Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:30

Gruziyada Rossiyadan gaz sotib olinishiga qarshi namoyish o‘tkazildi


Yakshanba kuni Gruziya poytaxti Tbilisida minglab odamlar gruzin hukumati Rossiyaning “Gazprom” shirkati bilan muzokaralar o‘tkizayotganidan norozilik bildirib, namoyish o‘tkazdi.

Norozilar Rossiya elchixonasidan hukumat uyigacha bo‘lgan 7 kilometrli masofada qo‘l ushlashib, jonli halqa tashkil etdi. Namoyishchilar Gruziya “Gazprom”dan gaz sotib olsa, mamlakat Rossiyaga qaram bo‘lib qolishidan tashvish bildirdi.

Miting sobiq prezident Mixail Saakashvili asos solgan Yagona milliy harakat partiyasi tomonidan uyushtirildi. Mazkur partiya Rossiya “Gazprom” vositasida Gruziyani G‘arb bilan mustahkam aloqalar o‘rnatishiga to‘sqinlik qilmoqda, deb hisoblaydi.

Parlament deputati David Bakaradze muxolifat bosimi ortidan hukumat Rossiyadan gaz sotib olish rejasidan qaytganini bildirdi.

Gruziya 2008 yil avgustida ayrimachi Janubiy Osetiya masalasida Rossiya bilan 5 kunlik urushini boshidan o‘tkazgan. Shundan so‘ng Rossiya Gruziyaning ayrimachi Abxaziya va Janubiy Osetiya mintaqalarini mustaqil davlat sifatida tan olgan edi.

XS
SM
MD
LG