Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:23

Grozniyda Ruslan Chagaevni qo‘llash uchun Yulduz Usmonova ringga tushdi


Chechenistonda "Ahmat" boks klubida o‘tgan jangda o‘zbekistonlik bokschi Ruslan Chagaev avstraliyalik Lukas Braunga qarshi jangda mag‘lub bo‘ldi. Bu jangda o‘zbekistonlik sportchini prezident Ramzan Qodirov va ringda O‘zbekiston gimnini kuylagan Yulduz Usmonova qo‘lladi. Qodirov Instagram sahifasida har ikki o‘zbekistonlikning o‘z yurtini madh etganini alohida urg‘uladi.

Ruslan nokaut bo‘ldi

"Ahmat" boks klubi nomidan jang qilib kelayotgan Chagaev 5 mart kuni Grozniyda raqibi Lukas Braunga qarshi ringga O‘zbekiston bayrog‘i ostida tushdi.

Avvaliga ketma-ket zarbalari bilan tomoshabinlar olqishini qozongan Ruslan 6 raundda raqibini nokdaunga uchratdi. Ammo, raqibi oyoqqa turdi va o‘ninchi raundda Chagaevni texnik nokaut bilan yiqitdi.

Shu tariqa, o‘ta og‘ir vazn toifasida jahon chempioni kamarini saqlab kelayotgan Ruslan Chagaev Grozniydagi jangni raqibiga boy berdi.

WBA yo‘nalishi bo‘yicha o‘ta og‘ir vaznda doimiy jahon chempioni bo‘lib kelayotgan 37 yashar Chagaevning hisobida 33 g‘alaba, 3ta mag‘lubiyat va 1 ta durang natija yig‘ildi.

Ringdan qaynoq xabarlar

Chagaevni "birodarim Ruslan" deb atagan Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov jangga oid xabarlarni videolavhalari bilan peshma-mesh Instagram sahifasida berib bordi.

Avval aytilganidek boks oldidan O‘zbekiston Xalq artisti Yulduz Usmonova chiqish qildi. Sport kiyimida ringga tushgan xonanda O‘zbekiston gimnini kuyladi.

Ramzan Qodirov har ikki o‘zbekistonlik sha’niga tinimsiz maqtovlar yog‘dirarkan, ularning "O‘zbekistonga muhabbati cheksiz ekani"ni qayta va qayta ta’kidladi:

"Safiya" tantanalar saroyida Ruslan kutilmagan sovg‘ani oldi - uni qo‘llash uchun o‘zbek estaradasi yulduzi, millionlarning sevimli xonandasi, O‘zbekiston Xalq artisti va Qozog‘iston, Turkmaniston va Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Usmonova keldi. U O‘zbekiston haqidagi ommabop "Davom-davom" qo‘shig‘ini kuyladi. Ruslan bundan yanada ruhlandi. Ishonchim komil, u sahnada, go‘yoki, uni qo‘llagan butun O‘zbekistonni ko‘rganday bo‘ldi. Uning vatani - bu O‘zbekistonidir!" deb yozdi Ramzan Qodirov.

Ramzandan Karimovga mujdalar

Ramzan Qodirov O‘zbekistonga muhabbatni zo‘r berib ta’riflagan har ikki o‘zbekistonlik - bokschi Ruslan Chagaev va xonanda Yulduz Usmonovlar ayni paytda o‘z yurtida taqiqlanganlar ro‘yxatidagi taniqli shaxslardir.

Ruslan Chagaev bundan 10 yilcha muqaddam o‘z oilasi bilan O‘zbekistonni tark etgan va buning sabablari o‘sha vaqtda prezidentning yurtida yulduzi porlagan tng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan sevgi mojarolariga bog‘langan edi.

Grozniydagi 5 mart kungi boks haqida maqola yozgan o‘zbekistonlik jurnalist Aleksey Volosevich o‘shanda Chagaev aynan Gulnora Karimova bilan bog‘liq mojarolardan qochib, Germaniyaga ketgani va so‘ngroq, hatto, ajrashgani haqida maqolalar yozilgan oilasini olib chiqqanini xotirladi.

Ma’lumki, uni qo‘llash uchun Chechenistonga borgan xonanda Yulduz Usmonova ham so‘nggi bir necha yildan beri katta sahnalardan tushirilgan.

Ramzan Qodirov har ikki o‘zbekistonlik yulduzning Grozniydagi chiqishni olqishlarkan, ayni paytda "ularning qilmishidan pushaymon ekaniyu, istalgan vaqtda yurtiga qaytishga shay ekaniga ishorat berdi", deb yozdi AsiaTerra blogi muallifi Volosevich.

10 yilcha muqaddam O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lgan andijonlik Ruslan Chagaev uch yildan buyon Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning otasi nomi bilan yuritiladigan "Ahmat Hoji Qodirov" boks klubi nomidan jang o‘tkazib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG