidan kutilgan tabiiy jaraëndir.

"Jinoyat olamida Husan Moskovskiy deya tanilgan avtoritet ham qamoqqa olingach, eng avvalo Hayot Sharifxo‘jaevga qarshi ko‘rsatma bergan", dedi bu manba.

Generalni qiya qilgan "qaxramon" general

Ozodlik manbalarining aytishicha¸ bu voqeani MXXning yana bir generali Shuhrat G‘ulomov boshqarayotgan guruhning g‘alabasi sifatida malakalash mumkin.

Ozodlik tasarufidagi hujjatlarda Shuhrat G‘ulomov O‘zbekiston MXXsini tamsil qilgan rahbar sifatida Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Abdil Segizbaev bilan uchrashgani haqida ma’lumot beriladi.

Bu esa bir vaqtlar Hayot Sharifxo‘jaev bilan yovlashib, martabasi pastlatilgan mulozimning O‘zbekiston MXX tizimining eng qudratli mulozimiga aylanganidan dalolat.

Sobiq MXX xodimiga ko‘ra¸ keyingi bir yildan ortiq vaqt ichida MXXning ikki generali – Hayot Sharifxo‘jaev va Shuhrat G‘ulomovlar boshqarayotgan ikki guruh MXXda ustuvor mavqega ega bo‘lish uchun kurash olib borgan.

Iddao qilinishicha, Hayot Sharifxo‘jaev guruhi O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri, Shavkat Mirziyoevning manfaatlarini tamsil etgan.

Yana bir MXX generali Shuhrat G‘ulomov esa, O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova tarafdori ekani aytiladi.

Yovlashayotgan bu ikki generalning 2005 yil 13 may kuni Andijonda yuz bergan isyonni bostirish paytida rahbariyat nazariga tushib¸ mansab zinapoyalaridan ko‘tarilgani haqida ma’lumotlar bor.

Hayot Sharifxo‘jaev O‘zbekiston mustaqilligining 16 yilligi arafasida “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan edi.

U MXX zobitlari va turli pog‘onadagi rahbarlar haqida kompromatlarga ega bo‘lgan ikkinchi rahbar hisoblangan.

O‘z ismi sir qolishini istagan MXX sobiq xodimlaridan birining aytishicha¸ xavfsizlik xizmatining barcha xodimlari, birinchi navbatda, Sharifxo‘jaevdan, undan keyin esa MXX Raisi Inoyatovdan qo‘rqqanlar.

Ozodlik suhbatdoshlari nazarida, “qudratli” Sharifxo‘jaev MXXning yana bir generali G‘ulomov tarafidan “ustalik bilan olib borilgan taktik” kurash qurboni bo‘lgan.

MXX generali Shuhrat G‘ulomov o‘z faoliyatini Surxondaryo viloyati MXX boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan boshlagan.

MXX va Xavfsizlik kengashida u Afg‘oniston va Tojikiston bo‘yicha mutaxassis hisoblangan.

2005 yilda Andijon shahrida norozilikni bostirish amaliëtidan so‘ng G‘ulomov Islom Karimovning e’tiboriga tushgani aytiladi.

General G‘ulomov Andijon fojialaridan so‘ng "O‘zbekiston qahramoni" unvoniga sazovor bo‘lgan.

Ortiqcha g‘ayrat

2014 yilda prezidentning qizi, Gulnora Karimova, Turkiyaning “Hurriyat” nashriga bergan intervyusida Hayot va Javdat Sharifxo‘jaevlarning korrupsiyaga arlashganini ta’kidlagan edi.

Sal o‘tib Gulnora Karimova Bilan jurnaliga bergan intervyusining to‘liq varianti deb taqdim qilingan matn ham MXX raisining o‘rinbosari Hayot Sharifxo‘jaevning korrupsion oldi-berdilarini “fosh qiladi”.

Ozodlik manbalari Gulnora Karimova Twitter orqali e’lon qilgan yozuvlar va matubuotga bergan intervyularida ismi zikr bo‘lgan mulozimlarning ishi “chappa ketayotgani”ga e’tibor qaratadi.

MXX sobiq xodimiga ko‘ra¸ O‘zbekiston prezidentining qiziga tegishli mol-mulklarni musodara qilish jarayonida qatnashgan mulozimning qamoqqa olingani ko‘p narsaga ishora qiladi.

XS
SM
MD
LG