Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:40

Shvetsiyada Obid qoriga suiqasd yuzasidan yana bir o‘zbek qidiruvga berildi


Shvetsiya matbuoti Obid qori Nazarovga suiqasd tergovi bilan shug‘ullanayotgan prokuror talabi asosida 37 yashar Rossiya fuqarosini xalqaro qidiruvga berdi. Xabarda yonida Rossiya pasporti bo‘lgan bu shaxsning ismi va millati keltirilmadi, ammo Shvetsiyadagi manbalar bu "Tigran Kaplanov" laqabli shaxs ekanini iddao qilmoqda. Dovudxon Obidxon o‘g‘liga ko‘ra, bu shaxsning nomi suiqasdga oid mahkamada boshdan beri tilga olinmoqda.

Shvetsiya matbuoti asli o‘zbekistonlik bo‘lgan yana bir 37 yashar shaxs xalqaro qidiruvga berilganini xabar qildi.

Svt.se teletarmog‘i bergan xabarga ko‘ra, 4 mart kungi mahkama qarori bilan qidiruvga berilgan shaxs Rossiya fuqarosi sifatida qidirilmoqda. Ammo, tergovga uning asli o‘zbekistonlik ekani ma’lumdir.

Ismi va millati ochiqlanmagan shaxs Shvetsiyadan boshpana olgan o‘zbekistonlik ulamo Obid qori Nazarovga nisbatan suiqasd urinishini uyushtirishda gumon qilinmoqda.

Obid qoriga suiqasd ishi bo‘yicha tergovni davom ettirayotgan prokuror Krister Peterson shved matbuotiga bergan intervyusida bu shaxsning Rossiyada ekanini taxmin qilishi, bu holda uning Shvetsiyaga ekstraditsiya qilinishi lozimligini urg‘uladi, ammo buning oson kechmasligini e’tirof etdi.

Shvetsiyadagi manbalarning iddao qilishicha, ismi ochiqlanmayotgan bu shaxs ayblov xulosasida va suiqasd ijrochisi, deb topilgan o‘zbekistonlik Yuriy Jukovskiy ustidan mahkamalarda nomi ko‘p bora tilga olingan "Tigran Kaplanov" ismli shaxsdir.

Ozodlik bilan suhbatda Dovudxon Obidxon o‘g‘li bu ismning mahkamalarda tilga olinganini tasdiqladi va "Tigran Kaplanov"da O‘zbekiston pasporti ham borligi sudda tilga olinganini qo‘shimcha qildi.

Bunga qadar bu shaxsning nomi Istanbulda o‘zbekistonlik imom Abdulloh Buxoriyga nisbatan suiqasd ustidan borayotgan mahkamaga oid xabarda tilga olindi.

Turkiyadagi nufuzli Yeni Shafak gazetasida bosilgan “Tepkini bosganga 200 ming dollar berildi” sarlavhali maqolada iddao qilinishicha, Istanbulning Baqirko‘y tumanidagi og‘ir jazo mahkamasida bo‘layotgan sudda “Tigran Kaplanov” laqabli Umid Aminov qotilliklarni pul bilan ta’minlagan tashkilotchi sifatida ilgari surilgan. Bu ma’lumotni Baqirko‘y mahkamasi matbuot xizmati Ozodlikka tasdiqlagan.

Shvetsiya matbuotidagi xabarlarida aytilishicha, qidiruvga berilgan shaxsning Obid qoriga suiqasd ijrosi bilan shug‘ullangan Yuriy Jukovskiy hisob raqamiga pul o‘tkazgani yuzasidan da’volar tergov qilinmoqda.

Suiqasdning ijrochisi, sifatida aybdor topilgan O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Jukovskiyga Shvetsiyaning Sundsval shahar sudi 1 mart kuni umrbod qamoq jazosini berdi.

Shvetsiya prokurori Krister Petersson ayblov xulosasida O‘zbekiston hukumatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ayblamagan bo‘lsa-da, Jukovskiy suiqasdni “O‘zbekiston hukumati buyrug‘iga ko‘ra” amalga oshirgani xususidagi iddaolarni ilgari surganini bildirgan.

57 yoshli Obid qori Nazarov 2012 yilning 22 fevralida Shvetsiya shimolidagi Stromsund shaharchasida o‘z uyi yo‘lagida noma’lum shaxs tomonidan otib ketilgan. O‘zbekiston hukumatining ashaddiy tanqidchilaridan bo‘lgan Obid qori Nazarov hamon og‘ir ahvolda shifoxonada yotibdi.

XS
SM
MD
LG