Линклар

4-mart kuni kechasi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Bishkekdagi Bosh idorasida chiqqan yong‘in turli mish-mishlarga sabab bo‘lmoqda. Milliy xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in elektr simidan chiqqan va idoraning olti xodimi tan jarohati olgan. Ayni paytda mutaxassislar yong‘in be’etiborlikdan kelib chiqqanini aytsa, idora yaqinida istiqomat qiluvchi aholi imoratdan portlash ovozi eshitilganini aytmoqda.

Juma kuni kechki soat 21dan keyin Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bosh binosida sodir bo‘lgan yong‘inda bitta xona yonib ketdi. Shu sababli binoning elektr energiyasi to‘liq o‘chirilgan.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bosh idorasi atrofidagi ko‘chalar qurshab olingan va yong‘in boshqa yerlarga ko‘chishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rilgan:

- Yong‘in natijasida olti nafar harbiy xodim turli jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizildi. Hozir ularning ahvoli yaxshi. Tergov boshqarmasi bilan bog‘langanimizda, hech qanday arxiv materiallar kuymagani va o‘ta muhim hujjatlarga zarar yetmaganini aytishdi, - deydi Milliy xavfsizlik xizmati matbuot kotibi Raxat Sulaymanov.

Milliy xavfsizlik xizmati rasmiysi yong‘in chog‘ida portlash bo‘lgani to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarni inkor qildi. Bino yaqinida istiqomat qiluvchi odamlar portlash ovozini eshitganini aytmoqda.

Yong‘in chiqqan joyga yaqin ko‘chada yashovchi Lyubov Ivanova xozirgacha xavfsirayotganini aytsa, o‘zini Leonid deb tanishtirgan yana bir bishkeklik qattiq ovozni eshitib, mashina to‘qnashib ketdi, deb o‘ylaganini aytadi:

- Qattiq ovoz chiqdi, men katta yo‘lda yuk mashinalari urishib ketdi, mashina baloni portladi, deb o‘yladim. Biroq ko‘p o‘tmay yong‘inga qarshi kurash xizmati mashinalari va militsiya mashinasi sirenalari eshitildi. Shundan keyingina binoda yong‘in bo‘lganini bildim, - deydi Leonid.

Qirg‘iziston Favqulodda holatlar vazirligi qoshidagi yong‘inga qarshi kurash davlat agentligi rahbari Nurjan O‘smonaliev Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga barcha hujjatlar Milliy xavfsizlik xizmatiga berilgani, biroq boshqa ma’lumotlarni ochiqlay olmasligini bildirgan:

- Bizdagi tegishli ma’lumotlarning barchasini Milliy xavfsizlik xizmatiga berdik. Yong‘in joyiga qancha mashina bordi, yong‘in soat nechchida o‘chirildi, barcha hujjatlarni ularga o‘tkazdik. Biz yong‘in bo‘yicha biron bir ma’lumot aytolmaymiz, - dedi Nurjan O‘smo‘naliev.

Qirg‘izistondagi taniqli siyosatchilardan biri Azimbek Beknazarov yong‘in to‘g‘risida turli mish-mishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun bu voqeani diqqat bilan o‘rganish lozim, deb hisoblaydi. Unga ko‘ra:

- Bizning Milliy xavfsizlik xizmatida kimlar ishlamadi?1 Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimlari ham o‘sha yerda yuradi. MXXda hozir o‘zaro kelishmovchiliklar bor. Xodimlar orasida kelishmovchilik bo‘lsa, shu kabi so‘zlar tarqaladi. Men yong‘inning asl sabablarari aniqlanishiga ishonmayman, bu ishni asta-sekinlik bilan to‘xtatib qo‘yishadi, - deydi Azimbek Beknazarov.

Biroq MXX rasmiysi Rahat Sulaymanov yaqin kunlarda yong‘in sabablari aniqlanishi va aybdorlar jazolanishini aytdi.

Mazkur yong‘in Qirg‘izistonda kuch tizimi idoralarida yong‘in chiqishi bo‘yicha birinchi holat emas. Shu yilning 27-fevralida Jalolobod shahar prokuraturasida yong‘in chiqib 450 metr kvadrat kattalikdagi bino kuyib ketgan. Natijada prokuroturaga kelib tushgan hujjatlarning bir qismi kuygani ma’lum qilingan.

2015-yilning iyulida Chuy viloyat sudida yong‘in chiqqan. Yong‘in natijasida 2010 yil aprel voqealari chog‘idagi o‘g‘irliklar to‘g‘risidagi hujjatlar kuygani to‘g‘risida ma’lumot paydo bo‘lgan.

2010-yil aprel inqilobi chog‘ida Qirg‘iziston Bosh prokuroturasi binosi yondirilib, ko‘plab hujjatlar kuyib ketgan. Bino esa bugungacha ta’mirlanmagan, aybdorlar topilmagan.

XS
SM
MD
LG